“Profilaktik suhbat o‘tkazyapmiz deb odamlarni besamar ushlab turish kerakmas” – Tanzila Norboyeva
Senatning o‘ttiz oltinchi yalpi majlisida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun senatorlar tomonidan rad qilindi.
Senatning o‘ttiz oltinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqilib, rad qilindi. Bunga bir qator sabablar keltirildi. Bu haqda Senat majlisida ishtirok etayotgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Xususan, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov qonundagi qator normalar amaldagi boshqa qonunlar, xususan, huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan bog‘liq bo‘lgan qoidalarga nomuvofiqligi haqida gapirgan:
“Misol uchun, qonunning 19-moddasida sog‘liqni saqlash muassasalarining huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi vakolatlari sifatida o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar o‘rtasida alkogol va tamaki mahsulotlari, shuningdek, psixoaktiv moddalar iste’mol qilinishining profilaktikasiga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, alkogol ta’sirida mast holatda bo‘lgan yoki psixoaktiv moddalar ta’siri ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarida saqlanishiga monelik qiladigan kasalligi bo‘lgan o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarni kecha-kunduz qabul qilish va ularga tibbiy yordam ko‘rsatish belgilab berilmoqda.
Biroq Senatning bugungi yalpi majlisida muhokama qilish rejalashtirilgan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunda yigirma bir yoshga to‘lmagan shaxslar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir etish sub’yektlari sifatida belgilangan. Bizningcha, har ikkala qonundagi mazkur o‘zaro nomuvofiqlik bartaraf etilishi zarur”, — deya ta’kidlagan senator.
Senat raisi Tanzila Norboyevaga ko‘ra, qonun qanchalik dolzarb bo‘lmasin, rad etilishi uning ijrosi bilan bog‘liq amaliyotda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan jiddiyroq muammolarning oldini oladi.
“Bu qonun inson huquqlari, manfaatlari, qadr-qimmatiga bevosita daxldor. Mana, masalan, profilaktika suhbati, degan tushuncha belgilanyapti. Juda yaxshi amaliyot. Lekin, bunday suhbat qancha vaqt davom etishi kerak, degan savolga aniq javob yo‘q. Profilaktik suhbat o‘tkazyapmiz, deb odamlarni besamar ushlab turish yoki bo‘lmasa vaqtini olish mutlaqo noto‘g‘ri. Vaholanki, ko‘pgina davlatlarning mazkur yo‘nalishga oid qonunchiligida bu jihatlar aniq ko‘rsatilgan. Shu kabi ayrim normalardagi kamchiliklarga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Qonunning shu ko‘rinishda qabul qilinishi ertaga yanada jiddiyroq muammolarga sabab bo‘lishi mumkin”, — deya fikrini asoslagan Senat raisi.
Mavzuga oid
20:31 / 27.10.2024
Tanzila Norboyeva nabirasi bilan birga saylovda ovoz berdi
16:50 / 25.10.2024
Senat raisi YeXHT DIIHB missiyasi rahbari bilan uchrashdi
16:33 / 25.10.2024
Tanzila Norboyeva MDH Parlamentlararo assambleyasi delegatsiyasini qabul qildi
15:55 / 24.10.2024