Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMT: Ukraina infratuzilmasiga hujumlar migratsiya to‘lqiniga sabab bo‘ladi
Birlashgan millatlar tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Turk Ukraina infratuzilmasiga yangi hujumlar gumanitar vaziyatning jiddiy yomonlashishiga va aholining yana ko‘chishiga olib kelishini ma’lum qildi.
Ukrainaga safari ortidan Inson huquqlari kengashida nutq so‘zlagan Folker Turk Rossiya zarbalari millionlab odamlarni «o‘ta og‘ir ahvolga solayotganini» aytdi.
O‘z navbatida, Ukraina Qurolli kuchlari Strategik aloqa boshqarmasi (UQK SAB) xabar berishicha, Luhansk viloyatining Kadiyevka shahrida joylashgan Rossiyaga tegishli o‘q-dorilar omboriga yangi zarbalar berilgan, natijada o‘q-dorilar portlab ketgan.
Bundan oldin Yevropa Ittifoqi mamlakatlari moliya vazirlari Ukrainadagi urush sabab bo‘lgan asosiy muammolarni hal qilishga qaratilgan budjetni qabul qilgandi.
Xususan, 2023 yilga mo‘ljallangan yangi moliyaviy rejada qo‘shni davlatlarni qo‘llab-quvvatlash, harbiy harakatchanlik va energetika inqirozidan chiqish uchun xarajatlarni oshirish ko‘zda tutilgan.
«Urush davom etmoqda. Bunday qiyin paytlarda biz qo‘shnilarimizga yordam berishimiz, Moldova va Ukrainaga yordam berishimiz kerak, - deya tushuntirdi Yevroparlamentning budjetlar bo‘yicha maxsus qo‘mitasi a’zosi Nikolay Stefanuta. - Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi zudlik bilan harbiy harakatchanligini kuchaytirishi kerak, bu to‘g‘ridan to‘g‘ri sodir bo‘lishi kerak».
186,6 milliard yevrolik budjetda qo‘shni davlatlarga yordam ko‘rsatish uchun budjetga deyarli 15 milliard yevro qo‘shilgan. "Erasmus plyus" talabalar dasturi uchun 3,7 milliard yevro ajratildi - bu Ukrainadan qochib ketgan maktab o‘quvchilari va talabalarning ta’limiga qo‘shilgan hissadir.
«Ukrainalik olimlar va talabalarga Yevropa Ittifoqi budjeti hisobidan Yevropa universitetlarida integratsiyalashuviga yordam berish uchun ushbu dastur xarajatlari sezilarli darajada oshirildi», — dedi Stefanuta.