Jahon | 23:24 / 21.12.2022
11449
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va Eron sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun yangi savdo yo‘lagini yaratmoqda

Yo‘lak Kaspiy dengizi orqali ham o‘tadi. 

Foto: Reuters

Rossiya va Eron Sharqiy Yevropadan Hind okeanigacha bo‘lgan 3 ming km uzunlikdagi yangi transkontinental savdo yo‘lini yaratishga kirishdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi. 

Loyihaning maqsadi, deb yozadi agentlik, ikki davlatning Kaspiy dengizidagi suv va temir yo‘li orqali yuklarni yetkazib berishni tezlashtirish istagi bo‘lgan. Shu tarzda Rossiya va Eron G‘arb sanksiyalarining mamlakatlar iqtisodiyoti va savdo aloqalariga ko‘rsatayotgan bosimini kamaytirmoqchi. Marshrutning shimoliy nuqtasi Azov dengizida joylashgan. 

Kemalarni kuzatish ma’lumotlariga qaraganda, Rossiya va Eronning o‘nlab kemalari, jumladan, sanksiyalar ostiga tushgan kemalar ham allaqachon bu yo‘nalish bo‘ylab harakatlanmoqda. 

Londondagi Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti eksperti Mariya Shagina so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Eron o‘zaro savdo yo‘lagi yaratish uchun 25 milliard dollargacha sarmoya kiritmoqchi. 

7 dekabr kuni Eronning Rossiyadagi elchisi Kozim Jaloliy Moskva va Tehron tez orada keng qamrovli hamkorlik bo‘yicha uzoq muddatli shartnoma imzolashini aytgan edi. 

29 avgust kuni Rossiya va Eron tashqi ishlar vazirliklari orqali hujjat loyihalari almashuvi bo‘lib o‘tdi. Eron rahbari Ibrohim Raisiy so‘zlariga ko‘ra, «Shimol-Janub transport yo‘lagini rivojlantirish kun tartibida qolmoqda». 

Mavzuga oid