1875 yilda Qo‘qon shahri soxta Po‘latxon boshchiligidagi qo‘zg‘olonchilar tomonidan egallanadi. Xudoyorxon Toshkentga, Kaufman huzuriga qochib keladi. Taxtdan ayrilgan bo‘lsa-da, xalq orasida ta’siri kuchli bo‘lgan sobiq xonning Toshkentda yashashi ruslar uchun birmuncha xavfli edi. Shu sababli Kaufman Sankt-Peterburgga yuboryapman deb aldab, Xudroyorxonni Orenburgga surgunga jo‘natadi. Surgunda ikki yil zo‘rg‘a yashagan sobiq xon Orenburgdan qochadi. Hajga borib, Arabistondan qaytishda yo‘lda vafot etadi.

Xudoyorxon deganda ko‘z o‘ngimizga «O‘tgan kunlar» filmidagi kishiga muloyim qarab turguvchi istarali yigit gavdalanadi. Markaziy Osiyodagi yirik bir davlatning so‘nggi hukmdori va uni qariyb 30 yil boshqargan bu insonning hayoti haqida omma uncha xabardor emas. Qolaversa, sovet davrida xonliklar va ularni boshqargan shaxslar tarixini xolis o‘rganishning iloji yo‘q edi. Ular haqida faqat qoralab yozish mumkin bo‘lgan.

Xudoyorxon tarixi

Xudoyorxon 1829 yilda Qo‘qon xoni Amir Umarxonning amakivachchasi Sheralixon oilasida tug‘ilgan. Xudoyorxonning tug‘ilgan va vafot etgan yillari haqida aniq ma’lumot yo‘q, bu mavzuda tadqiqot olib borgan olimlar uni 1829 yilda tug‘ilgani haqiqatga yaqinroq deyishgan.

Xudoyorxonning Qo‘qon taxtini egallashi Buxoro amiri Nasrulloning Qo‘qon xonligiga bostirib borib, Muhammad Alixonni (Qo‘qon xoni Amir Umarxon va Nodirabegimning farzandi. Otasidan so‘ng Qo‘qon xoni bo‘lgan) taxtdan ag‘darishi bilan bog‘liq.

1842 yilda Amir Nasrullo Qo‘qonga qo‘shin tortadi. Bo‘lib o‘tgan janglarda Qo‘qon xoni Muhammad Alixon yengiladi. Amir Nasrullo uning o‘zini va oila a’zolarini go‘daklarigacha qatl ettiradi. So‘ng Qo‘qon taxtiga Xudoyorxonning otasi Sheralixonni (Amir Umarxonning amakivachchasi) o‘tqazib Buxoroga qaytadi.

Sheralixon xonlik taxtida 3 yil o‘tirgach, uning o‘rniga akasining o‘g‘li Murodxon Qo‘qon xoni bo‘ladi. Murodxon davlatni atigi bir necha oy boshqaradi va Musulmonqul boshliq qipchoqlar tomonidan o‘ldiriladi.

Shundan so‘ng 1845 yilda Musulmonqul 16 yoshli Xudoyorxonni Qo‘qonning yangi hukmdori deb e’lon qiladi. So‘ng Xudoyorxonga qizini uzatib, uni kuyov qiladi va amalda xonlikni o‘zi boshqara boshlaydi.

Oradan bir necha yil o‘tib Xudoyorxon Musulmonqulni o‘rtadan ko‘tarmasa, Qo‘qon xonligining to‘laqonli hukmdori bo‘la olmasligini tushunib yetadi. U 1852 yilda ishonchli odamlari bilan Musulmonqulga qarshi bosh ko‘taradi va uni hibsga olib qatl etadi. So‘ng xonlikni mustaqil boshqara boshlaydi.