Jahon | 09:36 / 17.12.2022
16712
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh generali: Rossiya Kiyevni qo‘lga kiritishga qayta urinmaydi

Rossiya Kiyevni egallashga yangi urinishni amalga oshirmaydi. Bu haqda amerikalik iste’fodagi general-leytenant Ben Xojyes ma’lum qildi. 

Foto: Bloomberg

«Rossiya bu vaqt ichida bunday kattalikdagi, ayniqsa sifatli kuch to‘play olishiga shubha qilaman», — deb yozdi Xojyes o‘zining Twitter mikroblogida. 

Shu bilan birga, u Rossiyadagi so‘nggi qisman safarbarlik muvaffaqiyatsiz yakunlanganini eslatdi. Shu tariqa, amerikalik Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyga e’tiroz bildirdi.

Valeriy Zalujniy The Economist nashriga bergan intervyusida: «Ruslar 200 mingga yaqin yangi askar tayyorlamoqda. Ular yana Kiyevga kelishga harakat qilib ko‘rishiga shubha qilmayman», dedi.

Ben Xojyes, shuningdek, Rossiyaning yangi hujum operatsiyalari salohiyatini ortiqcha baholash Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishni istamaydiganlar uchun qulay bo‘lishini qo‘shimcha qildi. 

Bundan oldin Zalujniy Ukraina qurolli kuchlarida hozirda uchta asosiy vazifa borligini aytgandi. Ular: hozirgi chegaralarni saqlab qolish, urushning keyingi bosqichi uchun zaxiralarni to‘plash va armiyani havo hujumidan mudofaa tizimi va raketa zarbalariga qarshi tizimlar bilan ta’minlash, xususan, Ukraina fuqarolik infratuzilmalarini himoya qilish.

Shu bilan birga, Zalujniyning Ukraina Rossiya urush boshidan beri bosib olgan hududlarni qaytarib olishiga ishonchi komil. Buning uchun, bosh qo‘mondonning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga qo‘shimcha 300 tank, 600-700 ta piyodalarning jangovar mashinalari hamda 500 ta gaubitsa kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid