Jahon | 20:45 / 17.12.2022
20312
2 daqiqa o‘qiladi

Telegram akkauntlarini ommaviy o‘g‘irlash holatlari ko‘paydi 

Firibgarlar soxta havola orqali foydalanuvchi profilini qo‘lga kiritmoqda. 

Foto: Getty Images

17 dekabr kuni Telegram foydalanuvchilari profillarini noqonuniy egallab olishga urinishlar ko‘paygani kuzatildi. 

Firibgarlar ishlatayotgan usul taxminan quyidagicha: foydalanuvchi o‘z kontaktlaridan biridan sovg‘a – Telegram Premium’ga  obuna bo‘lish haqida xabar olishi mumkin. Akkaunt egasi xabardagi tugmani (yoki havolani) bosadi, shundan so‘ng u Premium obunani «faollashtirish» uchun avtorizatsiya kodini oladi. Foydalanuvchi kodni kiritadi, oqibatda firibgar uning akkauntini o‘z kompyuterida ochadi. Shundan so‘ng, o‘g‘irlangan akkauntdan bu xabar kontaktlar ro‘yxatidagilarga jo‘natiladi. Oqibatda, akkauntlarning ommaviy o‘g‘irlanishiga yo‘l ochiladi. 

Mutaxassislar Telegram foydalanuvchilarini ikki faktorli autentifikatsiyadan foydalanishga chaqirmoqda, bunda hatto kodni kiritgandan keyin ham tajovuzkorlar faqat akkaunt egasi biladigan parolni kiritishi kerak bo‘ladi. 

Avvalroq firibgarlar Telegram akkauntlarini o‘g‘irlash uchun turli tanlovlarda ishtirok etish taklif qilingan havolalar jo‘natayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. 

Mavzuga oid