Sport | 20:41 / 16.12.2022
22375
2 daqiqa o‘qiladi

Sinisha Mixaylovich vafot etdi

O‘tmishning taniqli futbolchisi, «Milan» va «Fiorentina» klublarini boshqargan murabbiy so‘nggi yillarda leykemiya bilan kurashayotgandi.

Foto: Gabriele Maltinti/Getty Images

«Milan» klubi va Serbiya milliy jamoasining sobiq bosh murabbiyi, yugoslav va serb futboli afsonasi Sinisha Mixaylovich 16 dekabr kuni 54 yoshida vafot etdi. Bu haqda Sky Sport xabar bermoqda.

La Gazzetta dello Sport nashri qayd etishicha, Mixaylovich Rimdagi klinikada olamdan o‘tgan. Murabbiyning oilasi u «qo‘rqinchli kasallik bilan mardlarcha olishgani»ni aytib, shifokorlarga yordam uchun minnatdorchilik bildirgan.

2019 yil iyulida Mixaylovich o‘ziga leykemiya tashxisi qo‘yilganini va «hujumda o‘ynab» ushbu kasallikni yengib o‘tmoqchi ekanini aytgandi. Murabbiy bir necha bor ximiyaterapiya kurslarini o‘tagan, unga suyak iligi ko‘chirib o‘tkazilgandi.

Mart oyida Mixaylovich leykemiya qaytgani va u yana davolanishi kerakligini aytgandi. Sentyabr oyida «Bolonya» klubi startdagi muvaffaqiyatsiz natijalar tufayli uni iste’foga chiqardi.

Futbolchilik faoliyati davomida Mixaylovich «Tsrvena Zvezda», «Roma», «Sampdoriya», «Latsio» va «Inter»dagi o‘yinlari orqali tanilgandi. 

U 2006 yildan murabbiylik faoliyatini boshlab, «Inter»da yordamchi murabbiyga aylangandi. Shundan keyin u «Fiorentina», «Sampdoriya», «Torino», «Milan» klublari va Serbiya milliy jamoalarini boshqargan edi.

Mavzuga oid