Jahon | 19:07 / 03.01.2023
11385
2 daqiqa o‘qiladi

Rus harbiylariga fuqarolik obektlarini o‘qqa tutganlik uchun birinchi marta ayblov e’lon qilindi

Rossiyalik yuqori martabali harbiylar Ukraina Jinoyat kodeksining og‘ir moddalari bo‘yicha ayblanmoqda.

Foto: AP

Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) rossiyalik yuqori martabali harbiylar orasidan fuqarolik obektlarini o‘qqa tutishda gumon qilinayotgan shaxslar nomini birinchi marta e’lon qildi. Ular — Rossiya aerokosmik kuchlarining uzoq masofali aviatsiyasi qo‘mondoni, general-polkovnik Sergey Kobilash va 2022 yil avgustigacha Qora dengiz flotiga qo‘mondonlik qilgan admiral Igor Osipov.

UXX ularni Ukraina Jinoyat kodeksining ikki moddasi bo‘yicha ayblamoqda. Birinchisi, tajovuzkor urushni rejalashtirish, tayyorlash, boshlash va olib borish (437-modda, 2-qism). Ikkinchisi, Ukrainaning hududiy yaxlitligi va daxlsizligiga tajovuz (110-moddaning 3-qismi). Har ikkisi uchun ham maksimal jazo umrbod qamoq ko‘zda tutilgan.

UXX bayonotida aytilishicha, aynan Kobilash buyrug‘i bilan Ukrainaning fuqarolik va muhim infratuzilmasi ommaviy o‘qqa tutilmoqda.

Osipov esa 24 fevraldan 10 avgustgacha Ukraina shaharlariga Qora dengizdan zarba berishni muntazam ravishda buyurgan. U 13 aprel kuni Ukraina Qurolli Kuchlari «Moskva» kreyserini yo‘q qilgan paytda Qora dengiz floti rahbari edi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Osipov avgust oyida lavozimidan bo‘shatilgan.

Mavzuga oid