Jahon | 08:10 / 29.12.2022
14305
3 daqiqa o‘qiladi

NYT: Ukraina qurolli kuchlari Kremennayani deokkupatsiya qilishga yaqin

Ukraina harbiylari Luhansk viloyatidagi Kremennaya shahrini qaytarishga yaqin turibdi, deb yozadi The New York Times. Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda rus qo‘shinlari shahar hududida mudofaa chizig‘ini kuchaytirmoqda.

Foto: AFP

Ukrainalik harbiylar Luhansk viloyatining Kremennaya shahrini qaytarishga yaqinlashdi, deb yozadi 28 dekabr, chorshanba kuni Amerikaning The New York Times (NYT) gazetasi. Ayni paytda Rossiya qo‘shinlari Kremennaya hududida mudofaa chizig‘ini mustahkamlamoqda. Xuddi shunday baholar Britaniya Mudofaa vazirligi tomonidan shu kuni chop etilgan Britaniya razvedkasining qisqacha hisobotida ham keltirilgan.

Kremennaya - Donbassning muhim sanoat markazlari bo‘lgan Severodonetsk va Lisichanskni hujum va ozod qilish uchun «darvoza» bo‘lib, Rossiya uni shiddatli yozgi kampaniyadan so‘ng egallab olgan, deya ta’kidlaydi NYT. «Ukraina sharqidagi Kremennaya nazoratini qo‘lga olish Ukrainaning yirik shaharlarini qaytarib olish kampaniyasida yana bir qadam bo‘lardi», deb yozadi gazeta.

NYT ruslar tomonidan qurilgan mudofaa inshootlariga ishora qiladi. Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi buni tasdiqladi: «Rossiya bu hududda keng qamrovli yangi mudofaa inshootlari qurdi va ehtimol oldingi chiziqni ushlab turishga ustuvor ahamiyat beradi». Kremennaya aholi punkti Donbassdagi Rossiya fronti uchun katta logistika ahamiyatiga ega, shuningdek, Britaniya razvedkasining ta’kidlashicha, Luhansk viloyatidagi strategik ahamiyatga ega shahar hisoblanadi.

Ukraina OAV xabar berishicha, 27 dekabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Oliy bosh qo‘mondonlik shtab-kvartirasining yig‘ilishida harbiylar bilan Baxmut va Kremennaya yaqinidagi vaziyatni muhokama qilgan. Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, vaziyat Ukraina harbiylaridan «maksimal kuch va konsentratsiyani» talab qilmoqda. «U yerda vaziyat og‘ir, azobli», dedi Zelenskiy.

27 dekabr kuni Luhansk viloyati harbiy ma’muriyati raisi Sergey Gayday Kremennaya yaqinidagi RF Qurolli kuchlari juda katta miqdordagi zaxira va texnikaga ega ekanligini ta’kidladi. «Hamma narsani minalash uchun vaqt bor edi. Shuning uchun har bir metr juda qiyin, ammo baribir bizning qo‘shinlarimiz asta-sekin olg‘a intilmoqda», - dedi Gayday.

Mavzuga oid