Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi to‘qqizinchi sanksiyalar paketini e’lon qildi
Bu safar tog‘-kon sanoati, mudofaa tizimi, banklar, samolyot va dronlar uchun ehtiyot qismlar, telekanallar, shuningdek, yuqori lavozimli amaldorlar, siyosatchilar, propaganda uchun xizmat qiluvchi san’atkorlarga nisbatan sanksiyalar joriy etildi.
Rossiyaga qarshi sanksiyalarning to‘qqizinchi to‘plami Yevropa Ittifoqining (YeI) rasmiy jurnalida chop etildi. Sanksiyalar nashr etilgan kundan boshlab kuchga kirdi.
YeI ikkita rus banki - Moskva kredit banki (MKB) va Uzoq Sharq bankining aktivlarini muzlatishga qaror qildi. Shuningdek, Butunrossiya mintaqaviy taraqqiyot banki (BMTB) bilan har qanday operatsiyalarni olib borish taqiqlandi.
Bundan tashqari, rossiyalik 140 ga yaqin shaxs sanksiyalar ostida qoldi. Ular orasida Rossiya prezidentining yordamchisi Maksim Oreshkin, Bosh vazir o‘rinbosarlari Tatyana Golikova, Viktoriya Abramchenko, Aleksey Overchuk, federal vazirlar Maksut Shadayev, Aleksandr Kurenkov, Olga Lyubimova, Sergey Kravsov, Valeriy Falkov va boshqalar, Federal soliq xizmati rahbari Daniil Yegorov, Davlat Dumasi deputatlari va Federatsiya Kengashi a’zolari, milliarder Yuriy Kovalchukning rafiqasi Tatyana, rejissyor Nikita Mixalkov, qo‘shiqchi Grigoriy Leps, teleboshlovchilar Boris Korchevnikov va Marina Kim bor. Shuningdek, o‘nlab idora va tashkilotlarga, jumladan, barcha parlament partiyalari va Roskomnadzorga qarshi ham sanksiyalar joriy qilingan.
«Rossiya mudofaa va xavfsizlik sektorini texnologik takomillashtirish»ga olib kelishi mumkin bo‘lgan ikki maqsadli tovarlar va texnologiyalarni yetkazib berishga yangi cheklovlar joriy etildi.
Rossiyaning tog‘-kon sanoatiga yangi sarmoya kiritish taqiqlandi, ayrim «muhim» xomashyo bilan bog‘liq faoliyatga investitsiyalar bundan mustasno.
YeI eksporti taqiqlangan aviamahsulotlar ro‘yxatini kengaytirdi – unga samolyot dvigatellari va ularni, shuningdek, dronlarni boshqarish uchun mo‘ljallangan ehtiyot qismlari qo‘shildi. Bu Rossiyaga dron dvigatellarini eksport qilish, shuningdek, unga dronlarni yetkazib berishi mumkin bo‘lgan har qanday uchinchi davlatga eksport qilish taqiqlanishini anglatadi.
Rossiyaning to‘rtta telekanali - NTV Mir, Rossiya 1, REN TV va «Perviy kanal» Yevropada translatsiya litsenziyalaridan mahrum qilindi.
Yevropaliklarga Rossiyada reklama, bozorni o‘rganish va jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek, mahsulotni sinovdan o‘tkazish va texnik ko‘rikdan o‘tkazish taqiqlandi.
16 yanvardan boshlab Yevropa Ittifoqi mamlakatlari fuqarolariga Rossiya davlatining boshqaruv organlarida yoki davlat tomonidan nazorat qilinadigan yuridik shaxslar, tashkilotlar yoki organlarda har qanday lavozimni egallash taqiqlandi.
To‘qqizinchi sanksiyalar to‘plami 7 dekabr kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen tomonidan rasman e’lon qilingan edi. Uning ta’kidlashicha, avvalgi paketlar allaqachon Rossiyani sezilarli darajada «tishlamoqda».
Mavzuga oid
00:36
Rossiya BMTning Sudanda o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi
21:08 / 18.11.2024
Oq uy Ukrainaga AQSh qurollari bilan Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berilganini tasdiqlamadi
20:14 / 18.11.2024
Ukraina ATACMS bilan Rossiya hududlariga zarba berishi mumkin. Bu nimani o‘zgartiradi?
20:09 / 18.11.2024