O‘zbekiston | 23:34 / 07.01.2023
16427
3 daqiqa o‘qiladi

Qonli statistika: 2023 yilning dastlabki besh kunida YTHlar oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi

2023 yilning dastlabki besh kunida odamlar o‘limi bilan bog‘liq yettita yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi va ularda 13 nafar odam halok bo‘ldi. Halok bo‘lganlarning besh nafari voyaga yetmaganlar bo‘lgan.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

1 yanvar. Samarqand shahridagi ko‘chalardan birida AUDI mashinasi ikki nafar piyodani urib yuborgan. Oqibatda ular og‘ir tan jarohati olib vafot etgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur hodisa yuzasidan qoldirilgan postlarda AUDI haydovchisi mast holda uch nafar voyaga yetmagan o‘smirni urib yuborgani, ularning ikki nafari halok bo‘lgani va bir nafari shifoxonaga yotqizilgani ma’lum qilindi.

Viloyat IIB axborot xizmati esa ikki nafar piyoda AUDI oldiga yugurib chiqqani va oqibatda mashina ularni urib yuborgani haqida xabar berdi. Xabarda shifoxonaga yotqizilgan uchinchi piyoda haqida hech qanday ma’lumot yo‘q edi.

2 yanvar. Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida katta tezlikda harakatlangan Nexia haydovchisi oraliq masofani saqlamagan va oldinda ketayotgan Spark bilan to‘qnashib, ariqqa ag‘darilgan. Oqibatda og‘ir tan jarohatlari olgan Nexia haydovchisi shifoxonada vafot etgan.

2 yanvar. Surxondaryo viloyati Angor tumanida mast holda tezlikni oshirgan haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan va Labo mashinasi bilan kanalga tushib ketgan. Oqibatda qutqaruvchilar yetib kelguncha suvga cho‘kib vafot etgan.

3 yanvar. Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida Nexia-2 haydovchisi Shahrisabz-Yakkabog‘ yo‘nalishida harakatlanayotib, piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan to‘rt kishini urib yubordi.

Oqibatda, og‘ir tan jarohatlari olgan uch nafar fuqaro voqea joyida, bir nafari shifoxonada vafot etgan. Ma’lum bo‘lishicha vafot etganlar bir oila vakillari – er-xotin va ularning ikki nafar farzandi bo‘lgan.

4 yanvar. Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida yuqori tezlikda harakatlangan Lacetti haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib daraxtga urilgan. Mashina ikkiga bo‘linib, parchalanib ketgan. Oqibatda ikki nafar yo‘lovchi halok bo‘lgan.

4 yanvar. «VAZ-21011» mashinasi haydovchisi katta tezlikda harakatlanib oraliq masofani saqlamagan va oldinda ketayotgan «Kamaz»ga urilgan. Oqibatda mashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan ona va uning hali bir yoshga ham to‘lmagan bolasi og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonada vafot etgan.

5 yanvar. Farg‘ona tumanida soatiga 30 kilometr harakatlanish mumkinligi belgilab qo‘yilgan ko‘chada juda katta tezlikda harakatlangan Nexia-2 yonbosh ko‘chadan chiqib kelgan Damas bilan to‘qnashgan. Oqibatda Damas haydovchisi og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonada vafot etgan.

Yuqoridagi YTHlar IIV YHXBBning viloyatlardagi hududiy boshqarmalari tomonidan e’lon qilingan. Mabodo 1-5 yanvar oralig‘ida e’lon qilinmaganlari bo‘lsa, unda 2023 yilning dastlabki besh kunida YTHlar oqibatida vafot etganlar soni bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid