Jahon | 21:59 / 02.01.2023
54625
5 daqiqa o‘qiladi

Ukraina yangi yil kechasi ruslarning kazarmasini o‘qqa tutdi. Yuzlab rossiyalik o‘lgani aytilmoqda

Ukrainaning Rossiya bosib olgan Makiyivka shahrida safarbar qilingan rus askarlari bo‘lgan binoga Ukraina armiyasi tomonidan raketa zarbalari berilgan. Bu haqda avvalo Telegram-kanallarda xabar berildi, keyinroq Ukraina tomoni ma’lumotni tasdiqlagan. 2 yanvar kuni Rossiya Mudofaa vazirligi ham portlashni tasdiqladi.

Foto: RIA Novosti

HIMARS bilan zarba berilgan

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina tomoni binoga AQShda ishlab chiqarilgan HIMARS birvarakayiga o‘t ochuvchi raketa tizimlari orqali zarba berganini tan oldi va 63 kishi halok bo‘lganini xabar berdi. Ukraina tomoni esa zarba natijasida 400 atrofida rus safarbar qilingan askari halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

BBC'ning yozishicha, urush sharoitida har ikki tomonning bayonotlarini tekshirish imkonsiz, ammo o‘z yo‘qotishlari haqida hadeganda ma’lumot beravermaydigan Rossiya Mudofaa vazirligi portlashdan bir kun o‘tib 63 askari o‘lganini xabar qilishi yo‘qotish qamrovi qanchalik katta bo‘lganidan nishona.

Ukraina tomoni aytganiday qurbonlar soni 400 nafarga yaqin bo‘lsa, bu urush boshlanganidan buyon qayd etilgan eng ko‘p odam o‘lgan operatsiyalardan biridir.

Yangi yil kechasidagi zarba

2023 yil kirib keladigan 31 dekabr tunda Rossiya armiyasi Ukraina bo‘ylab navbatdagi raketa zarbalarini yog‘dirdi. Ukraina esa javob o‘laroq Rossiya bosib olgan Donetsk viloyati Makiyivka shahridagi safarbar qilingan rossiyaliklar bo‘lgan texnika kolleji binosiga raketa zarbasini amalga oshirdi.

Avvaliga Kremlni qo‘llovchi nashrlar zarba oqibatida 15 kishi halok bo‘lganini yozdi. Urushni yorituvchi va oxirgi vaqtlarda Putindan boshqa urushni boshqarayotganlarni tanqid qilishga o‘tib olgan rus blogerlari yo‘qotish ancha katta bo‘lishi mumkinligini aytishdi.

Makiyivkadagi urushga safarbar qilingan ruslar bo‘lgan binoga raketa zarbasi Putin rossiyaliklarga yangi yil tabrigini yo‘llayotgan vaqtda berilgan. Raketa zarbalaridan ko‘p o‘tmay texnika kolleji binosi butunlay yakson qilingani aks etgan videolar tarqaldi.

Makiyivkadagi portlatilgan binoda Rossiyaning Samara viloyatidan safarbar qilingan askarlar bo‘lgani aytilmoqda. 2 yanvar kuni Samara gubernatori qurbonlar orasida samaraliklar bo‘lganini tasdiqladi. Reuters agentligining Donetsk viloyatidagi manbasi 100 nafarga yaqin odam o‘lganini tasdiqlab, 400 kishi o‘lgani haqidagi ma’lumotlar bo‘rttirilganini ma’lum qildi.

Binoning oldingi va hozirgi ko‘rinishi

Raketa zarbalari mahalliy vaqt bilan 00:01 da boshlangan. Yaqin atrofda yashaydigan odamlarning o‘z sahifalarida yozishicha, 4 ta raketa tushgan va ularning oxirgisi juda kuchli bo‘lgan. Zarba kuchidan uylar zirillab ketgan.

Harbiy blogerlar g‘azabda

Rossiyalik harbiy blogerlar Makiyivkadagi portlashdan g‘azablanganlarini yashira olishmayapti. Ularning so‘zlariga ko‘ra, kollej binosida safarbar qilinganlarni joylashtirish katta xato bo‘lgan. Bu binoda qurol-yarog‘ ham bo‘lgan. Aksar rus harbiy blogerlar Rossiya armiyasi boshliqlarini tanqid qilgan va katta yo‘qotish bo‘lgani haqida yozgan.

Rossiyalik telejurnalist Andrey Medvedev bu portlashdan keyin shunday deb yozdi: «10 oy davomida dushmanni ahmoq deb o‘ylab qo‘shinni mustahkam joylarda emas, to‘g‘ri kelgan binoga joylashtirib ketaverish dushmanga berilgan katta yordamdir».

Rus blogerlari Makiyivkadagi portlash haqida yana shunday deb yozishmoqda: «Bu jinoyat, yo‘q, Ukraina qilgan jinoyat emas, ismi familiyasi ommaga ma’lum bo‘lmagan tana tomonidan qilingan jinoyat. Bu tanaga jazo berilishi kerak», «Harbiy akademiya diplomiga ega ahmoqlar sabab sodir bo‘lgan fojia», «Bu fojia shaxsiy tarkibni dushman "haymars"lariga to‘g‘rilab beradigan va tushunarsiz olamda yashashda davom etayotgan harbiy boshliqlar sabab sodir bo‘ldi».

«DXR» sobiq mudofaa vaziri Igor Girkinning aytishicha, butunlay yo‘q bo‘lib ketgan bino yaqinidagi qurollar ham yo‘q qilingan, qurollar esa yashirilmay, ko‘rinadigan qilib qo‘yilgan.

Harbiylar telefonda gaplashib «sotib qo‘ygan» bo‘lishi mumkin

OAVda Ukraina armiyasi safarbar qilingan ruslar bo‘lgan binoni qanday aniqlagani bo‘yicha turlicha ma’lumotlar tarqalmoqda. TASS axborot agentligi o‘z manbalariga tayanib yozishicha, rossiyalik askarlar telefonda gaplashgani oqibatida Ukraina armiyasi ularning joyini aniqlagan.

Mavzuga oid