O‘zbekiston | 12:01 / 06.12.2022
8253
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi AYoQShlarda AI-80 rusumli avtobenzin narxi oshmagan hamda iste’molchilarga barqaror yetkazib berish ta’minlanmoqda

So‘nggi kunlarda Respublikaning barcha hududlarida havo harorati keskin tushib ketishi ortidan avtomobillarga gaz quyish shoxobchalaridagi navbatlar kuzatilayotgani, shuningdek AI-80 rusumli avtobenzinga talab oshgani sabab, uning yetishmovchiligi yuzaga kelayotgani tanqidiy muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Foto: O‘zbekneftgaz

“O‘zbekneftgaz” AJ o‘z tasarrufidagi “UNG Petro” AYoQShlarida ayni vaqtda benzin narxlari oshirilmagani hamda taqchillik kuzatilmayotganini rasman ma’lum qiladi. Jumladan, bugungi kunda Energetika vazirligi va “O‘zbekneftgaz” AJ mas’ul xodimlaridan iborat “Ishchi guruh”lar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular tomonidan iste’molchilarga uzluksiz sifatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash, narxlarning sun’iy oshirilishi hamda yetishmovchilik holatlarini yuzaga kelmasligi borasidagi ishlar tashkil qilingan.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan avtobenzin taqchilligini oldini olish va uning narxlarini barqarorlashtirish borasida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va “Tovar xomashyo birjasi” AJ hamkorligida barcha choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, birja savdolari orqali kichik lotlarda avtobenzin sotish va neft bazalar, Buxoro zavodiga qarashli yangi qurib ishga tushirilgan qo‘yish-to‘kish estakadasi orqali AYoQShlarga yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.

Ta’kidlash kerakki, joriy yilning noyabr oyida birja savdolariga “Sanoat Energetika Guruhi” MChJ XK bilan birgalikda o‘rtacha kunlik 3300 tonnadan AI-80 avtobenzini savdoga chiqarilgan bo‘lsa, iste’molchilar talablaridan kelib chiqqan holda kunlik 4540 tonnagacha oshirildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi “UNG Petro” AYoQShlarida bugungi kunda AI-80 markali avtobenzinning chakana narxi 1 litri uchun 6 800 so‘mni tashkil qiladi va avtobenzin sifati to‘liq kafolatlanganini rasman ma’lum qilamiz.

Avtobenzin taqchilligini oldini olish maqsadida, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 35,7 ming tonna avtobenzin hamda yetarli miqdorda xomashyo zaxirasi yaratilgan bo‘lib, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 142,2 ming tonna xomashyo qayta ishlanib, 83,7 ming tonna avtobenzin ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, ko‘rsatilayotgan xizmat sifatidan norozi bo‘lgan hamda avtobenzin narxining su’niy oshirilishiga guvoh bo‘lgan iste’molchilar (71) 200-01-24 telefon raqami orqali 24 soat davomida murojaat qoldirishlari mumkin.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati 

Mavzuga oid