Jahon | 07:33 / 10.12.2022
8998
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada The Bell, Fishman va Askerov «xorijiy agentlar» reyestriga kiritildi

Rossiya Adliya vazirligi «xorijiy agentlar» reyestrini yana kengaytirdi. Unga The Bell hamda jurnalistlar Mixail Fishman va Ravshan Askerov kirdi. Ikkalasi ham Rossiyani tark etganiga ancha bo‘lgan.

Foto: rustem

Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi 9 dekabr, juma kuni «xorijiy agentlar» reyestrini The Bell, «Dojd» telekanali jurnalisti Mixail Fishman va jurnalist («Chto? Gde? Kogda?»  teleko‘rsatuvining sobiq o‘yinchisi) Ravshan Askerov bilan kengaytirdi. Fishman va Askerov Rossiyani tark etishdi, u yerda Askerovga marshal Jukovni tanqid qilgan posti tufayli natsizmni reabilitatsiya qilgani uchun ish ochilgan.

Arxangelsklik faylasuf Ruben Apresyan, jamoat arbobi Rostislav Murzagulov va «Ekologicheskoye Dvijyeniye 42» ham «xorijiy agent» sifatida tan olindi.

2012 yilda Davlat Dumasi deputatlari «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar kiritdilar, unga ko‘ra Rossiya Federatsiyasi hududida «siyosiy faoliyat» bilan shug‘ullanadigan va chet eldan moliyalashtirish qabul qiluvchi Rossiya nodavlat notijorat tashkilotlariga «xorijiy agent» maqomi beriladi. Shu bilan birga, qonunda «siyosiy faoliyat» tushunchasiga aniq ta’rif berilmagan.

2017 yilda Rossiyada OAV-«xorijiy agentlar» to‘g‘risidagi qonun ham qabul qilindi, unga ko‘ra bu maqom chet eldan moliya va mulk oladigan har qanday OAVga berilishi mumkin. 2018 yilda shaxslarni OAV-«xorijiy agentlar» deb ijtimoiy tarmoqlardagi postlar uchun ham tasniflashga ruxsat beruvchi qonun qabul qilindi.

2022 yil 1 dekabrdan boshlab Rossiyada nafaqat chet eldan mablag‘ oladigan, balki chet eldan «ko‘mak» olganlarni ham (masalan, tashkiliy-uslubiy yoki ilmiy-texnikaviy) «xorijiy agent» va «xorijiy ta’sir ostida» deb e’lon qilishga ruxsat beruvchi qonun kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid