O‘zbekiston | 15:36 / 03.12.2022
12060
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”: “Tegirmon guruhi” konlari gaz quvuridan tabiiy gaz sizib chiqish oqibatida quduqlar faoliyati ishdan to‘xtatildi

2022 yil 3 dekabr kuni soat taxminan 06:20 da “O‘zbekneftgaz” AJ Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi “Tegirmon guruhi” konlarida uzunligi 47 km bo‘lgan diametri 426 mm gaz quvurining 41 kmdan gaz sizib chiqish holati ro‘y berayotgani aniqlangan.

Foto: O‘zbekneftgaz

Baxtsiz hodisalar sodir bo‘lishining oldini olish maqsadida, Boshqarma mutaxassislari va kon ishchi-xodimlari tomonidan tezkor choralar ko‘rilgan hamda quvurdan yuqori oltingugurtli gaz uzatilishini inobatga olgan holda, quvurga ulangan “Tegirmon guruhi”dagi “Tegirmon”, “G‘arbiy” va “Shimoliy Tegirmon”, “Yangi Alat” konlardagi gaz quduqlari ishdan to‘xtatilgan. 

Quvurda gaz sizib chiqishi soatiga 70 ming kub metr gaz qazib chiqarishning qisqarishiga olib keldi.  

Qurilish-montaj ishlari “Neftgazmontaj” MChJ, “Muborakneftgazmontaj”, “Buxorogazsanoatqurilish” va “Janubgazqurilish” AJ tashkilotlari tomonidan olib borilgan bo‘lib, voqea joyiga yetib borgan “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev ro‘y bergan holat yuzasidan o‘rganish ishlari o‘tkazilishi bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Ushbu gaz quvurida sodir bo‘lgan gaz sizib chiqishi holatini to‘liq o‘rganish maqsadida, mutaxassislarni jalb qilgan holda tezkor “Ishchi guruhi” tuzilib joyida o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish natijalari bo‘yicha ushbu gaz sizib chiqish holatiga olib kelgan omillar aniqlanadi hamda tegishli choralar ko‘riladi.

Hozirda, Boshqaruv raisi boshchiligida tegishli mutaxassislar tomonidan quvurdan gaz sizib chiqishini bartaraf etish hamda gaz qazib chiqarishni qisqa fursatda qayta tiklash choralari ko‘rilmoqda. 

“Tegirmon”-“Somontepa” koni diametri 426 mmlik 47 km uzunlikdagi gaz quvuri “Tegirmon guruhi” konlaridan qazib olinayotgan gazni Muborak gazni qayta ishlash zavodiga uzatishni ta’minlash maqsadida, 2022 yil noyabr oyida qurib ishga tushirilgan.

Foto: O‘zbekneftgaz

Ta’kidlash kerakki, ushbu voqea ro‘y berishi natijasida jarohat olgan yoki jarohatlanganlar yo‘q va “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan holat yuzasidan qo‘shimcha axborot berib boriladi. 

“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmatiⓉ

Mavzuga oid