O‘zbekiston | 12:48 / 27.12.2022
8373
2 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiya bilim va texnologiyalari O‘zbekiston mevachilik tarmog‘iga jalb etiladi

O‘zbekistonning Benilyuks davlatlaridagi elchixonasi “O‘zbekiston mevachilik tarmog‘i uchun smart yechimlarni yaratish” loyihasi doirasida Niderlandiya kompaniyalari konsorsium tuzish to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

“O‘zbekiston mevachilik tarmog‘i uchun smart yechimlarni yaratish” loyihasi Niderlandiya tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash agentligi (RVO) bilan ushbu mamlakatning qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi to‘qqizta kompaniyasi o‘rtasida ilgari surilgan tashabbusdir. Undan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonning mahalliy va eksport bozorlaridagi meva yetishtirish va marketingini amalga oshirishda niderland yondashuvlarini joriy etishga ko‘maklashishdan iborat

Loyiha doirasida tabiiy resurslardan oqilona foydalangan holda hosildorlikni oshirish, bog‘dorchilikning barqaror va integratsiyalashgan tarmoqlarini yaratish yondashuvlarining ko‘lamini kengaytirish, meva mahsulotlarining ta’minot zanjirlarini rivojlantirish borasidagi bilimlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish yo‘nalishlarida hamkorlik amalga oshiriladi.

O‘zbekistonning uchta mintaqasida uchta sinov dalasi yaratilib, barcha amaliy tadbirlar mana shu dalalarda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston tomonidan loyihada Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Milliy markazning Respublika agroxizmatlar markazi, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi, Toshkentdagi Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti ishtirok etmoqda.

Loyiha uch yilga mo‘ljallangan bo‘lib, amalga oshirilishi davomida unga yangi kompaniyalar kelib qo‘shilishi va qamrab olinadigan sohalar ko‘lami yanada kengayishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid