O‘zbekiston | 19:06 / 19.12.2022
13713
4 daqiqa o‘qiladi

Qishki ta’tilga hamyonbop tanlov – Chimyon | “Manzil”

Chimyon Toshkent shahridan 90 km uzoqlikda joylashgan. Qishki mavsum chang‘i uchish uchun keluvchilarni o‘ziga jalb etsa, boshqa fasllarda odamlar cho‘qqilar va soylar tomon sayohatlarga chiqishadi. “Manzil” loyihasi bu yerda qishki faol hordiq chiqarish narxlari va ko‘ngilochar mashg‘ulotlar bilan tanishtiradi.

Chimyon asosan yozning issig‘ida va qishda, dekabr-yanvar oylarida gavjum bo‘ladi.

Men yoshligimda ko‘p bor qorda sirpanchiq, chana uchgan bo‘lsam-da, biror marta chang‘i uchmaganman. Aynan Chimyonda o‘zimni chang‘i uchishda sinab ko‘rdim. Tog‘ga chiqmasang, do‘lona qayda, deganlaridek, mashaqqatiga va ko‘nikmalarini o‘rganishga hafsala qilsangiz, bu mashg‘ulot ajoyib ekan. Faqat ehtiyotkorlikni yo‘qotmagan holda, o‘rgatuvchining ko‘rsatmalariga amal qilish kerak.

Bu yerda chang‘idan boshqa qorda uchishga ballonlar, otda sayr va kvadrosikllar ham bor. Umuman olganda, qorda ko‘ngil yozish va ichingizdagi g‘uborlarni chiqarib yuborishga Chimyondek joyni topish mushkul.

Narxlarga keladigan bo‘lsak, chang‘ining bir soatlik ijarasi 40-50 ming so‘m. Ballonlar ham shunday, 40-50 ming so‘m atrofida. Kvadrosiklda bir martalik aylanib kelish esa 50 ming so‘m.

Otda sayr qilish esa 3 yo‘nalish bo‘ylab bo‘ladi va ularning narxi 30 ming, 150 ming va 200 ming. Bu narxlar dekabr oyi oxiri yanvar oyi boshlarida ko‘tariladi. Lekin bir narsaga ehtiyot bo‘ling, otga minayotganda narxini kelishib, qaytadigan manzilingizni aniq bilib chiqishni tavsiya beramiz.

Qishloqdagi har bir oila borki turizm ortidan pul topadi. Kimdir oti bilan, kimdir sanatoriyada xodim bo‘lib ishlaydi, kimdir chang‘i ijaraga beradi va yana kimdir uyiga ijarachi qo‘yadi.

Chimyonga keluvchilar ko‘pligining sabablaridan yana biri – dor yo‘li. Uning uzunligi 800 metr, yuqori stansiyasi 1925 metr balandlikda joylashgan. Chang‘i uchuvchilar va yuqoridan atrof go‘zalligini tomosha qiluvchilar dor yo‘lidan yuqoriga ko‘tariladi. Narxi – kattalarga 25 ming so‘m, bolalarga 10 ming so‘m.

Men osma arqonning yarmidan o‘tguncha, hech narsani his qilmay, oddiy tepalikka ko‘tarib chiqadigan inshoot deya o‘ylagandim. Yarmidan o‘tishni boshlaganda, qaydanam shu tepalikka chiqdim, degan qo‘rquv paydo bo‘ldi. To‘g‘risi, bunaqa baland joyi borligini o‘ylamagandim. 50 metrcha yuqoridan o‘tgan qismida odam bir seskanib oladi. Yuqoriga chiqib, u yerdan atrofdagi manzarani ko‘rishni boshlagan odam, osma arqondagi qo‘rquvni bir zumda esidan chiqaradi. Manzarani tasvirlashga esa til ojiz. Uni faqat shu yerga kelib ko‘rib, his qilish mumkin.

Bu ajoyib manzil sizning va yaqinlaringizning madaniy hordiq chiqarishi uchun ajoyib tanlov. Dekabr, yanvar va fevral oylarida ham bemalol borishingiz mumkin. Avval aytganimizdek, safar qiling, salomat bo‘lasiz. Kelasi manzillarda ko‘rishguncha.

Tohirjon Tursunov, Boymirza Xalilov,
Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun maxsus.

Mavzuga oid