Jahon | 07:51 / 06.12.2022
5504
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina hududlarida favqulodda elektr uzilishlari sodir bo‘ldi

Foto: Global Look Press

Rossiyaning yangi o‘qqa tutishi munosabati bilan Ukraina ko‘plab hududlarida favqulodda elektr ta’minoti uzilishlariga o‘tishga to‘g‘ri keldi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kechki videomurojaatida ma’lum qildi.

5 dekabr oqshomidagi eng ko‘p uzilishlar Vinnitsa, Dnipropetrovsk, Jitomir, Kiyev, Odessa, Xmelnitskiy va Cherkassk viloyatlarida qayd etilgan. 

Bu chora energetika tizimini barqarorlashtirish uchun zarur, deya tushuntirdi Ukraina davlati rahbari. 

Bundan tashqari, otishma natijasida to‘rt kishi halok bo‘ldi, deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

Ayni paytda, «Ukrenergo» kompaniyasi rahbari Vladimir Kudritskiy tizimda elektr energiyasi ishlab chiqarishni tiklash uchun bir-ikki kun vaqt ketishini ta’kidladi. 

5 dekabrdagi hujum paytida avariyaviy tarzda o‘chgan quvvat bloklari quvvat olishda davom etadi, dedi u.

Bundan oldin Zelenskiy Ukraina xalqini og‘ir qishda birdamlikka chaqirgandi.

Siyosatchi Rossiya sovuq va qiyinchilikni «terrorining bir qismi» qilib, Ukrainaga qarshi qishning xususiyatlaridan foydalanishi va ukrainaliklar yaqin oylarda bunga qarshi turish uchun yanada ko‘proq birdamlik ko‘rsatishi kerakligini aytdi.

Volodimir Zelenskiy fuqarolarni bir-biriga yordam berishga, nizo va janjallardan qochishga chaqirdi. 

Shu bilan birga, u qishni «imtihon sifatida emas, balki vaqt – bizni asosiy narsa – g‘alabaga yaqinlashtiradigan jihat» sifatida qabul qilishni maslahat berdi. 

Butun Ukraina yagona «Buzilmas nuqta»ga aylanishi kerak, deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.

Mavzuga oid