O‘zbekiston | 20:17 / 29.11.2022
16044
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda o‘zbekistonliklarning ro‘yxatdan o‘tmasdan bo‘lish muddati uzaytirilishi mumkin 

Yangi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘istonda 5 kun emas, balki 30 kun davomida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tmasdan bo‘lishiga ruxsat berilishi kutilmoqda. 

Foto: Getty Images

Qozog‘istonga kelayotgan O‘zbekiston fuqarolarining mamlakatda ro‘yxatdan o‘tmasdan vaqtincha bo‘lish muddati uzaytiriladi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi IIV tomonidan jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan kelishuv hujjatida aytilgan. 

«Milliy pasport egalari bo‘lgan ikki davlat fuqarolari boshqa davlat hududiga 30 kungacha vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tmasdan borishi va uning hududida bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, fuqarolar o‘zlarining kelgani haqida vakolatli organlarni xabardor qilishlari kerak. 

Bo‘lish muddatini 30 kundan ortiq, ammo 6 oydan oshmaydigan davrga uzaytirish ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi», — deyiladi kelishuv hujjatida. 

Amaldagi talabga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘istonda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tmasdan 5 kun bo‘lishi mumkin. Endi uning muddatini 25 kunga uzaytirib, jami 30 kun qilish taklif etilmoqda. 

Bundan tashqari, yangi o‘zgarishlardan biri — avval ikki davlat chegara xizmatlari tomonidan chiqarilgan migratsiya nazorati kartalarining bekor qilinishidir. 

Shartnomaga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolaridan Qozog‘iston hududiga kirganida quyidagi hujjatlar talab qilinadi:

- O‘zbekiston Respublikasining biometrik diplomatik pasporti;

- O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti (chiqish pasporti);

- O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik bo‘lmagan pasporti;

- O‘zbekiston Respublikasiga qaytish guvohnomasi (faqat O‘zbekiston Respublikasiga qaytish uchun);

- havo kemasi ekipaji a’zosining guvohnomasi (ekipaj tarkibida sayohat qilishda);

- hukumatlararo feldʼegerlik xizmati xodimining shaxsiy guvohnomasi. 

Mavzuga oid