Shifoxonada men bilan bir xonada yotgan odam o‘limi yaqinlashayotganini va ajalini kutib yotganini bilmasdi. Uning hayoti oxirlab borayotganini men ham tasodifan bilib qoldim. Hamyotog‘im uxlab yotganida vrach meni ham uxlab yotibdi deb o‘yladi shekilli, bemorning qarindoshlariga uning qisqa umri qolgani haqida gapirdi. Ammo men uning barcha gapini eshitib turgandim.

«Biz qo‘limizdan kelgan barcha chorani ko‘ryapmiz. Qolgan hammasi Xudodan. Lekin umid juda kam. Aka birinchi insultni o‘zi sezmagan holda oyoqda turib o‘tkazib yuborgan. Bu ikkinchisi», dedi vrach.

Qarindoshlar jim bo‘lib qolishdi. Shu payt vrach «U nima ish qilardi o‘zi?» deb so‘rab qoldi. «Mahallada rais bo‘lib ishlaydi. Odamlar janjallashib kelavergach asabi dosh bermadi shekilli», degan javob eshitildi.

Ertasi kuni hamyotog‘im biroz o‘ziga keldi. Bir-ikki kunda o‘tirishga ruxsat berishdi. Uning holati Nodar Dumbadzening «Abadiyat qonuni» asari qahramoniga o‘xshardi. Umri tugab borayotganini o‘zi bilmas, men bilan kulib hangomalashib o‘tirardi.

Shunday kunlarning birida undan nega ancha serg‘alva bo‘lgan ish – «domkom»likni tanlagani haqida so‘radim. U asta gap boshladi.

«Mustaqillikdan avval, harbiy xizmatni o‘tab kelganimdan keyin otam olib borib Oliy militsiya maktabiga joyladi. Maktabni bitirib tumanimiz ichki ishlar bo‘limiga ishga keldim.

Yoshlikdan ko‘nglim bo‘sh, mendan tezkor xodim yoki tergovchi chiqadi deb o‘ylamasdim. Shu sababli bir amallab kadrlar bo‘limiga «ilindim». Ishimni o‘zim yaxshi ko‘rardim.

Sidqidildan, vijdonan ishlaganim uchun bir necha yil oddiy xodimlikdan kadrlar bo‘limi boshlig‘i lavozimigacha ko‘tarilib bordim.

Aslida kadrlar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga ishtiyoqmandlar ko‘p bo‘ladi. Chunki bu ishda ishlayotganlar boshqa bo‘limlarda ishlayotgan xodimlarday hayotini xavf ostiga qo‘yib jinoyatchilar bilan to‘qnashmaydi. Qishning sovug‘ida, yozning issig‘ida sutkalab ko‘chada yurmaydi.

Asosan tinch kabinetlarda o‘tirib ishlaydi. Ish ham uncha serg‘alva emas. Shu sababli bir necha marta o‘rnimga ko‘z olaytirganlar chiqdi. Ammo o‘rnimda qoldim.

Shu tarzda ancha yillar ishladim va kunlardan bir kuni pensiyaga chiqdim. Shundan so‘ng sobiq hamkasblarim orasida boshi ochiq yaxshi bir ayol bor edi, yashirincha nikoh o‘qitib, u bilan ham yashay boshladim.

Ha, harom yo‘lga yurmadim. Birovning xotinini yo‘ldan urmadim. Birinchi turmushidan ajrashgach tengini topa olmay yurgan ayol rozi bo‘lgandi, unga uylandim.