Jahon | 21:13 / 08.01.2023
37722
29 daqiqa o‘qiladi

«Ular o‘zi bilan o‘lim olib keldi». Qozog‘istonni o‘zgartirgan «qonli yanvar» voqealariga bir yil to‘ldi

2022 yilning dastlabki oyi zamonaviy Qozog‘iston tarixiga «Qandi Qantar» – «Qonli yanvar» nomi bilan kirdi.

PAVEL PAVLOV/ANADOLU AGENCY VIA GETTY IMAGES

Gaz narxi ko‘tarilishiga qarshi boshlangan norozilik harakatlari tezda butun mamlakat bo‘ylab tarqaldi va hukumatga qarshi namoyishlarga aylanib ketdi; tinch namoyishlarning bir qismi tartibsizliklarga aylanib, shafqatsizlarcha bostirildi. Oradan bir yil o‘tib, hali ham voqealar qanday va nima uchun tez rivojlangani haqida ishonchli tushuntirishlar yo‘q. Ammo hamma bir fikrga rozi: yanvar voqealari mamlakatning siyosiy tuzilishini tubdan o‘zgartirdi va ko‘plab qozog‘istonliklar hayotini yanvardan «oldin» va «keyin»ga bo‘ldi.

Yangi yilning yettinchi kuni Meldexonlar oilasining oziq-ovqat zaxirasi tugay boshlaydi. O‘sha paytda Olmaotadagi norozilik namoyishlari deyarli to‘xtagan, televideniye orqali shaharda tartib o‘rnatilgani aytilayotgandi. Ammo hamon internet yo‘q va do‘konlarda faqat naqd pul bilan savdo qilinardi.

Oziq-ovqat xarid qilib kelish uchun oilaning to‘rt farzandi yo‘l oladi. Ikki nafar kichik bolalar akasi va opasiga ergashadi. Ular shaharning deyarli yarmini aylanib chiqishga majbur bo‘ladi. Qayerdandir non, yana qayerdandir tagliklar topiladi. Uyga qaytishda ular Sayfulin va Satpayev ko‘chalari chorrahasidan Olmaota shahrining bosh maydoni — Respublika maydoni tarafga buriladi. U yerda esa ularning mashinasini o‘qqa tuta boshlashadi.

Katta o‘g‘il, 18 yoshli Aydar ortiga o‘girilib, ketishga harakat qiladi, biroq o‘qqa tutish kuchayadi. Keyinroq mashinada yigirmaga yaqin o‘q teshigi sanalgan.

Jarohatlangan bolalar mashinadan tushib, o‘tkinchi mashinada eng yaqin kasalxonaga yetib borishga muvaffaq bo‘ladi. Otasi farzandlari yoniga yetib kelganida, uning to‘ng‘ich qizi yettita o‘q jarohati bilan reanimatsiyada yotgan edi. Eng kichigi, 4 yoshli Aykorkem esa allaqachon vafot etgandi.

Aydos Meldexon bolalariga ko‘chaga chiqib oziq-ovqat sotib olishga ruxsat berganda, o‘sha kuni ertalab mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev askarlarga har qanday o‘tkinchini ogohlantirmasdan otishni buyurganini bilmagan edi.

Rasmiylar 7 yanvarga kelib tartib tiklanganini ma’lum qilgan va ko‘chalarda huquq-tartibot organlari patrullik qila boshlagandi
ALEXANDR BOGDANOV/AFP VIA GETTY IMAGES

«Xorijda muammoni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun tomonlarni muzokara o‘tkazishga chaqirishmoqda. Qanday ahmoqlik. Jinoyatchi va terroristlar bilan qanday muzokara o‘tkazish mumkin?» degan To‘qayev o‘z murojaatida.

Yanvar oyidagi norozilik namoyishlarining dastlabki besh kunida rasmiylarning ritorikasi befarqlik va yoqilg‘i narxini pasaytirish uchun qisman yon berishga tayyorlikdan tortib, davlat to‘ntarishiga urinish haqidagi bayonotlar va ayrim shaharlarda tajovuzkorona harakat qilayotgan namoyishlarni zo‘ravonlik bilan bostirishgacha o‘zgardi.

«Hukumat qulamaydi» — deya bayonot berdi To‘qayev.

Bunday keskin reaksiya Qozog‘istonda ko‘pchilikni hayratda qoldirdi. To‘qayev prezidentlik qilgan uch yil davomida hech qachon qattiqqo‘llik ko‘rsatmagandi.

Sobiq diplomat va tashqi ishlar vaziri bo‘lgan To‘qayev 2019 yilda bo‘lib o‘tgan muddatidan oldingi prezidentlik saylovlarida, mamlakatni sovet davridan beri avtoritar tarzda boshqarib kelayotgan o‘zidan oldingi prezident Nursulton Nazarboyevning ko‘magi bilan g‘alaba qozongandi.

Qozog‘istonda kutilmaganda yetakchilikni qo‘lga kiritgan To‘qayev ko‘pincha Nazarboyevning qo‘g‘irchog‘i sifatida qabul qilingan, siyosatshunoslar ularning munosabatlarini Vladimir Putin va Dmitriy Medvedev tandemi bilan taqqoslagan.

Prezidentlikdan ketsa-da, Nazarboyev mamlakat Xavfsizlik Kengashi rahbari lavozimi, hukmron partiya rahbarligi, siyosiy daxlsizlik va «Elboshi» – xalq otasi unvonini saqlab qoldi. To‘qayevning prezident sifatidagi dastlabki qarorlaridan biri mamlakat poytaxti nomini Ostonadan Nur-Sultonga o‘zgartirish bo‘ldi.

To‘qayev o‘z prezidentligining uch yilida o‘tmishdoshi soyasida qolayotgandi. Foto: STR/AFP VIA GETTY IMAGES

Ammo 2022 yil yanvarida To‘qayev misli ko‘rilmagan mustaqil harakatlarni amalga oshirdi – u hukumatni tartibsizliklarga yo‘l qo‘yganlikda aybladi va uni iste’foga chiqardi, shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari va Nazarboyevning yana bir qancha sheriklarini hibsga oldi. To‘qayev yordam so‘rab Moskva boshchiligidagi harbiy ittifoq — Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga murojaat qildi.

13 yanvarga qadar butun mamlakat bo‘ylab 10 mingdan ortiq odam hibsga olingan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, politsiya va namoyishchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda 238 kishi, jumladan, 19 nafar xavfsizlik xodimi halok bo‘lgan. Yaradorlar, turli ma’lumotlarga ko‘ra, bir necha yuzdan bir necha minggacha bo‘lishi mumkin.

«Huquq-tartibot idoralari rahbarlarida bu vaziyatda yagona harakat algoritmi va rejasi yo‘q edi. Chalkashlik bor edi, buni ochiq tan olishim kerak. Huquq-tartibot organlari yetakchilari mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishdan qo‘rqdi. Ya’ni bu haqiqiy urush edi, men mas’uliyatni o‘z zimmamga olishim kerak edi», degan To‘qayev yanvar voqealaridan keyinroq bergan intervyusida.

Aykorkem nafaqat namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari, balki tasodifan maydon yonidan o‘tgan ayollar, pensionerlar va bolalarning ham hayotiga zomin bo‘lgan «qonli yanvar» voqealari qurbonlarining eng kichigi bo‘ldi. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 20 kishi «tasodifan otishma ichiga» tushib qolgan. Ammo huquq himoyachilari bu raqamni kam deya hisoblaydi. Ba’zi odamlar rasmiylarga xabar bermasdan o‘z yaqinlarini dafn etgan bo‘lishi ham mumkin. Yanvar voqealari paytida aslida qancha odam halok bo‘lganini, hozirda aniqlash qiyin.

«Ular o‘lim olib keldi»

Aykorkem otasining sevimlisi edi: u tug‘ilganda otasi Aydos qirq yoshda edi. Otasi unga oilaning barcha a’zolarining eng yaxshi fazilatlari meros bo‘lib qolgani, u kirgan har qanday uyni yoritadigan bola bo‘lganini aytadi.

Aydos telefonining ekraniga Aykorkemning o‘limidan besh kun oldin, 2 yanvar kuni olingan so‘nggi suratini qo‘ygan. Suratda qizcha nafis oq ko‘ylakda kamera oldiga turgan. Oila Aykorkem surat va raqsga tushishni yaxshi ko‘rganini eslaydi.

MELDEKHAN FAMILY ARCHIVE

Boshqa ko‘plab qozog‘istonliklar singari Meldexonlar oilasi ham yangi yil uchun beshbarmoq va olive salatini tayyorlayotgan kun Olmaotadan 3000 kilometr g‘arbda odamlar suyultirilgan gaz narxini pasaytirishni talab qilib, ko‘chalarga chiqdi. 1 yanvar kuni ularning soni ikki baravarga ko‘paydi.

Namoyishlar, barcha qozog‘istonliklar uchun 2011 yilda neftchilarning ommaviy norozilik namoyishlari o‘tkazilgan joy sifatida tanilgan Janao‘zen shahrida boshlandi. 2011 yilgi norozilik ham harbiylar tomonidan shafqatsizlarcha bostirilgan, 17 kishi halok bo‘lgan va yana yuzlab odamlar yaralangandi.

2022 yilda boshlanganidan ikki kun o‘tib, norozilik namoyishlari mamlakatning deyarli barcha hududlarini qamrab oldi: odamlar kamida 16 ta aholi punktida mitinglarga chiqdi.

RUSLAN PRYANIKOV/AFP VIA GETTY IMAGES

Namoyishchilarning talablari endi yoqilg‘i narxini pasaytirish bilan cheklanib qolmadi. Ular ijtimoiy va iqtisodiy adolat o‘rnatish, siyosiy islohotlar o‘tkazish, ish haqi va pensiyalarni oshirish talablarini ilgari surdi. Namoyishchilarning yagona yakdil talabi Nursulton Nazarboyevning hokimiyatdan butunlay ketishi edi.

O‘sha kunlardagi eng ommabop shior «Chol, ket» bo‘lib, bu shior korrupsiya, qonunbuzarlik va qashshoqlikdan charchagan qozog‘istonliklarning kayfiyatini aks ettirgan. Qozog‘iston Markaziy Osiyodagi eng yirik va eng boy davlatdir, ammo KPMG audit kompaniyasi tadqiqotiga ko‘ra, 2019 yilda milliy boylikning yarmi atigi 162 kishiga tegishli bo‘lgan.

G‘arbdagi shaharlardan tashqariga chiqqan norozilik harakatlari tajovuzkorona ruh oldi. Olmaotada politsiya bilan to‘qnashuvlar boshlandi, 5 yanvarga o‘tar kechasi namoyishchilar mashinalarni yoqishni boshladi. 5 yanvar kuni tushdan keyin olomon Olmaota shahar hokimiyati binosi, sobiq prezident qarorgohi va boshqa bir qancha binolarga bostirib kirdi.

PAVEL MIKHEYEV/REUTERS

Hukumat mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi, mobil va simli internet hamda telefon aloqalari o‘chirib qo‘yildi. 6 yanvar kuni KXShT qo‘shinlari Qozog‘istonga kirib keldi.

Nega norozilik namoyishlari bunchalik tez ommaviylashib ketgani va ularning tinch xarakteri qanday qilib tartibsizliklarga aylangani sababini hozirgacha hech kim aniq ayta olmaydi. Ayrimlar namoyishlar ortida Nazarboyevga sodiq maxsus xizmatlar turganini aytsa, boshqalar To‘qayev shu yo‘l bilan o‘zidan oldingi rahbardan butunlay qutulganini aytadi. Uchinchi taxmin — Qozog‘istonda hokimiyat almashishidan ba’zi tashqi kuchlar manfaatdor bo‘lgani ustiga qurilgan bo‘lsa, to‘rtinchi versiyaga ko‘ra uyushgan jinoiy guruhlar namoyishlardan foydalangan.

Ammo hamma bir xil fikrni ma’qullaydi: namoyishchilar orasida oddiy qozog‘istonliklar ham, do‘konlarni talon-toroj qilgan, ma’muriy binolarga bostirib kirib, o‘t qo‘ygan pichoq, tayoq va ov miltig‘i ko‘targan odamlar ham bor edi. Ko‘pchilik ularni provokatorlar deb ataydi.

