YeI Rossiyaga qarshi sanksiyalarning to‘qqizinchi paketini qabul qildi
To‘rtta davlat ommaviy axborot vositasi va Butunrossiya mintaqaviy taraqqiyot banki Yevropa Ittifoqining yangi sanksiyalari ostida qoldi. Dron dvigatellarini to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiyaga va dronlarni yetkazib beradigan har qanday uchinchi davlatga eksport qilish taqiqlanadi.
Yevropa Ittifoqi 16 dekabr, juma kuni ikki maqsadli tovarlar va texnologiyalar, shuningdek, Rossiya mudofaa sektorini yaxshilashga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan tovarlar va texnologiyalar eksportiga cheklovlar kiritdi. Rossiya harbiy-sanoat kompleksi bilan bog‘liq sanksiyalar ro‘yxatiga yana 168 ta sub’yekt qo‘shildi va ularning soni 410 taga yetdi. Jazo choralarini chetlab o‘tmaslik uchun ushbu ro‘yxatga noqonuniy ravishda annexia qilingan Qrim va Sevastopolda joylashgan Rossiya nazoratidagi ayrim sub’yektlar ham kiritilgan.
Rossiyaga «asosiy kimyoviy moddalar», asab-paralitik moddalar, tungi ko‘rish va radio-navigatsiya uskunalari, elektronika va «Rossiya harbiy mashinasi tomonidan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan IT-komponentlar»ni yetkazib berish taqiqlanadi, deyiladi Yevropa Ittifoqi kengashi xabarida, masalan, noutbuk kompyuterlari va hisoblash komponentlari, kameralar va linzalar. Yevropa komissiyasining hisobotida jang maydonida Rossiya harbiy tizimlarida topilgan kamuflyaj uskunalari, kimyoviy va biologik uskunalar, tartibsizliklarni nazorat qilish va elektron komponentlar kabi narsalarga misollar keltirilgan.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi aviatsiya va kosmik sanoati bilan bog‘liq tovarlar va texnologiyalarni eksport qilishni taqiqlashni samolyot dvigatellari va ularning qismlarini o‘z ichiga olgan holda kengaytiradi. Bu ham boshqariladigan, ham uchuvchisiz uchish apparatlariga, hatto o‘yinchoq va havaskor dronlarga ham tegishli bo‘ladi. Bu shuni anglatadiki, bundan buyon dron dvigatellarini Rossiyaga va uni dron bilan ta’minlay oladigan uchinchi davlatga to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport qilish mumkin emas.
Yevropa Ittifoqi Moskva kredit banki, Uzoq Sharq banki aktivlarini muzlatib qo‘yadi va Butunrossiya mintaqaviy taraqqiyot bankini operatsiyalari to‘liq taqiqlanishi mumkin bo‘lgan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritadi.
Rossiyaning tog‘-kon sanoatiga kiritilgan yangi investitsiyalar sanksiyalarga duchor bo‘ladi, o‘g‘itlar va «muhim xomashyo» bilan bog‘liq konchilik faoliyati bundan mustasno.
Yevropa Ittifoqi kengashi NTV/NTV "Mir", Rossiya-1, REN TV va Birinchi kanalning litsenziyalarini to‘xtatib qo‘ydi. «Ushbu ommaviy axborot vositalari Rossiya rahbariyatining doimiy bevosita yoki bilvosita nazorati ostida bo‘lib, Rossiya rahbariyatining doimiy va kelishilgan dezinformatsion va harbiy tashviqot faoliyati uchun foydalaniladi, bu esa Rossiya tajovuzkorligini qonuniylashtiradi va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga putur yetkazadi», - deyiladi kengash bayonotida. Shu bilan birga, ushbu ommaviy axborot vositalari va ularning xodimlariga Yevropa Ittifoqi hududida tadqiqot va suhbatlar o‘tkazish kabi boshqa faoliyatni amalga oshirish taqiqlanmagan.
Rossiyaga marketing va reklama xizmatlarini, shuningdek, mahsulotni sinovdan o‘tkazish va texnik nazorat xizmatlarini ko‘rsatish taqiqlanadi.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari fuqarolariga Rossiyada joylashgan barcha Rossiya davlati yoki davlat tomonidan nazorat qilinadigan yuridik shaxslar, tashkilotlar va organlarning boshqaruv organlarida biron bir lavozimni egallash taqiqlanadi.
Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ro‘yxatiga 200 ga yaqin jismoniy va yuridik shaxslarni kiritdi. Ular orasida Rossiya Qurolli kuchlari, harbiy-sanoat kompleksining alohida ofitserlari va korxonalari, Davlat dumasi va Federatsiya kengashi deputatlari, vazirlar, Ukrainaning bosib olingan hududlaridagi rossiyaparast «hokimiyat» va beshta siyosiy partiya bor. Rossiyaning tinch aholiga ataylab raketa hujumi uyushtirgan, ukrainalik bolalarni Rossiyaga ko‘chirish va Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘g‘irlashda ishtirok etgan asosiy shaxslarga nisbatan sanksiyalar joriy etilmoqda.
Yevropa Ittifoqining yangi sanksiyalari «Rossiya iqtisodiyoti va uning Ukrainaga qarshi tajovuzni davom ettirish qobiliyatiga jiddiy zarba berish» uchun mo‘ljallangan, deya ma’lum qildi Bryussel.
Mavzuga oid
00:36
Rossiya BMTning Sudanda o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi
21:08 / 18.11.2024
Oq uy Ukrainaga AQSh qurollari bilan Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berilganini tasdiqlamadi
20:14 / 18.11.2024
Ukraina ATACMS bilan Rossiya hududlariga zarba berishi mumkin. Bu nimani o‘zgartiradi?
20:09 / 18.11.2024