Jahon | 08:01 / 16.12.2022
6495
3 daqiqa o‘qiladi

YeI 16 dekabr kuni Rossiyaga qarshi 9-sanksiya paketini yozma ravishda tasdiqlaydi

Yevropa Ittifoqining Ukrainadagi urush uchun Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketi, Yevropa komissiyasiga ko‘ra, 200 ga yaqin shaxs va kompaniyaga ta’sir qiladi.

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqi 27 davlatining doimiy vakillari Ukrainaga harbiy bostirib kirgani uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalarning to‘qqizinchi paketini kelishib oldi, deb xabar berdi Chexiyaning Yevropa Ittifoqidagi raisligi 15 dekabr, payshanba kuni kechqurun Twitter mikroblogida. «Bu Chexiyaning Yevropa Ittifoqiga raisligi doirasida kelishilgan Rossiyaga qarshi uchinchi sanksiyalar paketi bo‘lib, ertaga yozma tartibda tasdiqlanadi», — deyiladi xabarda.

O‘tgan hafta Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini taqdim etdi. Fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, qora ro‘yxatga rossiyalik 200 ga yaqin jismoniy va yuridik shaxslar kiritiladi. Ular orasida Rossiya qurolli kuchlariga aloqador odamlar va kompaniyalar, harbiy-sanoat kompleksi korxonalari, Davlat dumasi deputatlari va Federatsiya kengashi a’zolari, shuningdek, vazirlar, gubernatorlar va boshqa siyosatchilar bor. «Ushbu ro‘yxat Rossiyaning tinch aholiga shafqatsiz va ataylab qilingan raketa hujumlari, ukrainalik bolalarni Rossiyaga o‘g‘irlab ketishi va Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini talon-toroj qilishi bo‘yicha asosiy shaxslarni qamrab oladi», deb tushuntirdi Yevropa komissiyasi rahbari.

Sanksiyalarning 9-paketi doirasida YeI komissiyasi ikki maqsadli tovarlarga, xususan, Rossiya harbiy sanoatida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan ayrim kimyoviy komponentlar, asab-paralitik moddalar, elektronika va dasturiy ta’minotlarga qo‘shimcha eksport cheklovlarini joriy etishni taklif qildi. Bundan tashqari, «Rossiyaga dronlar uchun dvigatellarni to‘g‘ridan to‘g‘ri va Rossiyaga uchuvchisiz uchoqlar yetkazib berishi mumkin bo‘lgan har qanday uchinchi davlatlarga, masalan, Eronga eksport qilishni taqiqlash» taklif qilinmoqda. Yevropa komissiyasi, shuningdek, «Rossiya energetika va tog‘-kon sanoatiga qarshi qo‘shimcha iqtisodiy choralar», jumladan, Rossiyaning tog‘-kon sanoatiga yangi sarmoya kiritishni taqiqlashni ham e’lon qildi.

Mavzuga oid