Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Chegara bilmas muxbirlar»: Jurnalistlar Ukrainadagi urush tufayli ko‘proq halok bo‘la boshladi
«Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti hisobotiga ko‘ra, Ukraina urush tufayli ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun ikkinchi xavfli davlatga aylandi. Bundan tashqari, 2022 yilda o‘z mehnati uchun qamoqqa olingan ommaviy axborot vositalari xodimlari soni eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi.
«Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro tashkiloti (RSF) 14 dekabr, chorshanba kuni taqdim etgan hisobotiga ko‘ra, ikki yillik pasayish tendensiyasidan so‘ng o‘z ishi tufayli o‘ldirilgan jurnalistlar soni yana ko‘paydi. 2022 yilda dunyo bo‘ylab 57 nafar ommaviy axborot vositalari xodimi vafot etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 19 foizga ko‘pdir. Hisobot mualliflari buni, boshqa narsalar qatori, Ukrainadagi urush bilan bog‘layapti. U, ekspertlar fikricha, bu yil OAV xodimlari uchun eng xavfli ikkinchi davlatga aylangan. «Chegara bilmas muxbirlar» tashkilotining qayd etishicha, 2022 yilda bu yerda sakkiz nafar jurnalist xizmat vazifasini bajarayotib halok bo‘lgan.
Ekspertlar 13 mart kuni Rossiya harbiylari tomonidan otib o‘ldirilgan ukrainalik fotosuratchi Maksim Levin va Ukraina sharqida otishma ketayotganida halok bo‘lgan fransiyalik videomuxbir Frederik Leklerk- Imxoff bilan bog‘liq hodisalarni eslatgan.
Bundan tashqari, joriy yilda kamida 65 nafar OAV xodimlari o‘g‘irlab ketilgan, deyiladi hisobotda. Xususan, Ukraina axborot agentligi jurnalisti Dmitriy Xilyukni oxirgi marta 4 mart kuni o‘sha paytda Rossiya Qurolli kuchlari nazorati ostida bo‘lgan Kiyev viloyatining Dimer qishlog‘ida ko‘rishgan. Xilyukning keyingi taqdiri haqida hech narsa ma’lum emas. «Chegara bilmas muxbirlar» tashkilotiga ko‘ra, Xilyuk Rossiyaga olib ketilgan.
RSF hisobotida aytilishicha, 1 dekabr holatiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab misli ko‘rilmagan sonda – kamida 533 nafar jurnalist o‘z kasbiy faoliyati uchun qamalgan. Bunday holatlarning yarmidan ko‘pi beshta davlatda uchraydi: Xitoy, Myanma, Eron, Vetnam va Belarus. Bu yerda birinchi o‘rinni Xitoy egallab turibdi, u yerda 110 nafar ommaviy axborot vositalari xodimlari panjara ortida. Eronda ommaviy norozilik namoyishlari paytida 47 nafar ommaviy axborot vositalari xodimi qamoqqa tashlandi.
«Qamoqqa olingan ommaviy axborot vositalari xodimlarining rekord soni avtoritar rejimlar shunchaki norozi jurnalistlarni panjara ortiga tashlayotganidan dalolat beradi. Aksariyat hollarda ular sudga ham olib borilmaydi», - deydi «Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti kengashi matbuot kotibi Katya Gloger.
«Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 1 dekabr holatiga, Rossiyada 18 nafar OAV xodimi hibsda saqlanmoqda. Ulardan sakkiz nafari, Rossiya 2014 yilda annexia qilgan Qrimda hibsga olingan ukrainaliklardir.
Hisobotda qayd etilishicha, Ukrainaga qarshi tajovuz boshlanganidan keyin Rossiyada jurnalistlarning ish sharoitlari sezilarli darajada yomonlashgan. «Mamlakatda qolgan ommaviy axborot vositalari xodimlarining aksariyati shafqatsiz jazo tahdidi ostida yashirin ravishda ishlashga majbur: Rossiya armiyasi haqida «yolg‘on ma’lumot» tarqatgani uchun ularni 15 yilgacha qamoq jazosi kutmoqda», — deyiladi hujjatda.
Hisobot mualliflari «davlat sirlarini» oshkor qilganlikda ayblanib, 22 yilga ozodlikdan mahrum etilgan rossiyalik tadqiqotchi jurnalist Ivan Safronovni ham tilga oldi. Safronovning hamkasblari tergov tomonidan aytilgan deyarli barcha «sirlar» internetdagi ochiq manbalarda borligini aniqlashdi.