Makron va Bayden Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etish niyatida
Parij va Vashington Rossiyani Ukrainaga nisbatan tajovuzkorligi uchun javobgarlikka tortish bo‘yicha hamkorlikni davom ettiradi, deya ma’lum qildi Bayden va Makron Vashingtondagi qo‘shma matbuot anjumanida.
AQSh va Fransiya hamda ularning ittifoqchilari Rossiyani Ukrainaga qarshi tajovuz uchun javobgarlikka tortish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish niyatida. Bu haqda AQSh prezidenti Jo Bayden 1 dekabr, payshanba kuni Vashingtonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
«Bugun biz yana bir bor tasdiqlaymizki, Fransiya va Qo‘shma Shtatlar barcha ittifoqchilarimiz – NATOdagi ittifoqchilarimiz va G7 davlatlari, Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda Rossiyaning Ukrainaga qarshi shafqatsiz urushiga har qachongidan ham ko‘proq kuch bilan qarshi turishadi», — dedi Amerika prezidenti.
Bayden va Makron Oq uydagi uchrashuvdan so‘ng e’lon qilgan qo‘shma bayonotda, shuningdek, ikkala davlat ham Rossiyaning Ukrainadagi «keng hujjatlashtirilgan vahshiylik va urush jinoyatlari uchun» javobgarlikka tortilishini ta’minlashga harakat qilishlari ko‘rsatilgan.
Siyosatchilar, shuningdek, qishda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldilar. Boshqa narsalar qatorida, gap Kiyevga havo hujumidan mudofaa tizimlarini, shuningdek, energetika infratuzilmasi obektlarini ta’mirlash uchun uskunalarni yetkazib berishni kuchaytirish haqida bormoqda. 100 ming ukrainalik qochqinni qabul qilgani uchun Fransiyaga minnatdorchilik bildirgan Bayden, Fransiya ham, uning mamlakati ham Ukrainaga «kerak bo‘lganicha» yordam berishga tayyor bo‘lishini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Jo Bayden Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishga prinsipial tayyorligini ma’lum qildi. Biroq, bu uchrashuvning zaruriy sharti uning urushni to‘xtatishga bo‘lgan qiziqishi bo‘lishi kerak, Bayden, o‘z so‘zlari bilan aytganda, Putinda hali buni ko‘rayotgani yo‘q. Shu bilan birga, AQSh prezidenti ittifoqchilarning roziligisiz Rossiya prezidenti bilan ehtimoliy uchrashuv bo‘yicha muzokaralar olib bormaslikka va’da berdi.
«Agar qiziqish bo‘lsa, Fransiya va NATOdagi do‘stlarim bilan maslahatlashganimdan so‘ng muzokaralar stoliga o‘tirishdan xursand bo‘laman», — dedi u va yaqin kelajakda Rossiya prezidenti bilan hech qanday aloqa o‘rnatishni rejalashtirmayotganini qo‘shimcha qildi.
O‘z navbatida, Emmanuel Makron Oq uyda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani chog‘ida jurnalistlardan birining savoliga javob berar ekan, «prezident Putin bilan muloqotda davom etishini» tasdiqladi. «Biz doimiy ravishda keskinlashuvning oldini olishga va aniq natijalarga erishishga harakat qilmoqdamiz, shuning uchun men u bilan atom elektr stansiyasi, jumladan Zaporijjya xavfsizligi haqida gaplashaman. So‘nggi bir necha oy ichida biz Chernobil AES bo‘yicha ham ishladik, bu muhim ish janob Grossi va AEXA tomonidan amalga oshirilmoqda», — deya qo‘shimcha qildi Makron.
U urushning keyingi borishi va Rossiya bilan mumkin bo‘lgan tinchlik muzokaralari bo‘yicha qarorlarni Kiyev qabul qilishi kerakligini qo‘shimcha qildi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va AQSh prezidenti Jo Bayden murosaga kela olmagan mavzu AQShda o‘z mahsulotlarini ishlab chiqaradigan va Amerika tovarlaridan foydalanadigan korxonalar uchun subsidiyalar va soliq imtiyozlarini nazarda tutuvchi inflatsiyaga qarshi qonun bo‘ldi.
Bayden hujjatni prezidentlik davridagi katta yutuq deb biladi va bu Amerika sanoatini rag‘batlantirish va uni xorijiy raqobatdan himoya qilishga yordam beradi, deb umid qilmoqda. O‘z navbatida, Makron bu qonunni qattiq tanqid qilib, uning oqibati ko‘plab korxonalarning Yevropaga sarmoya kiritishdan bosh tortishi bo‘lishini ta’kidladi. «Qabul qilingan qarorlar G‘arbni bo‘ladigan qarorlardir», - deya ogohlantirdi u bu borada.
O‘z navbatida, Bayden bu qonun uchun «uzr so‘rash» niyatida emasligini aytdi. Siyosatchi Qo‘shma Shtatlarning dunyoning istalgan nuqtasida ta’minot zanjirlariga qaram bo‘lishni istamasligi bilan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni tushuntirdi va Yevropa ham xuddi shunday maqsadni ko‘zlayotganini va buni amalga oshirishi mumkinligini aytdi.
Emmanuel Makron 30 noyabrdan beri AQShda tashrif bilan bo‘lib turibdi. U ikki yillik koronavirus pandemiyasidan so‘ng Oq uyda Bayden tomonidan shaxsan qabul qilingan birinchi davlat rahbari bo‘ldi.
Mavzuga oid
05:07 / 18.11.2024
Bayden Ukrainaga ATACMS raketalari bilan Rossiya ichkarisiga zarba yo‘llashga ruxsat berdi
12:44 / 17.11.2024
«Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz». Bayden va Jinping Peruda uchrashdi
09:31 / 15.11.2024
Yevropa Baydendan ketishidan oldin Ukrainaga yordamni oshirishni so‘ramoqda
21:08 / 14.11.2024