Jahon | 21:41 / 16.12.2022
8755
2 daqiqa o‘qiladi

Afrikadagi «Russkiy dom» markazi rahbariga suiqasd uyushtirildi 

Dmitriy Sitiy qo‘lida bomba solingan jo‘natma portlagan. AQSh uni «Vagner» XHK bilan aloqadorlikda ayblab, sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan edi. 

Foto: Reuters

Markaziy Afrika Respublikasi (MAR) poytaxti Bangi shahrida «Russkiy dom» madaniy markazi rahbari Dmitriy Sitiyga suiqasd uyushtirildi. 

«Xalqaro xavfsizlik bo‘yicha ofitserlar hamdo‘stligi» tashkiloti xabariga ko‘ra, unga bomba solingan jo‘natma yuborilgan. 

«Bugun Bangi shahrida Rossiya gumanitar missiyasiga qarshi terakt sodir etildi. «Russkiy dom» rahbari Dmitriy Sitiy qo‘lida bomba solingan jo‘natma portladi», deyiladi xabarda. 

Sitiy shifoxonaga yotqizilgan, shifokorlar uning hayoti uchun kurashmoqda. 

Xabarga ko‘ra, suiqasddan oldin Dmitriy Sitiy agar Rossiya MAR bilan hamkorlikni to‘xtatmasa, o‘zi va oilasi o‘ldirilishi haqidagi tahdidli xatlarni olgan. 

Rossiya TIV hodisani «terakt» deb atadi. 

«Biz Bangi shahridagi «Russkiy dom» faoliyatiga to‘sqinlik qilish, kengroq aytganda, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning muvaffaqiyatli rivojlanishiga zarar yetkazishni maqsad qilgan ushbu jinoiy harakatni keskin qoralaymiz», deyiladi bayonotda. 

Dmitriy Sitiy 2018 yildan beri Markaziy Afrika Respublikasida ishlayapti. U rahbarlik qilayotgan «Russkiy dom» madaniyat markazi Rossiya va MAR o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirishi aytilgan. Biroq, Sitiy Yevgeniy Prigojin tomonidan asos solingan «Vagner» XHK xodimi bo‘lishi mumkin. AQSh va Yevropa Ittifoqi bu kompaniyani Afrikadagi bir qancha jinoiy harakatlarda, jumladan qotillik va zo‘ravonlikda ayblamoqda. 2020 yilda Sitiy AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan edi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid