Joylarda ayollarning mehnat imkoniyatlarini tahliliy o‘rganish umuman yo‘lga qo‘yilmagan - Tanzila Norboyeva
Oliy Majlis Senati raisi zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar, migrant ayollar va jazoni o‘tash joylaridan qaytgan ayollarga ko‘mak berish masalalariga to‘xtaldi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda Senat raisi Tanzila Norboyeva so‘zga chiqib, ayollarning bandlik masalasiga to‘xtaldi.
«Mehnat kodeksining yangi tahririni ishlab chiqayotganda, asosan, ayollarga qulay, xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishga, xalqaro standartlarga moslashtirishga e’tibor qaratildi. Joylarda xususiy, shuningdek, davlat-xususiy sherikchilik asosida yuzlab korxonalar tashkil etilib, yangi ish o‘rinlari yaratilyapti. Lekin tabiiy savollar tug‘iladi – bu ish joylarida munosib ish haqi to‘lanyaptimi, munosib va xavfsiz mehnat sharoitlari yaratilganmi? Norasmiy sektorda ishlayotgan ayollarni rasmiy mehnat sektoriga o‘tkazish ta’minlanyaptimi, buning real darajasi hozirda qanday? — aynan mana shu masalalarga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, ish beruvchilar alohida e’tibor berishi kerak, joylarda ayollarning mavjud mehnat imkoniyatlarini tahliliy o‘rganish umuman yo‘lga qo‘yilmagan», dedi Norboyeva.
«Aholini kasbga o‘qitish kerak, bu uchun monomarkazlar bor, yana boshqa filiallar tashkil qilinadi deyildi. Lekin tumanlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayoni, mahallalarning o‘sish nuqtalari, ma’lum sohalarga ixtisoslashtirilgan hududlar bor. Ayollarni kasbga tayyorlash va qayta o‘qitish dasturlarida aynan shu omillar e’tiborga olinishi kerak. Dasturlar bir xil, umumiy yondashuvda bo‘lishi yaramaydi. Qaysi bir hududda chorvachilik, qayerdadir asalarichilik, yana boshqa tumanda kasanachilik o‘sish nuqtasi bo‘lganiga qarab dasturlarni ham ana shu xususiyatlardan kelib chiqib, moslab tayyorlash zarur. Kasbga o‘qitildi ham deylik, xo‘sh, undan keyin ayolni ishga joylash, uning mehnat qilishida ko‘mak ko‘rsatish bilan kimdir shug‘ullanyaptimi? Mana shu masala Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligini o‘ylantirishi kerak», deb qo‘shimcha qildi Senat raisi.
«Bugun barcha mutasaddilar - Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi - eng katta e’tiborni tashqi mehnat migratsiyasidan yoki jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan ayollarimizga qaratishi zarur. Bu ayollar og‘ir hayotiy vaziyatlarni boshidan kechirganlar, endi ular yana qayta qiynalmasligi, yana murakkab, og‘ir sharoitga tushib qolmasligi kerak. Bu ayollarimizning ham bandligi, munosib mehnat sharoitlari, jamoasida teng ko‘rilishida manzilli aniq yordam ko‘rsatish zarur», deb ta’kidladi Norboyeva.
«Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik haqida gapirsak, aynan zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollarni birlamchi o‘qitib, ish bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘mak mutasaddilar tomonidan umuman yo‘lga qo‘yilmagan. Bugungi vaziyatda, masalan, zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayol reabilitatsiya markaziga joylashtirilyapti, keyin u yerdan 1–2 oydan so‘ng chiqarib yuborilyapti. Bu ayolni biror kim na kasbga o‘qityapti, na ish bilan ta’minlayapti, uning keyingi taqdiri bilan hech kim qiziqmayapti. Aslida, mana shu ayollar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ishlaydigan asosiy kontingenti bo‘lishi zarur.
Barcha mutasaddi idoralardan ko‘tarilgan mana shu barcha masalalar bo‘yicha aniq ish va natija ko‘rsatishni talab qilamiz. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi alohida qo‘shma dastur ishlab chiqishi va taqdim qilishi qat’iy so‘raladi», deb ta’kidladi Senat raisi.
Mavzuga oid
19:13 / 02.11.2024
Oliy Majlis Senati a’zolari saylovini o‘tkazish sanasi belgilandi
20:31 / 27.10.2024
Tanzila Norboyeva nabirasi bilan birga saylovda ovoz berdi
16:50 / 25.10.2024
Senat raisi YeXHT DIIHB missiyasi rahbari bilan uchrashdi
16:33 / 25.10.2024