Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya Ukrainaga qarshi yangi hujum masalasida bir qarorga kelmadi - NYT
Rossiyaning yuqori harbiy doiralarida shu qishda Ukrainaga yangi hujum uyushtirish borasida haligacha kelishuvga erishilgani yo‘q, deb yozadi The New York Times Davlat departamentining ismi oshkor etilmagan yuqori martabali mulozimiga tayanib.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh rasmiy shaxslarning ichki munozaralarida «qarama-qarshiliklarni» ko‘rmoqda: ba’zi harbiy rahbarlar yangi hujumni talab qilmoqda, boshqalari esa Rossiyada buning uchun salohiyat borligiga shubha qilmoqda.
Davlat departamenti rasmiysining qo‘shimcha qilishicha, bu ichki munozaralardan Moskvaning «haqiqiy harakatlari» qanday bo‘lishi hozircha aniq emas.
Avvalroq Rossiya Belarus poligonlaridagi tanklar, yuk mashinalar va shaxsiy tarkibini janubga, Ukraina bilan chegaraga yaqinroq joyga ko‘chirishni boshlagani ma’lum qilingandi.
«Belorusskiy Gayun» xabariga ko‘ra, 20 dekabr kuni davomida harbiy texnikalar Belarus shimoli va markazidagi poligonlardan janubga ko‘chirilgan.
13 dekabr kuni Belarusda prezident Lukashenko topshirig‘iga ko‘ra, Qurolli Kuchlar jangovar tayyorgarligi rejadan tashqari ko‘rikdan o‘tkazildi.
Bundan oldin Ukraina armiyasi birlashgan kuchlari qo‘mondoni, general-leytenant Sergey Nayev Belarusda harbiy texnikalar to‘planib borayotganini, Ukraina bunga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qilgan edi.
Rossiya bosqini boshlanganidan beri Belarus va Ukraina bir-birini mamlakat hududiga hujum qilishga tayyorgarlik ko‘rayotganlikda ayblab kelmoqda. Har ikkala mamlakat bu ayblovlarni o‘z razvedkasi ma’lumotlariga asoslayapti.