Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shols: Germaniya Ukrainaga qurol yetkazib berishda davom etadi
Germaniya hukumati rahbari Olaf Shols Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan urushi to‘xtamaguncha, Ukraina Qurolli kuchlarini zarur qurollar bilan ta’minlashga va’da berdi.
Germaniya kansleri Olaf Shols 23 noyabr kuni Bundestagda 2023 yilgi budjet loyihasi to‘g‘risida muhokamalar bo‘yicha so‘zga chiqdi. «Aynan mana shu hukumat – o‘n yillik davlat amaliyotiga zid ravishda – Ukrainani kunlik jasoratli mudofaa kurashida zarur bo‘lgan qurollar bilan qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi», dedi u.
«Bizning eng yaqin ittifoqchilarimiz bilan yelkama-yelka, - deya qo‘shimcha qildi sotsial-demokratik kansler, - Biz buni ma’nosiz, shafqatsiz, jinoiy urush to‘xtatilmaguncha qilamiz».
Germaniya hukumati rahbari yana bir bor Rossiyani bu urushni to‘xtatishga chaqirdi va yaqinda Indoneziyada bo‘lib o‘tgan G20 sammitiga e’tibor qaratdi: «Balidagi G20 sammiti bu borada Moskvaga munosib va juda aniq signal yuborganligi muhim. Yana bir narsani G20 guruhining barcha a’zolari ta’kidladilar: yadro qurolidan foydalanishning har qanday tahdidi barchamiz uchun mutlaqo nomaqbuldir, ulardan foydalanishga toqat qilib bo‘lmaydi».
Olaf Shols Xitoy ham Putinning Ukrainaga qarshi urushda yadro qurolidan foydalanish tahdidiga nisbatan shunday munosabatini tasdiqlaganini va bu haqda Xitoy birinchi marta Germaniya kanslerining uch kun oldin Pekinga tashrifi chog‘ida ochiq e’lon qilganini ta’kidladi.
«Faqat shu sababdan, rais Si bilan ochiq fikr almashish mantiqiy edi, hatto shu sababdan ham, siz, janob Mers, kuni kecha beparvolik deb atab, bahslashgan tashrifingiz mantiqiy edi», dedi Shols. U Xitoyga nisbatan siyosatini tanqid qilgan parlament muxolifati yetakchisi, XDS raisi Fridrix Mersni nazarda tutdi.
23 noyabr, chorshanba kuni ertalab federal kansler budjeti Bundestag kun tartibiga kiritilgan edi. Garchi bunday sarf-xarajatlar Germaniya davlat budjetining bir foizini tashkil etmasa ham, aynan shu modda an’anaviy ravishda umumiy munozaralar uchun sabab sifatida ishlatiladi. Hukmron va muxolifat partiyalari vakillari 210 daqiqa davomida hukumatning siyosati haqida bahslashdi.
Bu galgi bahslarning asosiy mavzusi Germaniyada energetika inqirozi, gaz va elektr narxining keskin oshishi sharoitida aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hukumat choralari bo‘ldi.
Mavzuga oid
10:02 / 13.06.2026
Ukraina armiyasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi
23:16 / 12.06.2026
Yevropa Ittifoqi Ukraina va Moldova a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi
17:21 / 12.06.2026
Rossiya–Ukraina urushida front chizig‘i: tashabbus kim tomonda?
16:47 / 10.06.2026