08:40 / 31.12.2022
5927

Shimoliy Koreya uchta qisqa masofali ballistik raketa uchirdi

Janubiy Koreya Shimoliy Koreyaning ballistik raketalar uchirganini «Koreya yarimorolida, shuningdek, xalqaro hamjamiyatda tinchlik va barqarorlikka putur yetkazuvchi jiddiy provokatsiya» sifatida qoraladi.

Foto: abc

Shimoliy Koreya 31 dekabr, shanba kuni ertalab Yapon dengiziga uchta qisqa masofali ballistik raketa uchirdi. Bu haqda Janubiy Koreyaning «Yonhap» axborot agentligi Janubiy Koreya shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi bayonotiga tayanib xabar bermoqda.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, parvozlar KXDRning mamlakat poytaxti Pxenyan janubida joylashgan Xvanxe-Bukto provinsiyasidan amalga oshirilgan. Janubiy Koreya va Yaponiya Mudofaa vazirliklarining ma’lum qilishicha, raketalar dengizga tushishidan oldin taxminan 350 km masofani bosib o‘tgan.

BMT Xavfsizlik kengashi o‘z rezolyutsiyasi bilan Pxenyanga har qanday masofadagi ballistik raketalarni uchirishni taqiqladi. Bunday raketalar turiga qarab yadroviy zaryadlarni olib yurishga qodir.

Ayni paytda, so‘nggi paytlarda KXDR ushbu rezolyutsiyani buzgan holda bir necha bor ballistik raketalarni uchirdi. "Yonhap" agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda bunday parvozlar soni 70 tani, jumladan, sakkizta qit’alararo ballistik raketani tashkil qilgan.

31 dekabr kungi parvoz Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi qattiq yonilg‘ida ishlovchi raketa tashuvchini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazganini e’lon qilganidan bir kun o‘tib amalga oshirildi.

Janubiy Koreya shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi 31 dekabrdagi raketa uchirilishini «Koreya yarimorolida, shuningdek, xalqaro hamjamiyatda tinchlik va barqarorlikka putur yetkazuvchi jiddiy provokatsiya» deb atadi.

Ayni paytda, AQShning ta’kidlashicha, parvozlar AQSh fuqarolari, AQSh hududi yoki ittifoqchilariga bevosita tahdid solmagan.

Mavzuga oid
Top