OAV: 6 nafar rossiyalik Yevropa Ittifoqining qora ro‘yxatiga tushishi mumkin
Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ro‘yxatiga teleboshlovchilar Boris Korchevnikov va Marina Kim, rejissyor Nikita Mixalkov, qo‘shiqchi Grigoriy Leps kirishi mumkin, deb xabar berdi EUobserver.
Yevropa Ittifoqining yangilangan qora ro‘yxatiga «Spas» kanali bosh direktori Boris Korchevnikov, «Birinchi kanal»dagi «Xayrli tong» dasturi boshlovchisi Marina Kim, qo‘shiqchi Grigoriy Leps (Lepsveridze), rossiyalik bloger Dmitriy Puchkov, rejissyor Nikita Mixalkov, siyosatshunos va teletahlilchi Sergey Mixeyev kiritilishi mumkin. Bu haqda 12 dekabr, dushanba kuni hujjatga tayanib, EUobserver xabar berdi.
Bryusselda Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar kengashining rejalashtirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Yevropa Ittifoqining 27 davlati tashqi ishlar vazirlari Rossiya va Eronga qarshi yangi sanksiyalarni, shuningdek, Ukrainaga keyingi yordamni muhokama qilmoqda.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaqin aloqada bo‘lgan rossiyalik tadbirkor Yuriy Kovalchukning to‘rt nafar oila a’zosiga aktivlarini muzlatib qo‘yish va vizalar berishni taqiqlash niyatida.
Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Butunrossiya davlat teleradiokompaniyasi (VGTRK), "Natsionalnaya Media Gruppa" media-holdingi, "TV-Novosti" ANO davlat telekompaniyasi va Moskvadagi Strategik madaniyat jamg‘armasining aktivlarini muzlatib qo‘ymoqchi.
Bundan tashqari, Bryussel YeI mamlakatlarida Rossiyaning uchta kanali - NTV/NTV-Mir, "Rossiya-1" va REN TV telekanallarining translatsiya litsenziyalarini bekor qilishni rejalashtirmoqda.
Rossiya ommaviy axborot vositalari Ukrainaga qarshi urushni oqlash va Yevropa Ittifoqi davlatlarini beqarorlashtirish maqsadida «faktlarni jiddiy noto‘g‘ri talqin qilish va manipulyatsiya qilish»da aybdor, bu esa «jamoat tartibi va ittifoq xavfsizligiga jiddiy va to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid» hisoblanadi, deya ta’kidlangan hujjatlarda.
Yevropa Ittifoqining cheklovchi choralari Ramzon Qodirovning ikki qizi va amakivachchasi, shuningdek, o‘nlab rossiyalik amaldorlar va harbiylarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin.
Va nihoyat, Rossiyaning tog‘-kon sanoatiga investitsiyalarga embargo qo‘yish, 169 ta rus kompaniyasiga ikki tomonlama texnologiyalarni sotishni taqiqlash, Moskva kredit banki (MKB) va Uzoq Sharq banki aktivlarini muzlatish ehtimoli bor.
Bryusseldagi muzokaralar chog‘ida to‘qqizinchi sanksiyalar paketi tafsilotlari hali o‘zgarishi mumkin.
YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel yig‘ilish boshlanishidan oldin paket 12 dekabr yoki 13 dekabr kuni tasdiqlanishiga umid bildirdi. Yevropa diplomatlari Vengriya Yevropa Ittifoqi fondlaridan o‘zi uchun mo‘ljallangan mablag‘larni olish maqsadida bir qator qarorlarni bloklashga urinishi mumkinligidan xavotirda. «Bu shantaj diplomatiyasining o‘ziga xos turi, biz buni ko‘rmasligimiz ma’qul edi, ammo bu shunday», — deya Reuters agentligi Yevropa Ittifoqining yuqori martabali diplomati so‘zlaridan iqtibos keltirgan.
Avvalroq Financial Times (FT) o‘z manbalariga tayanib, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakil tayinlashi haqida xabar bergan edi. Kutilishicha, bu Yevropa Ittifoqining AQShdagi sobiq elchisi Devid O'Sallivan bo‘ladi.
YeIning yuqori martabali mulozimiga ko‘ra, 13 dekabr kuni Yevrokomissiya tomonidan yangi lavozimni belgilash bo‘yicha qaror qabul qilinishi kutilmoqda. Devid O'Sallivan 2023 yilning yanvarida lavozimni egallashi mumkin. Ayni paytda Devid O'Sallivan Irlandiyadagi Xalqaro va Yevropa munosabatlari instituti tahlil markaziga rahbarlik qiladi.
Mavzuga oid
11:54
Britaniya RFga qurol yetkazib bergani uchun Eronga qarshi sanksiyalar kiritdi
10:05 / 17.11.2024
Trampning qaytishi: Ukraina masalasida AQSh va Yevropaning pozitsiyasi bo‘linadimi?
20:17 / 16.11.2024
Sanksiyalar Rossiyaning yirik gaz loyihasini cho‘ktirib yubormoqda - OAV
10:05 / 16.11.2024