Aydosning aytishicha, u qizi o‘limidan oldin sodir bo‘layotgan voqealar ko‘lami va oqibatlarini anglamagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 4 yanvar kuni u hatto eng yaqin politsiya bo‘limiga borib, ko‘ngilli sifatida o‘z yordamini taklif qilgan, biroq ular unga rahmat aytib, qaytarib yuborishgan.

«Mamlakatimizda avval ham tartibsizliklar bo‘lgan, lekin odatda ular tezda tugar edi. Men hokimiyatga to‘liq ishonardim va 4 yanvar kuni televizorda shahar ko‘chalarida harbiylar va politsiyachilarni ko‘rganimda, xursand bo‘ldim va shaharning egasiz emasligini tushundim. Men ular o‘lim olib kelganini bilmas edim», deydi Aydos.

Qizi vafotidan keyingi bir yil ichida Aydos bu voqeani o‘nlab marta aytgan bo‘lsa-da, uning tomog‘iga tiqilib qolgan narsa hech qayerga ketmagan. Meldexonlar oilasi hamon farzandlarini aynan kim otganini aniqlashga harakat qilmoqda.

Aykorkem vafot etgan va ko‘plab yaradorlar davolanayotgan shifoxonaga qizchaning o‘limidan bir necha kun o‘tib prezident To‘qayev tashrif buyurgan. Aydos prezidentning oldiga borib, uni qiynagan savollarni berishga muvaffaq bo‘ladi — «Mening bolalarimda nima ayb bor edi?», «Nega ularga o‘q uzishdi?» Prezident yordamchisiga Aydosning telefon raqamini yozib olishni, voqeaga aniqlik kiritib, u bilan bog‘lanishni buyuradi. Biroq oila hozirgacha To‘qayevning o‘zi yoki uning apparati xodimlaridan hech qanday xabar olmagan.

O‘tgan yil davomida Aydos nima bo‘lganini tushunish maqsadida To‘qayevning o‘ziga ko‘plab xatlar yozgan, shu bilan birga prezident administratsiyasi bilan uchrashish uchun Ostonaga ham borgan. Yanvar oyida o‘ldirilgan va hibsga olinganlarning ko‘plab boshqa qarindoshlari ham xuddi shunday vaziyatga tushib qolgan.

«O‘lganlarning aybsizligini isbotlash qiyin»

Huquq himoyachisi Baxitjan Toregojina faollar unga qo‘ng‘iroq qilib, otishma haqida aytgan vaqtda keksa onasi bilan bayramni nishonlayotgan edi. O‘sha paytdayoq Olmaotada internet uzib qo‘yilgandi.

«Men bunga ishonmadim va odamlar nega bunchalik qo‘rqib, sarosimaga tushib qoldi, deb o‘yladim. Chunki bizning xavfsizlik kuchlari odatda rezina o‘qlar va shovqinli granatalar ishlatardi. Biroq bir necha soatdan keyin biz ular Toldirqo‘rg‘on, Chimkent va Qizilo‘rdada odamlarni o‘ldirayotganini aniq bildik», deya eslaydi Baxitjan.

ALEXANDR BOGDANOV/AFP VIA GETTY IMAGES

Qozog‘iston hukumati yuqori martabali amaldorlar va namoyishchilar orasidan aybdorlarni qidirishda davom etmoqda. Aprel oyi holatiga ko‘ra, tartibsizliklar ishtirokchilariga qarshi mingdan ortiq jinoiy ish ochilgan.

Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari, Nazarboyevning ittifoqchisi Karim Masimovga nisbatan eng asosiy ayblov – davlatga xiyonat aybi qo‘yilgan. Uning ikki o‘rinbosari ham hokimiyatni egallab olishga urinishda ayblanib hibsga olingan. Ularning uchalasiga qarshi tergov jarayoni yopiq eshiklar ortida o‘tkazilmoqda, ayblov ishi materiallari maxfiy saqlanmoqda. Yanvar oyidayoq qo‘mitaning yana uch nafar a’zosi o‘lik holda topilgan, OAV ular o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar bergandi.

Tartibsizliklar natijasida halok bo‘lgan shaxslarga nisbatan ikki xil jinoiy ish ochildi: qotillik va ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish yoki ularda qatnashish fakti bo‘yicha.

«Ammo qotillik fakti bo‘yicha ochilgan deyarli barcha ishlar to‘xtatildi», deydi Toregojina.

«Birinchi toifaga o‘q tanani teshib o‘tib ketgan va kim aniq otganini aniqlashning deyarli imkoni yo‘q holatlar kiradi. Bunday jinoiy ishlar to‘xtatiladi. Ikkinchi toifaga esa o‘q tanada qolgan va u qanday quroldan otilgani hamda uning egasi aniqlanishi mumkin bo‘lgan holatlar kiradi. Lekin agar askar yoki politsiyachi otgan bo‘lsa, bunday holatlar «maxfiy» deb tasniflanadi», deya tushuntiradi huquq himoyachisi.

Toregojinaning fikricha, hukumat yanvar voqealari bo‘yicha ishlarning sudgacha borishi va o‘q uzgan askarlar jazolanishidan manfaatdor emas. Dastlab «qotillik» deb hisoblangan ko‘plab holatlar keyinchalik «hokimiyat vakolatini suiiste’mol qilish» sifatida qayta tasniflangan. Bu moddaga ko‘ra esa jazo ancha yumshoqroq.

Huquq himoyachisining fikricha, hukumat namoyishchilarga qarata o‘q uzganlarni jazolamaslik, shuningdek, namoyishchilarni ham faol ta’qib qilmaslik orqali jamiyat bilan so‘zsiz konsensusga kelmoqchi. Bir yil ichida faqat bitta qotillik ishi sudgacha bordi.

ANADOLU AGENCY VIA GETTY IMAGES

«Jabrlanganlar ko‘pchiligining qarindoshlari politsiya bilan kelishuvga borib, arizalarini qaytarib oldi. Chunki ularning hech biri o‘g‘li, ukasi yoki amakisi vafotidan keyin terrorchi sifatida tan olinishini istamaydi. Bu SSSRdagi davlatga xiyonat moddasiga o‘xshaydi. Bunday familiya bilan yashash hamma uchun og‘ir bo‘ladi. O‘liklarning aybsizligini isbotlash esa qiyin ish», deydi Toregojina.

Yanvar oyi voqealari zamonaviy Qozog‘iston tarixidagi eng ommaviy va eng qonli namoyishlarga aylandi. Baxitjan Toregojina o‘z hamkasblari bilan birgalikda norozilik harakatlarining birinchi kunlaridanoq o‘lganlar, yaralanganlar va hibsga olinganlarning hisobini yuritishga harakat qilgan. Qarindoshlarini topa olmagan o‘nlab odamlar ulardan yordam so‘ragan.

Keyinchalik ko‘ngillilar va huquq himoyachilari yaradorlar va halok bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlar yangilanib turuvchi «Qantar2022» jamoat harakatini tuzadi.

«Biz avtoritar davlatda yashayotganimizni bilsak-da, sodir bo‘layotgan voqealardan hayratda qoldik. Biz xuddi XX asrga qaytgandek bo‘ldik, o‘shanda, 1986 yilda sovet hukumati Olmaotada SSSRga qarshi o‘tkazilgan birinchi ommaviy norozilik namoyishlarini qattiqqo‘llik bilan bostirgan edi. Yoki Nazarboyev 2011 yilda Janao‘zendagi neftchilar qo‘zg‘olonini kuch bilan bostirgan davr qaytgandek bo‘ldi. Ammo yanvar voqealari o‘sha voqealar yetarlicha o‘rganilmaganining natijasi ekanini endi tushunyapmiz. Hokimiyat jazosiz qolsa, qonunsizlik doimiy bo‘lib qoladi», deydi Toregojina.

Yanvar voqealaridan so‘ng o‘z yaqinlarini topish ilinjida odamlar bir-biriga qo‘ng‘iroq qilgan, o‘likxona, shifoxona va tergov izolyatorlarini aylanib chiqqan. Huquq himoyachilari esa qiynoqlar haqida yangi xabarlar ola boshlagan.

