Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turk generali Ozarboyjon mudofaa vazirligida muhim lavozimga tayinlandi. Bu nimani anglatadi?
Turkiyalik general Baxtiyor Ersoyning Ozarboyjon mudofaa vaziri maslahatchisi etib tayinlanishi Turkiya va Ozarboyjon harbiy salohiyatini birlashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi. Bu Bokuning qo‘shnilari qarshisida mustahkam kuchga ega bo‘lishiga imkon beradi.
Foto: MEB.GOV.TR
Ersoyning tarjimai holi yuqori martabali harbiylar uchun noodatiy: u turk fuqarolarini «arab bahori»dan qutqarib qolgan, keyinchalik davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanib qamalgan.
2022 yil 10 sentabr kuni turkiyalik general-polkovnik Baxtiyor Ersoy Ozarboyjon mudofaa vaziri Zokir Hasanovning maslahatchisi etib tayinlandi. Mahalliy APA agentligining xabar berishicha, tayinlanganidan keyin Ersoy mudofaa vazirligi rasmiylari yig‘ilishida qatnashgan va Ozarboyjon armiyasini Turkiya qurolli kuchlari modeliga moslashtirish borasida olib borayotgan ishlari haqida gapirgan. U shuningdek, rejalashtirgan islohotlari to‘g‘risida ham to‘xtalgan.
Gap shundaki, Anqara sentabr oyida Turkiya qurolli kuchlarining Ozarboyjondagi maxsus qo‘mondonligiga o‘zining to‘rt nafar generalini tayinlagandi. Ulardan biri esa aynan Baxtiyor Ersoy edi.
Qamalib chiqqan general
Agar Turkiya matbuotiga ko‘z yugurtirib chiqilsa, general-polkovnik Baxtiyor Ersoyning dramatik voqealarga boy o‘tmishi borligini ko‘rish mumkin.
BBC Ozarboyjon xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Ersoy 2011 yilda davlat to‘ntarishiga urinishda ayblangan va buning uchun sudlangan zobitlar orasida bo‘lgan.
Biroq 16 yillik qamoq jazosining 3 yilini o‘tagach, Ersoy ozodlikka chiqadi va unga qo‘yilgan barcha ayblovlar olib tashlanadi.
Ersoy armiyaga qaytadi hamda Turkiya quruqlik kuchlarining operativ shtabi boshlig‘i lavozimigacha ko‘tariladi.
Turkiya nashrlarida Ersoy Iroq chegaralaridagi ayirmachi Kurdiston ishchilar partiyasiga (KIP – Turkiyadagi amaldagi hukumatning an’anaviy dushmani hisoblanadi, tuzilma Turkiyada terrorchi tashkilot deb e’lon qilingan) qarshi operatsiyalarni boshqargani qayd etilgan.
General Ersoy, shuningdek, 2010 yilgi «arab bahori» tartibsizliklari paytida Tunisdan 28 ming turkiyalikni muvaffaqiyatli evakuatsiya qilishni tashkillashtirgan harbiylardan biri hamdir.
Armaniston va Rossiyaning ayrim nashrlari Ersoy 2020 yilning kuzida Qorabog‘dagi Ozarboyjon qo‘shinlarini boshqarishda qatnashganini yozadi. Turkiya bu paytda haqiqatan ham Ozarboyjonga ham diplomatik, ham qurol-yarog‘ sohasida yordam bergandi.
Jumladan, Turkiyaning Bayraktar dronlari armanlarning zirhli texnikalari va pozitsiyalariga havodan zarbalar berish orqali Ozarboyjonning jang maydonida katta ustunlikka erishishiga yordam bergandi.
NATOga a’zo davlat bilan yagona armiya tuzilishi mumkinmi?
Sentyabr oyida ekspertlar BBC Ozarboyjon xizmatiga mamlakatning quruqlikdagi kuchlarida tarkibiy islohotlar olib borilayotganini aytgan edi.
Harbiy tahlilchi Uzeir Jafarovning so‘zlariga ko‘ra, general-polkovnik Baxtiyor Ersoy aynan shu yo‘nalishda faoliyat olib boradi, u «faqat quruqlikdagi qo‘shinlar»ni tayyorlashda maslahatchi rolini o‘ynaydi.
Foto: TURKEY DEFENCE MINISTRY HANDOUT
«Ozarboyjon armiyasida ilgari ham turkiyalik harbiy maslahatchilar bo‘lgan, turkiyalik o‘qituvchilar esa harbiy akademiyada ozar kursantlariga dars bergan», deya eslaydi mustaqil ekspert, mudofaa vazirligining sobiq xodimi Asad Isazoda.
«2020 yilgi Qorabog‘ urushi paytida turk harbiylari faqat maslahatchi vazifasini bajardi. Mudofaa vazirining yangi maslahatchisi ham harbiy harakatlar va tayyorgarlik uchun javobgar bo‘lmaydi, unda jangovar funksiyalar yo‘q», deya qo‘shimcha qilgan Isazoda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi holatda Ersoy Ozarboyjon va Turkiya armiyalarini yagona standartga keltirish uchun maslahatchi sifatida zarur.
Gap shundaki, har ikki davlatda ham uzoq vaqtdan beri yuqori doiralarda yagona armiya yaratish haqida gapirib kelinadi, davlatlar tez-tez qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazadi.
2021 yil Ozarboyjon va Turkiya prezidentlari Shusha qo‘shma deklaratsiyasini imzoladi. Unga ko‘ra, ikki davlatdan birortasiga tashqi tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda, ular bir-biriga harbiy yordam ko‘rsatish majburiyatini oldi.
«Ushbu bitim amalda biri NATO a’zosi bo‘lgan ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni harbiy ittifoq darajasiga ko‘tardi», deya ta’kidlaydi BBC Turkiya xizmati.
Foto: MEB.GOV.TR
«Ammo bu ikki armiyada bir-biriga mos kelmaydigan yuzlab parametrlar mavjud. Bular taktik usullar, rotalar, batalonlar va brigadalarning soni hamda ularning qo‘mondonlik tarkibini shakllantirish, shuningdek, qurollar, kalibrlar, radioaloqa tizimlari», deya fikr bildirgan Isazoda.
Mutaxassisning fikricha, Ersoy tayinlanganidan keyin amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar mintaqa uchun ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
«Bu zaruratga qarab u yoki bu operatsiyada qatnashadigan yagona armiya bo‘ladi. Va bu Rossiya, Eron va Armaniston qarshisidagi birdamlik ramzi ham bo‘ladi», deydi Isazoda.
Ozarboyjon nafaqat, qo‘shnisi Armaniston bilan harbiy mojaroga, balki boshqa ikki hamsoyasi – Rossiya va Eron bilan ham murakkab munosabatlarga ega.
Kuzda Eron Ozarboyjon chegaralari yaqinida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Bunga javoban Ozarboyjon va Turkiya qo‘shinlari Baxtiyor Ersoy ham ishtirok etgan javob manyovrlarini amalga oshirdi.
Mavzuga oid
22:08 / 18.05.2026
Shavkat Mirziyoyev Bokuda Ilhom Aliyev bilan uchrashdi
20:25 / 17.05.2026
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjonga jo‘nab ketdi
12:06 / 17.05.2026
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Ozarboyjonga boradi
11:53 / 14.05.2026