Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bryussel Rossiyani urush uchun tovon to‘lashga majburlamoqchi. Bu qanday amalga oshadi?
Rossiyadan 300 milliard yevro muzlatilgan davlat aktivlari va oligarxlar aktivlarini qonuniy ravishda musodara qilish mumkinmi? Bu qiyin, ammo amalga oshishi mumkin, deydi mutaxassislar. Ba’zilar hatto qonunlarni o‘zgartirishni taklif qilmoqda.
Ukrainani qayta tiklash uchun 350 milliard dollar kerak bo‘ladi, deb prognoz qilyapti Jahon banki. Shu bilan birga, YeI va G7 mamlakatlarida Rossiya Markaziy bankining 300 milliard yevrolik va rossiyalik oligarxlarning 19 milliard yevrolik aktivlari muzlatib qo‘yildi. Bir miqdordagi mablag‘lar boshqasini qoplashi mumkinmi?
Hammasi juda murakkab, chunki bu mablag‘larning asosiy ulushi Rossiya Markaziy bankining aktivlari hisoblanadi. Ular davlatga tegishli, ya’ni xalqaro suveren immunitetga ega. Ukrainaga yetkazilgan zarar uchun Rossiyani qanday qilib tovon to‘lashga majburlash mumkin? 7 dekabr, chorshanba kuni huquqshunoslik sohasidagi siyosatchilar va ekspertlar Bryusselda muhokama o‘tkazish uchun yig‘ilishdi.
Ushbu mablag‘larni musodara qilish Rossiyani tajovuzkor davlat sifatida xalqaro jinoiy ta’qib qilish sharti bilan amalga oshirilishi mumkin, deb hisoblaydi muhokama ishtirokchilarining ko‘pchiligi. «Biz sudda bosqinchilik jinoyati sodir etilganligini isbotlay olamiz, zararni isbotlay olamiz va eng muhimi, bu pul bizning qo‘limizda», deydi investor va «Magnitskiy akti»ning lobbichisi Bill Brauder. U Yevropa Ittifoqini Pareto tamoyiliga ko‘ra harakat qilishga chaqirdi, unga ko‘ra sa’y-harakatlarning 20 foizi natijaning 80 foizini beradi va diqqatni Rossiya davlat aktivlariga qaratadi.
Ha, bu aktivlar xalqaro qonunlar bilan himoyalangan, ammo qonunlar o‘zgarishi mumkin, deydi Brauder. Ehtimol, immunitet to‘g‘risidagi qonun endi bosqinchilik jinoyatini sodir etgan davlatga nisbatan qo‘llanmasligi kerak va bunga erishsa bo‘ladi. U «Magnitskiy akti»ni misol qilib keltirdi: «13 yil oldin buni tasavvur qilib bo‘lmas edi, ammo bugun qonun 35 davlatda ishlaydi. Buning uchun faqat siyosiy iroda talab qilinadi». U esa, siyosiy faolning so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Putinning yangi harakatlari soni va ko‘lamiga to‘g‘ridan to‘g‘ri mutanosib ravishda paydo bo‘ladi.
Qo‘shma Shtatlar va Kanadada qonun terrorizm homiysi sifatida tan olingan davlatlarning muzlatilgan aktivlaridan immunitetni olib tashlashga ruxsat beradi. Yevroparlament a’zosi Andryus Kubilyus bunga Yevroparlamentning Rossiyani terrorizmga homiylik qiluvchi davlat sifatida tan olish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasi asosida yoki Ukrainaga qarshi bosqinchilik jinoyatini sodir etgan degan qaror keladigan maxsus xalqaro tribunal natijasida erishish mumkin, deb hisoblaydi. «Bu jinoyat davlat tomonidan sodir etildi, demak, davlat mulkini musodara qilish uchun huquqiy maydon yaratilishi kerak», deb ma’lum qildi u.
Bunday vaziyatda muvaffaqiyat kaliti huquqiy norma sifatida tan olingan umumiy amaliyotga asoslangan xalqaro odatiy huquqdan istisno yaratishdir, deydi nemis huquqshunosi Paula Rayn-Fisher. Bunday tor istisno tajovuzni taqiqlash va Rossiya davlat aktivlari hamda yuqori lavozimli hukumat amaldorlari mablag‘laridan suveren immunitetni olib tashlash, hatto bunday tajovuz takrorlanishining oldini olishga imkon beradi, masalan, Xitoy va Tayvan misolida. Qanday qilib? Rossiyaning Yevropa Ittifoqi va G7’dagi aktivlari musodara qilinishi pretsedent bo‘lishi va bu mamlakatlarda ulkan aktivlarga ega bo‘lgan Xitoyni to‘xtatishi mumkin.
Umumiy taklifni shakllantirish, sa’y-harakatlarni birlashtirish va uni qayta-qayta takrorlash kerak, deb ta’kidlaydi Bill Brauder. Bundan tashqari, «G‘arb allaqachon Ukrainaga pul to‘lashdan charchadi», dedi u va Ukrainaga yordam ko‘rsatishga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lgan amerikalik va vengriyalik siyosatchilarining bayonotlarini misol tariqasida keltirdi. «Ma’naviy va moliyaviy nuqtayi nazardan, Rossiya tovon puli to‘lashi mutlaqo adolatli», deb ta’kidladi investor.
Hozircha muzlatilgan Rossiya aktivlarining hech biri musodara qilinmagan, dedi Yevrokomissiya vakili va ularning qanchasi musodara qilinishi mumkinligi ma’lum emasligini qo‘shimcha qildi. Shu bilan birga, Ukraina rasmiylariga ko‘ra, mamlakatda budjet taqchilligi 40 milliard dollarga yetgan va Ukrainaga hozir pul kerak. Yig‘ilishdagi takliflardan biri noma’lum boyliklarni musodara qilish tartibi va uning egasiga nisbatan sud hukmidan qat’i nazar – mulkning jinoiy kelib chiqishini tasdiqlovchi dalillar mavjud bo‘lsa, hatto sirtdan sud jarayonlarida ham mulkni musodara qilish bo‘ldi. Ammo bunday huquqiy tamoyillar faqat oligarxlarning mol-mulkiga nisbatan qo‘llanishi mumkin.
Rossiya Markaziy bankining aktivlari bo‘yicha, Yevropa Komissiyasi nuqtayi nazariga ko‘ra, ular faqat investitsiya fondiga o‘tkazilishi, faol ravishda investitsiya qilinishi va olingan foyda Ukrainaga qayta tiklanishi uchun o‘tkazilishi mumkin. 300 milliard yevroning o‘zi, qonunga ko‘ra, Rossiya davlatiga tegishli, shuning uchun ular inflatsiyani hisobga olgan holda foizlar bilan qaytarilishi kerak.
Bryusselda bo‘lib o‘tgan davra suhbatida bu mablag‘larni qaytarish shartlari ham muhokama qilindi. Yevropa Komissiyasi Rossiya bu mablag‘larni qaytarib olish uchun nima qilishi kerakligi haqida hali aniq tasavvurga ega emas. Taklif etilayotgan variantlar orasida ulardan Moskvani Kiyev bilan tinchlik shartnomasini imzolash uchun muzokara stoliga o‘tkazish uchun vosita sifatida foydalanish yoki Ukrainaga tovon to‘lash vositasi sifatida foydalanish bor.
Kiyev o‘z taklifini ilgari surdi: Yevropa Ittifoqi huquqiy mexanizmlar bilan shug‘ullanar ekan, Ukrainada Rossiya tomonidan yetkazilgan zararlar reyestrini, da’volar bo‘yicha komissiyani tuzish va dalillar asosida zarar miqdorni aniqlash zarur. «Biz Rossiya yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda qoplash niyatida emasligidan kelib chiqyapmiz, ammo vaqt o‘tishi bilan vaziyat o‘zgarishi mumkin, - dedi Ukraina prezidenti devonining maslahatchisi Markiyan Klyuchkovskiy. - Nima bo‘lgan taqdirda ham, Rossiyada muqobil variant yo‘q, u tovon to‘lashga majbur bo‘ladi, Ukraina esa adolat qaror topmaguncha to‘xtamaydi».
Moldova Korrupsiyaga qarshi prokuraturasi rahbari Veronika Dragalin Rossiya tomonidan Ukrainada sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish bilan shug‘ullanuvchi prokurorlardan iborat tezkor guruh tuzishni taklif qildi. U ilgari Kaliforniya markaziy okrugida Korrupsiyaga qarshi kurash departamenti bo‘yicha AQSh prokurori yordamchisi bo‘lib ishlagan va 2021 yil 6 yanvarda AQSh Kongressi binosiga bostirib kirishni tergov qilish uchun tuzilgan shunga o‘xshash ishchi guruhini misol qilib keltirgan. Prokurorlar guruhi voqea bilan bog‘liq yuzlab ishlarni ko‘rib chiqdi, xuddi Rossiyaning Ukrainadagi jinoyatlari soni va ko‘lami ko‘plab mutaxassislar ishini talab qilishi kabi, deya ta’kidladi yurist.
Keyingi qadamlar huquqiy imkoniyatlar va yashirin zonalarni chuqur o‘rganish, dalillar to‘plash va kuchli siyosiy tashabbus bo‘lishi kerak, degan xulosaga keldi davra suhbati ishtirokchilari. Ular Rossiya Ukrainadagi jinoyatlari uchun qonun oldida javob berishi hamda adolat va xalqaro tartib o‘rnatilishi, dunyoda tajovuz takrorlanishining oldini olish uchun tovon to‘lashi kerakligiga ishonchi komil.
Mavzuga oid
20:04 / 08.06.2026
Kiyevga Zelenskiy bilan uchrashuvga borgan rossiyalik tadbirkor Roman Abramovich bo‘lib chiqdi
10:25 / 08.06.2026
Zelenskiyning maktubi: diplomatik qadammi yoki strategik zarbami?
15:21 / 07.06.2026
Ukraina armiyasi Qrimga olib boruvchi trassani o‘lim yo‘liga aylantirdi
10:05 / 07.06.2026