Jahon | 07:36 / 23.11.2022
11506
5 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada Rossiyaning taslim bo‘lgan harbiylariga xiyonat qilish bo‘yicha ish ochildi

Tekshiruvga ikkita rezonansli video sabab bo‘ldi: rossiyalik harbiylarning taslim bo‘lishi, ulardan biri o‘t ochishi va o‘ldirilgan rus askarlari.

Foto: AFP

Luhansk viloyati prokuraturasi rossiyalik harbiy xizmatchilarning xiyonat qilish ehtimoli haqidagi ma’lumotlarni sudgacha bo‘lgan tergovlarning yagona reyestriga kiritdi. Bunga biri ukrainalik askarlarga qarata o‘t ochgan rus askarlarining taslim bo‘lish jarayoni aks ettirilgan ikkita video va halok bo‘lgan rus askarlari tasviri sabab bo‘lgan. Bu haqda 22 noyabr, seshanba kuni Ukraina Bosh prokuraturasi saytida ma’lum qilindi.

Urush qonunlari va urf-odatlarini buzish (Ukraina Jinoyat kodeksining 438-moddasi 1-qismi) moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. «OAV monitoringi natijalariga ko‘ra, Luhansk viloyatining Makiyivka qishlog‘ida rossiyalik harbiylar Ukraina Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lish bahonasida ukrainalik himoyachilarga qarata o‘t ochgani ma’lum bo‘ldi. Bunday harakatlar xalqaro gumanitar huquq bilan taqiqlangan», - deyiladi Ukraina mahkamasining Jyeneva konvensiyalariga qo‘shimcha protokolning 37-moddasiga ishora qilgan bayonotida.

Xalqaro huquqqa ko‘ra, xiyonat qilish, ya’ni hujum uchun taslim bo‘lish yo‘li bilan dushmanni o‘ldirish, jarohatlash yoki qo‘lga olish taqiqlanadi.

Ukraina mahkamasi ukrainalik harbiylarga nisbatan, ulardan birining xiyonati uchun qasos sifatida taslim bo‘lgan barcha rus askarlarini o‘ldirishi mumkinligi haqidagi gumonlarga izoh bermadi.

18 noyabr kuni Telegram kanallarida Luhansk viloyatining Makiyivka punktida rossiyalik harbiy asirlarning taslim bo‘lgani tasvirlangan ikkita video paydo bo‘ldi. Birinchi videoda jang paytida u yerda yashiringan rossiyalik harbiylar shaxsiy uydan chiqib, ukrainalik harbiylar buyrug‘i bilan binoga kirish eshigi oldida yerga yotib olishadi. Bino devori ortidan oxirgi bo‘lib qora kiyimdagi odam paydo bo‘lib, u avtomatik quroldan Ukraina jangchilari tomon o‘q uzadi, shundan so‘ng yozuv uzilib qoladi.

Ikkinchi video xuddi shu hovlida havodan suratga olingan. Kadrlarda 12 nafar harbiy kiyimdagi jasadlar qon izlari bilan yerda yotganini ko‘rish mumkin. Aftidan, bular birinchi videoda yerda yotgan odamlardir.

Videoni e’lon qilgan kremlparast «Rybar» Telegram kanali mualliflarining ta’kidlashicha, rossiyalik askarlardan biri taslim bo‘lib, ukrainalik harbiy xizmatchilarga qarata o‘t ochgandan so‘ng, «Ukraina Qurolli kuchlari barcha harbiy asirlardan o‘ch olishga qaror qildi».

Conflict Intelligence Team (CIT) tahliliy guruhi asoschisi Ruslan Leviyev rossiyalik askar haqiqatda urush jinoyati - xiyonat qilganini da’vo qilmoqda. U o‘zini taslim bo‘lishga tayyordek ko‘rsatdi, lekin o‘t ochdi. Biroq, Rossiya harbiylarining otishma boshlagani Ukraina Qurolli kuchlariga boshqa rossiyaliklarni o‘ldirish huquqini bermaydi, dedi Leviyev.

The New York Times gazetasi videolarning haqiqiyligini tasdiqladi. Nashrning ta’kidlashicha, e’lon qilingan videoroliklardan rossiyalik askarlarning qanday va nima uchun halok bo‘lgani haqida aniq xulosa chiqarish mumkin emas. Harbiy jinoyatlar bo‘yicha sudlov eksperti Iva Vukusichning NYT'ga aytishicha, ukrainalik harbiylarning harakatlarini tasniflash yerda yotgan ruslar qachon o‘ldirilganiga bog‘liq: rus askaridan keyin boshlangan otishma paytida, taslim bo‘lish, o‘t ochish yoki undan keyin.

Rossiya Mudofaa vazirligi ukrainalik harbiy xizmatchilarni harbiy jinoyat sodir etishda aybladi. Rossiya Tergov qo‘mitasi ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ldirish, harbiy asirlarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lish va qurolli mojaroda taqiqlangan vositalar va usullarni qo‘llash moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyakning aytishicha, Ukraina rasmiylarida «Rossiya harbiylarining bir qismi haqiqatan ham taslim bo‘lmoqchi bo‘lgan, ba’zilari esa o‘t ochgan» videoning to‘liq versiyasi bor, u xiyonatni isbotlaydi. U Ukraina yaqin orada tergov tafsilotlarini e’lon qilishiga va’da berdi. Kremlning ta’kidlashicha, Rossiya «ushbu jinoyatni sodir etganlarni qidirish bilan o‘zi shug‘ullanadi».

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid