XX asrda 70 yil yashagan SSSR G‘arb davlatlari bilan iqtisodiy sohalarda raqobat qila olmagan. Sovetlar ular bilan asosan qurollanish, kosmosni o‘zlashtirish va KGB tomonidan keng qamrovda o‘tkazilgan maxfiy operatsiyalar bo‘yicha keskin raqobat olib borgan.

G‘arb maxfiy xizmatlari sovet josuslarini, KGB esa g‘arbliklarni o‘z tomoniga og‘dirishga uringan. Agar tarixga nazar tashlansa ko‘proq KGB xodimlari G‘arbga qochib ketganini ko‘rish mumkin.

Ayrim hollarda G‘arbga qochishni xohlasa-da SSSR tarqab ketguncha buning imkonini qila olmagan xodimlar ham uchragan. KGB mayori Vasiliy Mitroxin ana shulardan biri edi.

Mitroxin hech qachon o‘ta maxfiy operatsiyalarda, turli qo‘poruvchilik harakatlarida ishtirok etmagan. Ammo uning qo‘lida KGBning juda ko‘p maxfiy ma’lumotlardan iborat arxivi bor edi.

1970-yillarda Mitroxin KGB bosh boshqarmasining arxiv bo‘limini yangi binoga ko‘chirish uchun mas’ul bo‘ladi. O‘shanda vaziyatdan foydalangan Mitroxin maxfiy ma’lumotlarni ko‘chiradi, nusxa oladi va birinchi bosh boshqarmadan yashirincha olib chiqadi. SSSR tarqagach ularni Britaniya maxfiy xizmatlariga beradi. Natijada juda katta siyosiy mojarolar kelib chiqadi.

Xrushchevning mashhur nutqidan keyin o‘zgargan Mitroxin

Vasiliy Mitroxin 1922 yilda Ryazan viloyatida tug‘iladi. Maktabni bitirgach Qozog‘iston davlat universitetining huquqshunoslik fakultetida tahsil oladi va urushdan so‘ng Xarkovda harbiy prokuror bo‘lib ishlay boshlaydi.

1948 yilda Aloqa qo‘mitasida (1947-1951 yillar oralig‘ida sovet tashqi razvedka qo‘mitasi shunday nomlangan) ish boshlaydi.

1953 yil 5 mart kuni Stalin vafot etadi. Uning o‘rniga SSSR rahbari bo‘lgan Xrushchev mamlakatda islohotlarni boshlaydi. Stalin davrida nohaq jazolanganlarning ishi qayta ko‘rib chiqiladi.

Qisqa vaqtda millionlab insonlar qamoqdan ozod qilinadi. NKVD hibsxonalarida va qamoqxona lagerlarida vafot etganlar oqlanadi. Shu bilan birga Stalin tuzumining qonxo‘r ijrochilari bo‘lgan shaxslar – Beriya va uning qo‘l ostidagilar jazolanadi.

1956 yilda o‘tkazilgan KPSS XX s’yezdida SSSR rahbari Xrushchev «Shaxsga sig‘inish va uning oqibatlari to‘g‘risida» nutq so‘zlaydi va shu yerda Stalinni «qonxo‘r va vahshiy edi» deydi.

Xrushchevning Stalin qatag‘onlari haqidagi gaplari ko‘p insonlar qatori KGB xodimi Vasiliy Mitroxinga ham qattiq ta’sir qiladi. Shundan so‘ng u kommunistik tuzumni yomon ko‘rib qoladi va G‘arbga qochishni rejalashtiradi. Ammo bu ish oson emasdi.