O‘zbekiston | 13:57 / 21.12.2022
3748
5 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”: Gaz zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida geologiya-qidiruv ishlari bo‘yicha o‘n yillik dastur ishlab chiqish ishlari boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasini katta qiziqish bilan tingladim va “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan barcha vazifalarni belgilab oldim.

Foto: O‘zbekneftgaz

Prezidentimiz murojaatnomada yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishning muhim yo‘nalishlari xususida e’tiborga molik taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, 2023 yilni mamlakatimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilgani meni ham behad quvontirdi.

Prezidentimiz ko‘p yillar davomida yangi gaz konlariga investitsiya kiritilmagani, elektr va gaz tarmoqlari modernizatsiya qilinmagani borasida ta’kidlab, gaz zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida geologiya-qidiruv ishlari bo‘yicha o‘n yillik dastur qabul qilinishini ta’kidladilar.

“O‘zbekneftgaz” AJ oldiga qo‘yilgan bu vazifalarni bajarish uchun bugundan oldimizga aniq maqsadlarni qo‘yib oldik hamda neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarining 10 yillik dasturini ishlab chiqish ishlarini boshlandik.

“O‘zbekneftgaz” AJ neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarining rejalariga asosan kelgusi 10 yillik dastur doirasida:

15,6 ming kv km 3D seysmik-qidiruv ishlari bajarish, 211 ta yangi maydonlarni burg‘ilashga kiritish, 1700 ming metr izlov-qidiruv burg‘ilash ishlarini bajarish va 530 ta yangi quduqlarni burg‘ilash va ushbu tadbirlarni moliyalashtirishga qariyb 3,4 mlrd dollar mablag‘ ajratish rejalashtirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan kelgusi 10 yil davomida yuqoridagi tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish natijasida 40 dan ortiq yangi uglevodorod konlarini ochish hamda 365 mlrd kub metr tabiiy gaz va 16 mln tonna suyuq uglevodorod zaxiralarini o‘stirish ko‘zda tutilgan.

Ushbu davr mobaynida “O‘zbekneftgaz” AJ bo‘yicha uglevodorod qazib chiqarish hajmlarining o‘rnini yangi zaxiralar bilan 100 % qoplab berish va bu orqali Respublika uglevodorod xomashyo zaxiralari balansini qayta tiklash, shuningdek aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va sanoat korxonalarini uzluksiz ravishda yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ta’minlab berish uchun arzon va yetarli xomashyo zaxiralarini yaratish maqsad qilingan.

Prezidentimiz murojaatnomada yana bir o‘ta muhim masalaga e’tibor qaratdilar. Ya’ni geologiya-qidiruv ishlari olib borilishida yangi texnologiyalarni joriy etib, ilk bor chuqur qatlamlarda gaz qazib chiqarish ishlarini boshlaymiz, jumladan, Ustyurtning yuqori istiqbolga ega chuqur qatlamlarida qidiruv ishlariga nufuzli xorijiy investorlar jalb qilinadi, – deb ta’kidladilar.

Shundan kelib chiqib, “O‘zbekneftgaz” AJ neft va gaz geologiya qidiruv ishlarini asosan, Ustyurt regionining 6,0 km va undan ortiq va Buxoro-Xiva hududining 4,5-6,0 km chuqurliklarda joylashgan maydonlarning istiqbollarini o‘zlashtirish yo‘nalishlarida tashkil qilishni rejalashtirib oldik.

Ushbu maqsadlarda hozirning o‘zidayoq jamiyat tomonidan 2023 yilda Ustyurt hududining 6,0 ming metr va undan ortiq chuqurlikdagi yangi istiqbollarini o‘rganish maqsadida, G‘arbiy Quyi Surgil, Quyi Sharqiy Berdax, Kelajak, Aspantay va Arslon kabi maydonlarda chuqurligi 6,5 ming metrgacha bo‘lgan yangi quduqlarni bosqichma-bosqich burg‘ilash ishlarini boshlash bo‘yicha raqamli modellashtirish va loyihalashtirish ishlari yakunlandi.

Natijada Ustyurt hududida 6,0 ming metrgacha chuqurlikdagi Geologiya qo‘mitasi, Schlumberger, BCG va bilan birgalikda bashorat qilinayotgan 1,5 trln kub metr atrofidagi uglevodorod resurslarini tasdiqlash bo‘yicha ishlar olib boriladi.

Prezidentimizning murojaatnomalarida qayd etilganidek, mahalliy va xorijiy kompaniyalarga gaz qazib chiqarishga oldin berilgan barcha litsenziyalar qayta ko‘rib chiqiladi. Bu esa samarasiz ishlayotgan kompaniyalarning faoliyatini qayta ko‘rib chiqish hamda ular tomonidan uzoq yillardan beri hech qanday amaliy ishlar bajarilmayotgan bloklarni haqiqiy ma’noda ishlatishga va sarmoya kiritishga katta qizish bildirayotgan kompaniyalarga geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun berish imkonini beradi.

Natijada respublikamizda geologiya-qidiruv ishlarini yanada jadallashtirish, yangi texnologiyalarni joriy qilgan holda, chuqur qatlamlarni o‘rganish va neft va gazga istiqbolli bo‘lgan yangi konlarni topishga katta turtki bo‘ladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning murojaatnomada ta’kidlab o‘tgan fikrlari “O‘zbekneftgaz” AJ jamoasi zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi va dasturlar yana bir bor qayta ko‘rib chiqiladi.

Mehriddin Abdullayev,

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Ⓣ

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid