11:01 / 15.12.2022
10970

Istanbul meri mulozimni haqorat qilishda ayblandi. U Erdo‘g‘an uchun asosiy raqib bo‘lishi kutilayotgandi

Shahar meri lavozimini egallab turgan Imomo‘g‘li turk muxolifati vakili bo‘lib, 2023 yilda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovida mamlakatning amaldagi rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning ehtimoliy raqiblaridan biri sanaladi. 

Foto: Reuters

Turkiya sudi Istanbul shahri meri Akrom Imomo‘g‘lini hukumat amaldorini haqorat qilishda ayblab, ikki yil-u yetti oy muddatga ozodlikdan mahrum etdi.

Sud u o‘z chiqishlaridan birida 2019 yil martida o‘tkazilgan Istanbul merligi saylovi natijalarini bekor qilgan amaldorlarni ahmoq deb ataganini jinoyat deb topdi. Prokuratura Imomo‘g‘li uchun to‘rt yil-u bir oy qamoq jazosini so‘ragan edi.

O‘shanda u muxolifatdagi Xalq-Respublika partiyasi nomzodi sifatida prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Adolat va taraqqiyot partiyasi vakilini mag‘lub etgandi. Istanbuldagi saylovlarni ikki bor o‘tkazishga to‘g‘ri kelgan, Imomo‘g‘li 31 mart kuni bo‘lib o‘tgan birinchi saylovda minimal ustunlik bilan g‘olib kelgan bo‘lsa, 23 iyun kuni o‘tkazilgan ikkinchisida raqibini 9 foizdan ortiq farq bilan ortda qoldirgandi.

Dastlabki natijalar hukmron partiya go‘yoki ovoz berish jarayonida ro‘y bergan qoidabuzarliklar bo‘yicha bir necha bor shikoyat bildirganidan keyin bekor qilingandi.

Yakunda saylov komissiyasi takroriy saylovlar o‘tkazish bo‘yicha qaror chiqargandi va Imomo‘g‘lining ishonchli g‘alabasi Adolat va taraqqiyot partiyasining Turkiyaning eng yirik shahri ustidan 25 yillik boshqaruviga chek qo‘ygandi.

Sud ishi merning 2019 yildagi birinchi saylovdagi g‘alabasidan keyin aytgan so‘zlariga asoslanadi. Imomo‘g‘li o‘z himoya so‘zida saylov komissiyasi a’zolarini haqorat qilganini rad etgan va unga shu kabi epitetni qo‘llagan (ya’ni uni ahmoq deb atagan) ichki ishlar vaziri Sulaymon Soyluning so‘zlariga javob qaytarganini aytgan.

Agar apellyatsiya sudi hukmni o‘zgarishsiz qoldirsa, bu Akrom Imomo‘g‘lining siyosiy faoliyatiga yakun yasashi mumkin, u besh yilga siyosiy faoliyatdan chetlashtirilishi, Istanbul meri lavozimini tark etishi va keyingi yili o‘tkaziladigan prezidentlik saylovlarida qatnasha olmasligi mumkin. 

Sud hukmi e’lon qilinganidan keyin u videomurojaat qilib, sud qaroriga hurmatsizlik bildirdi va «bir hovuch odamlarning xalq bergan hokimiyatni egallashga haqqi yo‘qligi»ni aytdi.

Imomo‘g‘li sud hukmidan shikoyat qilishi va u ko‘rib chiqilguniga qadar lavozimda qolishi kutilmoqda, ammo katta ehtimol bilan u prezidentlik saylovlariga nomzodini qo‘yish huquqidan mahrum etiladi.

Bu esa muxolifatdagilarning nomzod bo‘yicha tanlovini qiyinlashtiradi, chunki agar so‘rovlarga ishonilsa, Istanbul meri - muxolifatchilarning 2014 yildan buyon prezidentlikda qolayotgan Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni mag‘lub etishi mumkin bo‘lgan kam sonli yetakchilaridan biri hisoblanadi.

 

 

Mavzuga oid
Top