Jahon | 22:58 / 01.01.2023
14074
2 daqiqa o‘qiladi

Manba: Zelenskiy BMT rezolyutsiyasida Isroil foydasiga ovoz berishni rad etgan

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy BMTning Falastin hududini bosib olgani uchun Isroilni qoralovchi rezolyutsiyasida Isroil foydasiga ovoz berishni rad etgan. Bu haqda AQShning Axios nashri xabar bermoqda.

Foto: Zelenskiyning rasmiy Telegram-kanali

Noyabr oyida Falastin o‘ziga tegishli Iordan daryosi g‘arbiy sohilini Isroil bosib olganiga huquqiy baho berishi uchun Haaga xalqaro sudiga murojaat qilmoqchi ekanini ma’lum qilgandi. 30 dekabr kuni BMT buni qo‘llab quvvatladi. Isroil harakatlarini qoralovchi rezolyutsiyani 87 davlat qo‘llab-quvvatlagan, 26 davlat qarshi chiqqan, 53 davlat ovoz bermagan.

Axios nashrining yozishicha, Isroilning yangi (umumiy hisobda oltinchi marta bu lavozimni egallamoqda) bosh vaziri Benyamin Netanyahu BMTdagi ovoz berish jarayoni oldidan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilgan va rezolyutsiyaga qarshi ovoz berishini so‘ragan. Zelenskiy esa buning evaziga Isroil Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlarini berish-bermasligini so‘ragan.

Ukraina anchadan buyon Isroilning bu borada sinovdan o‘tgan «Temir gumbaz» havo hujumidan mudofaa tizimlarini berishini so‘rab keladi. Ekspertlarning fikricha, Suriya hukumatiga ta’sir o‘tkaza oladigan Rossiya bilan munosabatlari yomonlashuvidan qo‘rqadigan Isroil bu qurollarni Ukrainaga berishdan hayiqib keladi.

Xabarda yozilishicha, Isroil bosh vaziri bu borada aniq javob bermagani uchun yahudiy millatiga mansub Zelenskiy diplomatlariga ovoz berishdan tiyilishni buyurgan va shu tariqa Netanyahuning Isroil foydasiga ovoz berish bo‘yicha iltimosini rad etgan.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid