Pashinyan Lochin yo‘lagi tufayli Armaniston Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirdi
Yerevan Ozarboyjon Armanistonni Tog‘li Qorabog‘ bilan bog‘lovchi yo‘lakni to‘sib qo‘ygani va gumanitar falokat tahdidi haqida e’lon qildi.
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi yangi keskinlik fonida mamlakat Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirdi. Uchrashuvda «mintaqada sodir bo‘layotgan voqealar, xususan, Lochin yo‘lagida yuzaga kelgan vaziyat muhokama qilindi», — deyiladi Yerevan hukumati matbuot xizmati xabarida.
O‘sha kuni o‘zini Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi deb e’lon qilgan hudud «xavfsizlik kengashi» Rossiya tinchlikparvar kuchlari qo‘mondonligiga murojaat qilib, Ozarboyjonning Tog‘li Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘lovchi Lochin yo‘lagini to‘sib qo‘yishiga yo‘l qo‘yilmasligini e’lon qildi.
Armaniston TIV Lochin yo‘lagining yopilishi keng ko‘lamli gumanitar falokatga olib kelishi mumkinligini aytdi. «Biz Tog‘li Qorabog‘ armanlarining huquqlari va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xalqaro mexanizmlarni faollashtirish zarurligini ta’kidlaymiz va shu maqsadda tez orada xalqaro hamkorlar bilan maslahatlashuvlarni boshlaymiz», — deyiladi vazirlik xabarida. Yerevanning ta’kidlashicha, Bokuning maqsadi «Tog‘li Qorabog‘ni Armaniston va butun tashqi dunyodan uzib qo‘yish».
«Bu holat 2020 yil 9 noyabrdagi uch tomonlama bayonotning 6-bandiga ziddir, unga ko‘ra, Lochin yo‘lagi Rossiya tinchlikparvar kontingenti nazorati ostida, Ozarboyjon esa Lochin bo‘ylab fuqarolar, transport vositalari va yuklarning harakatlanishi xavfsizligini kafolatlaydi. Shunday qilib, Ozarboyjon xalqaro majburiyatlarini qo‘pol ravishda buzmoqda», - deyiladi bayonotda.
12 dekabr kuni ertalab Ozarboyjon kuchlari Tog‘li Qorabog‘dan Armanistonga olib boruvchi avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ydi, deb xabar berdi «Interfaks». O‘sha kuni Pashinyan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatda Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ o‘rtasidagi Lochin yo‘lagi bo‘ylab uzluksiz aloqani ta’minlash muhimligini ta’kidladi, shuningdek, Rossiya tinchlikparvar kontingenti tomonidan ko‘rilayotgan choralarni muhokama qildi, deyiladi Yerevan xabarida.
Mavzuga oid
21:21 / 14.11.2024
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyasini eng katta muammo va fojia deb atadi
14:26 / 13.11.2024
BMT sudi: Armaniston va Ozarboyjonning da’volari bizning yurisdiksiyamizda
10:10 / 09.10.2024
RF chegarachilari Armaniston va Eron chegarasini qo‘riqlashni to‘xtatadi
20:10 / 02.10.2024