Kasalxona krovatidan qamoq izolyatoriga

37 yoshli avtomobil ustasi Ermek Abdreshev 5 yanvar kuni uydan chiqib ketgan va qaytib kelmagan. Oradan ikki kun o‘tib, komadan uyg‘ongach, u kasalxona krovatida taglik bilan yotganini ko‘radi: o‘q yarasi uni bir ko‘zidan mahrum qilgandi.

Xuddi shu paytda, uni palataning o‘zidayoq hibsga olishadi. Ermek uni qanday qilib xalat va shippakda, avtomat tiragan holda ko‘chaga olib chiqishganini eslaydi.

«Ular mening qo‘llarimni bog‘lamadi, lekin men boshimning orqa tomonida avtomatning tumshug‘i turganini his qildim. Hamshira ularga mening hech nimani ko‘rmasligimni aytdi, lekin ular bunga men zinadan yiqilib tushishimga sal qolgandagina ishondi. Yon tomonimda yurgan politsiyachilar qo‘llarimdan ushlab, yiqilishimga yo‘l qo‘ymadi», deya hikoya qiladi Ermek.

Ermek olib ketilgan avtozak vaqti-vaqti bilan yangi odamlarni yuklash uchun to‘xtagan va tiqilinchlarning birida Ermek shippagini yo‘qotib qo‘ygan. Politsiyachilar uni yalangoyoq mashinadan tushirib, binoga olib kirgan va boshqalar bilan birga devorga tirkagan. Keyingi voqealarni esa u yomon tush sifatida eslaydi.

«U yerdagilardan kimdir menga kurtka kiydirdi, chunki men faqat kasalxona xalatida edim. Qo‘riqchi mening ustimdan hech qanday sababsiz muzli suv quydi. U menga kurtkasini bergan oqko‘ngil odamga nima qilganini men ko‘ra olmadim. Bizni so‘roq paytida ham, kamerada ham qiynoqqa solishdi», deydi Ermek.

U hibsga olingandan o‘n bir kun o‘tibgina garov evaziga ozod qilinadi. Ermek uni faqat ko‘r bo‘lgani uchungina qo‘yib yuborishganiga ishonchi komil.

ERMEK ABDRESHEV

«Kamerada men ularga ochiqchasiga xalaqit berdim. Men har doim hamrohga muhtoj edim. Hatto hojatxonaga ham o‘zim bora olmas edim, qoqilib ketib, yiqilardim», deydi Ermek.

U ozodlikka chiqqanda, ko‘rish qobiliyatini qisman saqlab qolgan ikkinchi ko‘zi ham butunlay ko‘rish qobiliyatini yo‘qotadi.

Yermekning eslashicha, u namoyishchilar orasiga tushib qolganidan bir necha soat o‘tib yaralangan. Tinch namoyishchilardan tashqari, u provokator deb atalayotganlarni ham ko‘rgan. Ular harbiy kiyimdagi odamlar bo‘lib, svetoforlarni urib, binolarni vayron qilgan.

Ermekning so‘zlariga ko‘ra, u boshqa namoyishchilar bilan birga «provokatorlar»ni tinchlantirishga va ularni haydab yuborishga harakat qilgan. Ammo hukumat Ermekni tartibsizliklarda qatnashganlikda gumon qilgan.

Ermekning aytishicha, undan nechta odam o‘ldirgani va nimani vayron qilishga ulgurgani haqida so‘rashmagan. Ular Ermek yaralangan ekan, demak u provokatorlardan biri ekanligini aytishgan.

Unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yetti oydan keyin jinoyat tarkibi yo‘qligi sababli yopiladi. Ammo unga nisbatan qilingan qiynoqlar ishi hali ham ochiq, lekin oldinga siljimayapti.

Hukumat «noqonuniy so‘roq usullari» qo‘llangani va buning oqibatida olti kishi halok bo‘lganini tan oldi. Mart oyida prokuratura 200 dan ortiq shikoyat ko‘rib chiqilayotganini aytdi. Noyabr oyida inson huquqlari bo‘yicha ombudsman Elvira Azimova, hukumat qiynoqlarga oid barcha ishlarning 80 foizini yopgani haqida xabar berdi. Inson huquqlarini himoya qiluvchi Human Righs Watch tashkiloti yaqinda e’lon qilgan hisobotida ta’kidlanganidek, mahbuslar o‘limi uchun hech kim jinoiy javobgarlikka tortilmagan.

Yermek buvisi bilan. Foto: ABDRESHEV FAMILY ARCHIVE

Oradan bir yil o‘tib, Ermek deyarli uydan chiqmayapti va navbatdagi operatsiyaga tayyorlanmoqda. U narsalarga teginish orqali uyni aylanadi, lekin u ko‘rish qobiliyatini yo‘qotganiga hali to‘liq odatlanmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yanvar oyidan beri u shunchaki «zulmatda ichida qolib ketgan».

Ermek qamoqdan keyin uyiga qaytganida, qarindoshlari uni tanimagan. Uning onasi jurnalistlarga ko‘zida yosh bilan o‘g‘lining 5 yanvardan oldingi va izolyatordan keyingi rasmlarini ko‘rsatgan.

Ermekning so‘zlariga ko‘ra, oila hokimiyatdan tovon puli olmagan, faqat nogironlik bo‘yicha nafaqa berilgan. Befarq bo‘lmaganlar yordami bilan davolanish uchun pul yig‘ilgan.

«Men avval shokka tushdim, tinmay yig‘ladim. U hamisha ko‘rkam, kelishgan edi, oq kiyim kiyishni yaxshi ko‘rardi, bu unga juda yarashardi. Hozir esa…» deya xo‘rsinib, yig‘laydi Ermekning onasi.

Ermek bo‘lsa «Hozir esa men hamma narsani oqqa aylantiraman», deydi yuzida tabassum bilan.

Yangi Qozog‘iston

«Negadir o‘sha kunlarda Olmaota osmoni umidsiz kulrang rangga bo‘yalgandi. Na quyosh, na moviy osmon bor edi. Dastlab bu tuman va smog sabab, keyin esa tutun va granata portlashlari sabab yuz berdi», deydi olmaotalik rassom Saule Sulaymonova.

Saule qora va qizil polietilen paketlardan to‘qilgan 60 kvadrat metrlik «Olmaota osmoni» kartinasida yanvar voqealari haqida o‘z taassurotlarini izhor qilgan. U buni qonli yanvarning his qilinishi va ta’mi deb ataydi.

Rassomning aytishicha, uning ko‘rgazmasiga kelganlarning ko‘pchiligi «Olmaota osmoni»ni ko‘rib yig‘lagan. Ba’zilar bu mavzu ko‘tarilganidan g‘azablangan. Befarq odamlar deyarli bo‘lmagan.

«Qonli yanvar» — bu haqda hech kim gapirishni istamaydigan umumiy jarohat ekaniga rassomning ishonchi komil.

«Yanvarchilar — o‘sha kunlarda maydonda bo‘lgan har qanday insonlardir. Ular namoyishchi, jurnalist yoki faol bo‘lishi shart emas, bu shunchaki o‘q ostida qolgan oddiy o‘tkinchi bo‘lishi ham mumkin. Ya’ni har birimiz», deydi Saule.

Rassom o‘tgan yil yuz bergan voqealar ko‘pchilikning o‘z mamlakati haqidagi tasavvurlarini o‘zgartirganiga amin.

«Biror narsani o‘zgartirish uchun tavakkal qilishdan qo‘rqmaydigan oddiy qozog‘istonliklar bu mamlakatga o‘zgarishlar olib kelishi ma’lum bo‘ldi. Odamlar nihoyat jamiyatning kuchini, nimalarga qodirligini anglab yetdi – ha, bu xavfli, siz o‘z joningiz bilan tovon to‘lashingiz mumkin, lekin noroziligingizni bildirishingiz ham mumkin. Menimcha, bizda biron narsa yuqori darajada sodir bo‘ldi va odamlar osonroq gapira boshladi va bu qurbonliklar, menimcha, behuda ketmadi», degan Saule.

Yanvar voqealaridan so‘ng o‘tgan bir yil ichida haqiqatan ham ko‘p narsa o‘zgargandek. Birinchi prezident Nazarboyevning ko‘plab yodgorliklari tartibsizliklar paytida vayron qilindi va qayta tiklanmadi. Elboshining o‘zi imtiyozlari va lavozimlarining aksariyatini yo‘qotdi. Tartibsizliklardan so‘ng birinchi marta murojaat bilan chiqar ekan, u o‘zini oddiy nafaqaxo‘r deb atadi. Qozog‘iston poytaxti oldingi nomiga qaytarildi.

