O‘zbekiston | 16:51 / 26.11.2022
13206
4 daqiqa o‘qiladi

«Bu davlatga bo‘lgan ishonchsizlikka sabab bo‘ladi» – Rabbimov davlat institutlari muammolarni baralla aytolmayotgani haqida

O‘zbekistonda «konstruktiv zo‘riqish vektorlari»ning davlat institutlari doirasida bo‘lmasligi davlatga bo‘lgan fundamental ishonchsizlikka sabab bo‘ladi, jamiyatda davlatni aylanib o‘tishga yo‘naltiruvchi siyosiy madaniyat kuchayib boradi, deydi siyosatshunos. Bundan tashqari, jamiyat manfaatlari va muammolarini baralla aytuvchi ovozlar bo‘lmasligi – O‘zbekistonning geosiyosiy mavqeyi uchun ham zararlidir.

Har qanday tizimning yashovchanligini belgilovchi, uning qadriyatlari ishlashini ta’minlovchi, rivojlanish yo‘nalishini aniqlovchi, shaxs madaniyati va dunyoqarashini shakllantiruvchi muhim institutlar va jarayon – konstruktiv zo‘riqish vektori hisoblanadi, deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

Agar jamiyatda bu vektorlar normal ishlasagina davlatning yashovchanligi ta’minlanadi, muammolar aniqlashtiriladi va tizimli yechilishi hisobiga «kasallikning ichkariga o‘tib ketishiga» yo‘l qo‘yilmaydi, tizimning to‘liq inqirozi va yiqilishining oldi olinadi.

«Agar davlatning konstruktiv zo‘riqish vektorlari yaxshi ishlamasa, dezintegratsiya, parchalanish ustuvor bo‘ladi, jamiyatda integratsiyalashuv o‘rniga parokandalik va fojiali bo‘linish yuz beradi.

Islom sivilizatsiyasida ushbu dunyoqarash tizimining barqarorligini ta’minlash uchun, juda kuchli zo‘riqish vektorlari nazarda tutilgan. Har haftada juma namozi asnosida xutba orqali xotiralarni islomiy qadriyatlar bilan to‘yintirish, amri-ma’ruf va boshqa institutlashtirilgan vositalar juda kuchli ishlaydi.

Demokratiyada esa, parlament, partiyalar, erkin OAV, nodavlat tashkilotlari, vatandoshlik jamiyatining har qanday nozo‘ravon faolligi va h.k. Zo‘riqish vektorlarining funksiyasi – odamlardagi/jamiyatdagi yashirincha va oshkora diskomfort holatlarni aniqlash, ularni davlat hamda jamiyat diqqat markaziga olib chiqish, mas’ul institutlar va mutasaddilarni ushbu muammolarga yechim topishga majbur qilish hisoblanadi», - deydi Rabbimov.

Siyosatshunos, demokratik jamiyatlarning barqarorligi ham aynan ijtimoiy muammolarni ochiq maydonga olib chiqish ekanligiga e’tibor qaratgan.

«Nima uchun demokratiyalar nisbatan tinch, tashqi ko‘rinishda beqaror bo‘lsa-da, aslida boshqa tizimlarga qaraganda ancha barqaror? Chunki bu tizim ichki muammolarni ochiq maydonga olib chiqadi va rasmiylashtiradi, ijtimoiy muammolarga yechim topishni eng asosiy siyosiy jarayonga aylantiradi. Jamiyatdagi muammolar – siyosiy plyuralizmning, raqobatning markazida turadi va kimki eng yaxshi yechim taklif qilsa – eng katta bonus – hokimiyatni olishi nazarda tutiladi».

Keyingi yillarda O‘zbekistonda jamiyatning muammolari borligi tan olindi va bu vektorlarni shakllantirishga yo‘l ochildi. Bu yerda mustaqil OAVlar va ijtimoiy tarmoqlar faol. Lekin davlat institutlari, parlament, partiyalar, NNTlari, kasaba uyushmalari, vatandoshlik jamiyatlarida to‘laqonli zo‘riqish vektorlarini ishlab chiqish borasida inersiyaga xos ehtiyotkorlik saqlanyapti.

«Zo‘riqish vektorlari ishlashidan qo‘rquv, asosan, beqarorlikdan qo‘rqishga borib taqaladi. Lekin zo‘riqish vektorlari davlat institutlari doirasida bo‘lmasligi davlatga bo‘lgan fundamental ishonchsizlikka sabab bo‘ladi, jamiyatda davlatni aylanib o‘tishga yo‘naltiruvchi siyosiy madaniyat kuchayib boradi. Bu esa ortga tashlangan katta beqarorlikka olib keladi. Shuning uchun zo‘riqish vektorlari –kichik hajmda va muttasil oqib turuvchi ijtimoiy muammolar oqimini nazarda tutadi. Bu oqim davlatni zaiflashtirmaydi, aksincha, kuchaytiradi.

O‘zbekiston ikkinchi ma’muriyati, zo‘riqish vektorlarini davlat institutlari ichiga joylash borasida, hadiksirayotgani aniq. Bu borada hech kimda tajriba yo‘q. Lekin davlat institutlari doirasida jamiyat manfaatlari va muammolarini baralla aytuvchi ovozlar va jarayonlar nazarda tutilmas ekan, bu davlatning ichki va tashqi legitimligiga ham, O‘zbekistonning geosiyosiy mavqeyiga ham, strategik barqarorlikka ham chaqiriq sifatida saqlanib qolaveradi. Asosiysi, taraqqiyotimiz cheklangan bo‘ladi», - deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid