Jahon | 11:36 / 15.12.2022
4929
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadagi neft zavodida yirik yong‘in yuz berdi, halok bo‘lganlar bor

Rossiya Tergov qo‘mitasining Irkutsk viloyati bo‘yicha boshqarmasi «Rosneft» tarkibiga kiruvchi Angarsk neft-kimyo kompaniyasidagi yong‘indan keyin sanoat xavfsizligi talablarini buzish moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. 

Foto: tvc.ru

Irkutsk viloyatining Angarsk shahridagi neft zavodida yuz bergan yong‘in natijasida ikki kishi halok bo‘ldi. Angarsk neft-kimyo kompaniyasi (ANKK) texnologik blokida yong‘in 15 dekabr, payshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 6:00 da (Toshkent vaqti bilan 03:00) sodir bo‘lgan. Mazkur holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 217-moddasi (Ehtiyotsizlik oqibatida ikki yoki undan ortiq shaxsning o‘limiga sabab bo‘lgan xavfli ishlab chiqarish obektlari sanoat xavfsizligi talablarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasining Irkutsk viloyati bo‘yicha boshqarmasi xabar berdi.

Dastlab 4 kishi jabrlangani haqida xabar berilgandi, keyinroq Irkutsk viloyati gubernatori Igor Kobzev yong‘in oqibatida besh kishi jabrlanganini ma’lum qildi. «Jabrlanganlar bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligining yangilangan ma’lumotlari. Bir nafari kasalxonada, yana to‘rt nafari ambulator davolanishga jo‘natilgan. ANKK hududida favqulodda vaziyatlar komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Bundan tashqari, yaqin atrofda joylashgan uylar ko‘zdan kechirildi. Hech qanday zarar holati aniqlanmadi», — deb yozdi u Telegram’da. 

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining Irkutsk viloyati bo‘yicha bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, to‘planib qolgan gaz yong‘inga olib kelgan bo‘lishi mumkin. 2,5 ming kvadrat metr maydondagi yong‘inni 100 dan ortiq odam va 25 dona texnika o‘chirgan. Hozirgi vaqtga kelib u o‘chirildi. ANKK Irkutsk viloyati, Buryatiya va Baykalorti o‘lkasi uchun asosiy yonilg‘i yetkazib beruvchi hisoblanadi va «Rosneft» tarkibiga kiradi. 

So‘nggi haftalarda Rossiyada bir qancha yirik yong‘inlar sodir bo‘ldi. 12 dekabr kuni Moskva yaqinidagi Balashixada «Stroypark» savdo markazi yonib ketdi. 9 dekabr kuni Moskvada «Mega Ximki» savdo markazida katta yong‘in sodir bo‘ldi, natijada OBI gipermarketi yonib ketdi va qo‘riqchi halok bo‘ldi. Moskvada yana bir jiddiy yong‘in noyabr oyining oxirida Komsomolskaya maydoni yaqinida sodir bo‘ldi. Kostromada noyabr oyida tungi klubda sodir bo‘lgan yong‘inda 15 kishi halok bo‘lgan edi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid