Jahon | 08:31 / 31.12.2022
10464
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda Donald Trampning soliq deklaratsiyasi e’lon qilindi

Kongress e’lon qilgan hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, sobiq prezident bir necha yillar davomida deyarli soliq to‘lamagan. Tramp sudda bu ma’lumotning e’lon qilinishiga uzoq vaqt qarshilik qilib kelgan.

Foto: NBC

AQSh Kongressi Vakillar palatasining moliya qo‘mitasi ko‘p yillik sud jarayonlaridan so‘ng 30 dekabr, juma kuni sobiq prezident Donald Trampning 2015-2020 yillar uchun soliq deklaratsiyasini internetda e’lon qildi. Ulardan kelib chiqadiki, Tramp bir necha yillar davomida deyarli hech qanday soliq to‘lamagan, garchi u doimo boyligi bilan maqtangan.

Shunday qilib, 2016 yilda - AQSh prezidentligiga saylangan yili - va 2017 yilda Tramp katta yo‘qotishlarni aytib, federal soliq departamentiga har bir yilga atigi 750 dollar to‘lagan. 2018 yilda Tramp ko‘p million dollarlik foydani e’lon qildi va 1 million dollar soliq to‘ladi. Ayni paytda, 2020 yilda sobiq prezident g‘aznaga bir sent ham to‘lamagan.

Donald Tramp yillar davomida soliq deklaratsiyasini Vakillar palatasining moliya qo‘mitasiga topshirmaslik uchun huquqiy kurash olib bordi. Bir necha hafta oldin u Oliy sudda nihoyat mag‘lub bo‘ldi. Qo‘mita a’zolari sobiq prezidentning soliq deklaratsiyasining hech bo‘lmaganda bir qismini e’lon qilish uchun ovoz berishdi.

Mavzuga oid