Nashrning 12 may kuni xabar berishicha, Eron mamlakat hududidagi mobil raketa uchirish qurilmalarining taxminan 70 foizini hamda urushdan oldingi raketa zaxiralarining 70 foizini saqlab qolgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu arsenalga mintaqa davlatlariga zarba berish imkoniga ega ballistik raketalar, shuningdek qisqa masofada yer usti va dengiz nishonlariga qarshi qo‘llanishi mumkin bo‘lgan qanotli raketalar ham kiradi.
Nashrga ko‘ra, eng katta xavotirlardan biri — Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘ylab joylashtirilgan 33 ta raketa kompleksidan 30 tasini qayta jangovar holatga keltirganidir.
Mutaxassislar fikricha, ushbu komplekslar Amerika harbiy kemalari hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanuvchi neft tankerlari uchun xavf tug‘dirishi mumkin.
Shuningdek, harbiy razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va boshqa manbalar Eron mamlakat bo‘ylab joylashgan yerosti raketa omborlari va uchirish qurilmalarining taxminan 90 foiziga qayta kirish imkonini tiklaganini ko‘rsatmoqda.
Hozirda ular “qisman yoki to‘liq jangovar tayyor” deb baholanmoqda.
Bunga o‘xshash ma’lumotlarni avvalroq The Washington Post ham e’lon qilgan edi. Nashr AQSh razvedkasiga tayanib, Eron mobil raketa qurilmalarining 75 foizini va raketa arsenalining 70 foizini tiklaganini xabar qilgan.
NYT ta’kidlashicha, yangi razvedka ma’lumotlari Tramp va uning harbiy maslahatchilari AQSh qurolli kuchlari Eron raketa obektlariga yetkazgan zararni ortiqcha baholaganini ko‘rsatadi.
“Yangi razvedka ma’lumotlari Donald Tramp va uning harbiy maslahatchilari Amerika qurolli kuchlari Eronning raketa obektlariga yetkazishi mumkin bo‘lgan zararni oshirib ko‘rsatganini hamda Eronning chidamliligi va tiklanish qobiliyatini yetarlicha baholamaganini ko‘rsatmoqda”, — deyiladi maqolada.
Tramp esa 12 may kuni o‘zining Truth Social platformasida Eron bilan bog‘liq urushni yoritish bo‘yicha OAVni tanqid qildi.
Eronning 70 foiz raketa arsenali saqlanib qolgan - NYT
13:40 / 13.05.20263 9504 min
The New York Times nashrining yozishicha, AQSh razvedka ma’lumotlari Eron o‘zining harbiy salohiyatining katta qismini saqlab qolganini ko‘rsatmoqda. Bu ma’lumotlar AQSh prezidenti Donald Tramp hamda uning ma’muriyatining Eron harbiy jihatdan “batamom tor-mor etilgani” haqidagi bayonotlariga zid keladi.