Qosim-Jo‘mart To‘qayev nafaqat sobiq xo‘jayinidan voz kechdi, balki konstitutsiyani qayta yozish orqali va’da qilingan siyosiy islohotlarni ham boshladi. Yigirmadan ortiq o‘zgartirishlar orasidan prezidentning vakolat muddatini bittaga qisqartirish, lekin muddatning o‘zini yetti yilga uzaytirish e’tiborga molik hodisa bo‘ldi.

Noyabr oyida, odamlarni otishga buyruq berganidan atigi 10 oy o‘tgach, To‘qayev muddatidan oldin saylovlar o‘tkazdi va unda osonlik bilan g‘alaba qozondi.

«To‘qayev yangi Qozog‘iston qurayotganini aytmoqda, lekin saylovlar eski Qozog‘iston uslubida o‘tkazildi. Unda haqiqiy muxolifat yo‘q edi, faqat texnik nomzodlar qatnashdi. Xalqqa haqiqiy tanlov berilmadi», deydi Qozog‘istonda ishlovchi britaniyalik jurnalist Joanna Lillis.

«Yangi Qozog‘iston»ning navbatdagi sinovi yaqin olti oy ichida yuz beradi: iyun oyiga qadar mamlakatda parlament saylovlari bo‘lib o‘tishi kerak. 2022 yilning noyabr oyida, 2013 yildan beri birinchi marta yangi partiya ro‘yxatga olindi, ammo Lillisning so‘zlariga ko‘ra, bu partiya hukumatga haqiqiy muqobil sifatida ko‘ringani yo‘q.

«To‘qayevni haqiqatan ham tanqid qila oladigan va hukumatdan o‘z harakatlari uchun javob talab qiladigan haqiqiy muxolifatni ko‘rmagunimizcha hammasi Nazarboyev davridagi eski siyosatga o‘xshaydi, faqatgina biroz kamroq repressiv», deydi britaniyalik jurnalist.

***

Meldexon oilasi kompensatsiya berilgan kam sonli oilalardan biri. Hukumat ularga 20 ming dollarga yaqin tovon puli to‘lagan va Olmaotadagi yangi binodan uch xonali kvartira bergan.

Aydos bularning barchasi u televideniyeda chiqishni va jurnalistlar bilan gaplashishni to‘xtatishi uchun berilganiga ishonadi. Ammo u jim bo‘lmasligini va uning uchun eng muhimi, qizining qanday vafot etgani haqidagi haqiqatni bilish ekanini ta’kidlaydi. Tergov shuni ko‘rsatdiki, mashinaga otilgan o‘qlar harbiylar tomonidan otilgan, biroq keyinroq ish maxfiylashtirilgan. Hozir na Aydos, na uning advokati tergov tafsilotlari bilan tanisha oladi.

MELDIKHAN FAMILY ARCHIVE

Aykorkem halok bo‘lganidan yarim yil o‘tib, Olmaota shahrining markaziy ko‘chalaridan birida noma’lum rassomlar uning surati aks etgan devor rasmini chizgan. Unda qizcha qozoq milliy libosida tasvirlangan. Uning yonida qizchaning otasi yozgan she’rdan parcha keltirilgan — «Qaysi og‘a meni otdi?»

Aydos va uning rafiqasi portretdan ta’sirlanib, rassomlarni topib, ularga rahmat aytishga kelishib oladi. Ammo ular mural yoniga qaytganlarida, rasmni shahar ishchilari bo‘yab qo‘yishgandi.

Energetika kompaniyasining ta’kidlashicha, ular portretni bo‘yashga majbur bo‘lgan, chunki transformator podstansiyalarida nomuvofiq tasvirlarni chizish taqiqlangan va rassomlar obektning xavfliligi haqida ogohlantiruvchi belgilarni bo‘yagan.

Kompaniya vakilining qo‘shimcha qilishicha, har kimning qayg‘usi, pushaymonligi va noroziligi qonun doirasida bildirilishi kerak.

Mavzuga oid