Jamiyat | 17:51 / 25.11.2022
17655
3 daqiqa o‘qiladi

Qatardagi jahon chempionatida O‘zbekistonning turizm salohiyati targ‘ib qilinmoqda

Qatardagi jahon chempionati uchun dunyoning turli chekkalaridan kelgan muxlislarga milliylik, o‘ziga xos qadriyatlar aks etgan sovg‘alar, jurnallar va tarqatma materiallar ulashilmoqda.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

Ayni damda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Abdurahmon Fozilov, ijtimoiy tarmoqlarda keng auditoriyaga ega bo‘lgan blogerlar – Asal Saparbayeva, Ibrohim Ikromov, Otabek Jo‘rayev va O‘zbekiston fan-klubi a’zolaridan iborat delegatsiya Qatarda bo‘lib turibdi. 

Turizm va madaniy meros vazirligi xabar berishicha, delegatsiya a’zolari butun dunyodan jahon chempionatiga tashrif buyurgan millionlab muxlislar orasida O‘zbekistonning turizm borasidagi imkoniyatlari, salohiyatini targ‘ib qilishmoqda. Shu bilan birga, milliylik, o‘ziga xos qadriyatlar aks etgan sovg‘alar, xususan, vazirlik tomonidan taqdim etilgan jurnallar va tarqatma materiallarni ulashishmoqda.

Ma’lumot qilinishicha, delegatsiya a’zolaridan iborat avtokarvon 5 noyabr kuni Samarqanddan yo‘lga chiqqandi. Ular mamlakat turizm brendini aks ettiruvchi maxsus logotiplar bilan qoplangan avtomobillarda Qozog‘iston, Ozarboyjon, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni kabi davlatlardan o‘tishdi.

«O‘z navbatida, bu davlatlarda O‘zbekiston turizmini yanada tanitishga qaratilgan bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Har bir davlatning mahalliy aholisi va xorijiy turistlarga O‘zbekistonning turizm salohiyati, mamlakatimizdagi ko‘zga ko‘ringan turistik obektlar, O‘zbekistonga sayohat qilishning afzalliklari, xalqimizning mehmondo‘stligi va boshqa jihatlar haqida ma’lumotlar berildi. Qolaversa, O‘zbekiston turizm brendi aks etgan kiyimlar va boshqa sovg‘alar tarqatildi. 

Qatarda bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionati — millionlar o‘yini hisoblangan futbol olamining eng katta musobaqasi hisoblanadi. Tabiiyki, har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan mazkur turnirni tomosha qilish uchun dunyoning barcha burchaklaridan muxlislar tashrif buyurishadi. Shu jihatdan, Qatardagi jahon chempionatida O‘zbekiston turizmini targ‘ib qilish yurtimizda tashrif buyuradigan xorijiy turistlar sonini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid