Jahon | 21:32
1144
12 daqiqa o‘qiladi

Turkiya qit’alararo raketasini ko‘z-ko‘z qildi. Yana qaysi davlatlar bunday qurilmaga ega?

Bugun dunyoning sanoqli davlatlari qit’alararo raketaga ega. Ular safiga so‘nggi yillarda harbiy salohiyatini ancha oshirgan Turkiya ham qo‘shilmoqda. Bundan bir necha kun oldin Istanbulda bo‘lib o‘tgan xalqaro mudofaa, aviatsiya va kosmik sanoat ko‘rgazmasida Turkiya Milliy mudofaa vazirligi “Yildirimhan” qit’alararo raketasini taqdim etdi.

Xo‘sh, birinchi qit’alararo ballistik raketa qayerda tayyorlangan va hozirgi paytda qaysi davlatlar unga egalik qiladi. Qo‘yida shu haqda gaplashamiz.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng dunyoning turli hududlarini nazoratga olish bo‘yicha AQSh va SSSR o‘rtasida keskin raqobat boshlandi.

Tomonlarning qurolli aralashuvi ortidan Xitoy, Koreya yarimoroli, Hindixitoyda fuqarolar urushi bo‘lib o‘tdi. Kubada kommunistik tuzum tarafdorlari tomonidan davlat to‘ntarishi amalga oshirildi.

Ana shunday mojarolar fonida AQSh va SSSR qurollanishga ham zo‘r berdi va yangi qurollar ixtiro qildi. Uzoq masofaga ucha oladigan raketalar tayyorlandi.

Avvaliga 500-1 000 km uzoqlikka uchadigan raketalar, so‘ng 5 000 km masofagacha uchib bora oladigan qurilmalar yaratildi. 1950-yillarning birinchi yarmida 5 000 kilometrdan ham uzoqqa ucha oladigan raketalar tayyorlash ustida ishlar boshlandi.

Aslida bunday raketalar loyihasini nemis konstruktori Verner fon Braun 1942 yilda boshlagandi. Biroq Germaniyaning Ikkinchi jahon urushidagi mag‘lubiyati unga ishni oxirigacha yetkazish imkonini bermaydi.

alamy.com

1945 yilda fon Braun o‘z jamoasi bilan AQSh harbiylariga asir tushadi. Uning salohiyatini yaxshi bilgan amerikaliklar o‘sha yili kuzda uni okean ortiga yuborishadi.

Fon Braun AQShda qit’alararo raketalar tayyorlash loyihalarida ishtirok etadi va 1955 yilda unga fuqarolik beriladi. 1960 yilda fon Braun NASAʼga ishga o‘tadi. Ungacha konstruktor bir nechta qit’lararo raketalar loyihasini tayyorlab beradi.

Birinchi qit’alararo raketa qayerda tayyorlangan?

Dunyodagi birinchi qit’alararo raketani SSSR va AQSh konstruktorlari qariyb bir vaqtda, oldinma keyin tayyorlashadi. Jumladan, 1957 yilda sovetlar R-7 raketasini sinovdan o‘tkazadi va 1960 yilda u qurolli kuchlarga yetkazib beriladi.

Amerikaliklar “Atlas” deb nomlangan raketa sinovini 1958 yilda muvaffaqiyatli o‘tkazadi. 1959 yilda AQSh armiyasi bunday raketalarga ega bo‘ladi. Sovetlarning R-7 raketasi 8 000, amerikaliklarning “Atlas”i 10 000 kilometrgacha uchib borish imkoniyatiga ega edi.

politinform.su

O‘sha paytlarda har ikki davlatda yasab chiqilgan qit’alararo raketalar suyuq yoqilg‘ida harakatlanardi. Keyinchalik ular mukammallashtiriladi va raketalar asosan qattiq yoqilg‘ida uchadigan bo‘ladi.

Qit’alararo raketalarga ega davlatlar

Rossiya

Rossiya SSSRning vorisi hisoblanadi va yuqorida aytib o‘tdik – sovetlar birinchi qit’alararo raketani 1950 yillarning ikkinchi yarmida ishlab chiqqan edi.

Keyinchalik SSSRda yangidan yangi qit’alararo raketalar tayyorlandi va sovet davlati parchalanib ketgach, ularning qariyb barchasi Rossiya ixtiyorida qoldi.

Sovet davlatining eng mashhur qit’alararo raketalari R-16, R-9, UR-100, RT-2 va R-36 bo‘lgan. Bu raketalar 1960-yillarda qurolli kuchlar safiga qabul qilingan. Ular 9 000 dan 16 000 km masofagacha uchib bora oladi. Ayrimlari undan ham uzoqqa uchish imkoniyatiga ega.

Bugungi kunda Rossiya bir necha turdagi qit’alararo ballistik raketalarga egalik qiladi. Ularning ayrimlari SSSR davrida, qolganlari Rossiya tomonidan loyihalashtirilgan va ishlab chiqilgan.

ukrday.com

2024 yil ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada qit’alararo raketalarni uchiradigan 329 ta uskuna va 1200 dan ortiq raketa bor. Ular orasida 200 dan ortiq uskunaga biriktirilgan 816 ta RS-24, 340 ta R-36, 60 ta RT-22 va boshqa turdagi raketalar mavjud.

AQSh

Amerikalikar ilk qit’alararo raketalarni 1950-yillarning ikkinchi yarmida yasab chiqadi va keyinchalik ular takomillashtirib boriladi.

Hozirgi paytda AQSh qurolli kuchlari safida 400-500 ta atrofida qit’alararo raketalar bor. Ularning asosiy qismi Trident va Minuteman turiga kiruvchi raketalar hisoblanadi.

Trident turidagi raketalar yadroviy suvosti kemalariga o‘rnatilgan. Minuteman raketalari esa maxsus uskunalar yordamida tashiladi va uchiriladi. Bu raketalar 10-13 ming km masofagacha uchib bora oladi.

prostomob.com

2025 yilda AQSh Havo kuchlarining Global zarbalar qo‘mondonligi Minuteman III raketasining yangi sinovini o‘tkazdi. Bu turdagi raketalar uchtagacha yadroviy kallakni olib yura oladi.

Britaniya

Britaniyada o‘zining qit’alararo raketasi yo‘q. Bu davlat bunday raketalarni AQShdan sotib olgan. Britaniya amerikliklardan asosan suvosti kemalariga o‘rnatilgan Trident II raketalarini xarid qilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Britaniya qurolli kuchlari tarkibida qit’alararo raketalarni olib yuruvchi 4 ta suvosti kemasi va 160 ta raketa bor.

Fransiya

Fransiyaning qit’alararo raketalari ham asosan suvosti kemalariga joylashtirilgan. Biroq Britaniyadan farqli ravishda ular Fransiyaning o‘zi tomonidan tayyorlangan.

M51 deb nomlanuvchi bu raketalar 1990-yillarda loyihalashtirilgan va 2008 yilda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan.

alamy.com

Ular 2010 yilda qurolli kuchlar tarkibiga qo‘shilgan. M51 raketlari to‘rttadan oltitagacha yadroviy kallak bilan 11 ming km masofagacha uchib bora oladi.

Hozirgi paytda Fransiyada 64 ta qit’alararo raketa bor va ularning 48 tasi shay holda saqlanadi.

Xitoy

Xitoy qit’alararo raketalar loyihalarini 1960-yillarda boshlagan. 1980 yilda birinchi raketa sinovi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.

O‘shanda Xitoydagi poligondan havoga chiqarilgan sinov raketasi 9 ming km masofani uchib o‘tib, Tinch okeaniga tushgandi.

Keyinchalik “Chin yurti” konstruktorlari qit’alararo raketalarni takomillashtirishdi. Hozirda Xitoyda 15 ming km masofagacha uchib bora oladigan raketalar mavjud.

asharq.com

Ma’lumotlarga ko‘ra Xitoyda 500-600 dona atrofida qit’alararo raketalar bor. Dongfeng-41 va Dongfeng-61 deb nomlanuvchi bu raketalarning 100 donasi 2025 yilda tayyorlangan.

Shimoliy Koreya

Koreya yarimoroli shimolida kommunistik tuzum o‘rnatgan koreyslar qit’alararo raketalar yaratish ustidagi ishlarni 1970-yillarda boshlagan.

SSSR parchalanib ketgan paytda hali Shimoliy Koreya o‘z raketalariga ega emasdi. 2000-2010 yillar oralig‘ida koreyslar ishlarni jadallashtiradi.

2017 yilda ular AQSh hududigacha yetib bora oladigan Hwasong-14 va Hwasong-15 deb nomlangan raketalar sinov parvozlarini amalga oshirganini e’lon qiladi. Keyinroq Hwasong-16 i Hwasong-17 qit’alararo raketalar sinovi ham o‘tkaziladi.

Shimoliy Koreya ancha yopiq davlat va qit’alararo raketalar tayyorlash bilan bog‘liq jarayonlar sir tutiladi. Shu sababli ayrimlar bu davlatda qit’alararo raketalar bor deydi. Boshqalar esa buni inkor etadi.

alamy.com

Rasmiy ma’lumotlarda Shimoliy Koreya qit’alararo raketalarga ega davlat sifatida keltiriladi. Bu davlatda 300 ga yaqin raketa borligi aytiladi.

Hindiston

Hindiston qit’alararo raketa yaratish loyihalarini 1980-1990-yillarda olib borgan. 2000 yilga kelib 5000-5500 km masofaga uchib bora oladigan raketa yasab chiqilgan.

Agni-1 deb nomlangan bu raketa sinov parvozi 2002 yilda o‘kazilgan. Keyinchalik Agni turidagi boshqa raketalar yasab chiqiladi. 2020 yilda hindlar Agni-6 qit’alararo raketani sinovdan o‘tkazadi.

Xuddi Shimoliy Koreya bilan bo‘lgani singari ayrimlar Hindiston qurolli kuchlari tarkibida olis masofalarga ucha oladigan raketalar bor deydi, boshqalar inkor qiladi.

psr.org

Rasmiy ma’lumotlarda esa Hindiston Rossiya, AQSh, Xitoy va Fransiya kabi qit’alararo raketlarga ega ekani aytiladi. Biroq ular soni haqida aniq ma’lumotlar yo‘q.

Pokiston

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra Pokistonda qit’alararo raketalar yo‘q. Biroq avvalroq jahon OAVlari bu davlat uzoq masofaga ucha oladigan “Taymur” nomli raketani yaratish ustida ishlayotganini yozib chiqqandi.

Turkiya

Bundan bir necha kun oldin Istanbulda bo‘lib o‘tgan SAHA-2026 xalqaro mudofaa, aviatsiya va kosmik sanoat ko‘rgazmasida Turkiya Milliy mudofaa vazirligi “Yildirimhan” qit’alararo raketasini taqdim etdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra turklarning bu raketasi 6 ming km masofaga uchib bora oladi. “Yildirimhan” tezlikni rivojlantirish imkoniyatiga ega. Qayd etilishicha, bunday xususiyatlar unga mavjud havo va raketaga qarshi mudofaa tizimlarini yengib o‘tish imkonini beradi.

infokuryr.cz

Raketa azot tetraoksidi asosidagi suyuq yoqilg‘idan foydalanadi va to‘rtta raketa dvigateli bilan jihozlangan. Ma’lum qilinishicha, u taxminan 3 tonna og‘irlikdagi jangovar kallakni ko‘tara oladi.

Zamonaviy qit’alararo raketalarning turlari va imkoniyatlari

Hozirgi paytda yuqorida aytib o‘tilgan davlatlar egalik qilayotgan qit’alararo raketalar nishonga turli uskunalardan uchiriladi. Jumladan, Rossiyaning R-7 va AQShning “Atlas” raketalari yer ustida joylashtirilgan uskunalardan uchiriladi.

Ayrim raketalar maxsus shaxtalarga joylashtirilgan uskunalardan nishonga yo‘naltirilgan. SSSRda tayyorlangan RS-18, RS-20 va AQShning Minuteman raketalari shular jumlasidan.

SSSRda tayyorlangan va keyin Rossiya egaligiga o‘tgan “Topol” va AQShning Midgetman raketalari maxsus shassiga ega bo‘lgan yuk avtomobillaridan uchiriladi.

Shuningdek, bir qator davlatlarda qit’alararo raketalarni uchiradigan uskunalar suvosti kemalariga o‘rnatilgan. Bundan tashqari, Rossiyada maxsus temiryo‘l vagonlariga o‘rnatilgan uskunadan uchiriladigan raketalar ham bor.

rbc.ru

Qit’alararo raketalar nishonni aniq topib borishi uchun ularga GPS uskunalari o‘rnatiladi. Biroq shunda ham eng aniq darajada parvoz qilgan raketa 100 metr diapozon bo‘ylab og‘ishi mumkin.

Eng tez ucha oladigan qit’alararo raketalar sekundiga 6 km, soatiga 20-25 ming km tezlikda parvoz qiladi. Masalan, Rossiyadan AQShga yoki AQShdan Rossiyaga uchirilgan raketa 25-30 daqiqada nishonni topib bora oladi.

Ma’lumot uchun, eng tez uchadigan harbiy samolyotlar soatiga 2500-3000 km, ya’ni raketalardan 10 baravar kam tezlikda parvoz qila oladi.

Qit’alararo raketalardan tinch maqsadlarda foydalanish

AQSh va Rossiya qit’alararo raketalardan tinch maqsadlarda ham foydalanib turadi. Ular yordamida asosan fazoning quyi qismiga kosmik qurilmalarni chiqarishadi.

Masalan, amerikaliklarning “Atlas” va “Titan” raketalari “Merkuriy” hamda “Jyemini” kosmik kemalarini fazoga olib chiqqan.

SSSRning RS-20 hamda RS-15 raketalari asosida “Dnepr”, “Strela”, “Rokot” kabi raketa-tashuvchilari yasab chiqilgan va ular fazoga kosmik qurilmalarni olib chiqqan.

voennivedomstva.start.bg

AQSh va Rossiya o‘rtasidagi shartnoma

2010 yilda AQSh va Rossiya o‘rtasida qit’alararo raketalarni cheklash va nazorat qilish bo‘yicha asosiy hujjat — Strategik hujum qurollarini qisqartirish to‘g‘risidagi shartnoma imzolanadi.

Bu shartnomada har ikki davlat yadroviy kallaklar sonini 1550 ta, qit’alararo raketalar va bombardimonchi samolyotlar sonini 700 tagacha cheklash nazarda tutilgandi.

Bu hujjat 2026 yil 5 fevralgacha amal qilishi va tomonlarda hech qanday e’tiroz bo‘lmasa avtomatik tarzda keyingi muddatga uzayishi lozim edi.

2023 yilda Rossiya ushbu shartnomadagi ishtirokini vaqtincha to‘xtatishini e’lon qildi va shu sababli 2026 yil 5 fevral kuni shartnoma muddati uzaymadi.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid