XIX asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyo xalqlari hayotida muhim voqealar sodir bo‘ldi. Jumladan, Qo‘qon xonligi ruslar tomonidan bosib olinib, uning hududi Rossiya imperiyasi tarkibiga qo‘shib yuborildi. Avvaliga Qo‘qon xonligi bilan o‘zaro shartnoma tuzgan ruslar, soxta Po‘latxon qo‘zg‘olonidan so‘ng xonlikni batamom egallashdi. Soxta Po‘latxon kim bo‘lgan va u xonga qarshi nega isyon ko‘targandi? Sovetlar bu qo‘zg‘olonni ezilgan xalq isyoni edi desa, boshqalar Xudoyorxonda alami bo‘lgan qipchoqlarning xonga qarshi harakati deydi.

Markaziy Osiyoning XIX asrdagi tarixi haqida gap ketganda ko‘pchilikda bir savol tug‘iladi. Nega Chor Rossiyasi Xiva xonligi va Buxoro amirligini yarim vassal holda qoldirgan-u, Qo‘qon xonligini batamom bosib olgan?

Bu savolga turlicha javob berish mumkin. Masalan, ruslar Farg‘ona vodiysini Buxoro yoki Xorazmga nisbatan muhim joy deb bilgan. Yoki ruslar Buxoro amirligidan ko‘ra, Qo‘qon xonligini kuchsiz deb bilgan bo‘lishi ham mumkin – o‘sha paytlarda Qo‘qonga kim hukmdor bo‘lishi Buxoroda hal qilingan.

Aslida esa Qo‘qon xonligining yiqitilishiga eng birinchi navbatda Xudoyorxon sabab bo‘lgan. Chunki ruslar xonlikning ikkita muhim shahri Chimkent va Toshkentni bosib olganda ham Xudoyorxon «aqlini yig‘ib olmaydi». Xalqqa yangidan yangi soliqlar solib, xotinbozlik va kayf-safoni davom ettiraveradi.

O‘sha kezlarda Qo‘qon xonligida yana bir muhim hodisa – Po‘latxon qo‘zg‘oloni sodir bo‘ladi. Bu hodisa ruslar tomonidan xonlikning tugatilishi va uning hududlari Rossiyaga qo‘shib olinishini tezlashtiradi.

Qo‘zg‘olongacha bo‘lgan vaziyat

Ruslar 1864 yilda Chimkentni, 1865 yilda Toshkentni egallagach, Orenburg general-gubernatorligi tarkibida Turkiston viloyati tuziladi. Uning boshlig‘i etib genaral Mixail Chernyayev tayinlanadi.

1867 yilda Turkiston general-gubernatorlikka aylantiriladi va Konstantin fon Kaufman uning hukmdori bo‘ladi.

Shundan so‘ng Rossiya imperiyasi Qo‘qon xonligiga nisbatan bosimlarini kuchaytira boshlaydi. 1868 yilda Xudoyorxon fon Kaufman bilan shartnoma imzolashga majbur bo‘ladi.

Shartnomaga ko‘ra rus savdogarlari boj to‘lamasdan xonlikning istalgan shahrida savdo qilishi, mahsulot olib kirishi va olib chiqishi mumkin edi.

Qaltis vaziyatda Xudoyorxon mamlakat mudofaasini kuchaytirish o‘rniga shundoq ham og‘ir ahvolda yashayotgan xalqqa yangidan yangi soliqlar soladi. Odamlarning gardaniga yuk bo‘lib tushadigan farmonlar imzolaydi.