O‘zbekiston | 12:56 / 09.01.2023
7063
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Haj va umra vazirligi rahbariyati bilan uchrashdi

Jidda shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Saudiya Arabistonining Haj va umra ishlari vazirligi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: Dunyo

Muloqot chog‘ida Saudiya Arabistoni haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia hamda O‘zbekiston prezidentining maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev ishtirokida o‘zaro aloqalarning istiqbollari hamda 2023 yilgi haj mavsumini yuqori darajada tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabiaga nufuzli anjumanga taklif etgani va qabul uchun minnatdorlik bildirar ekan, mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yanada takomillashtirish bilan izohlanishini ma’lum qildi.

Saudiya Arabistoni Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun O‘zbekistonga safar qilishda vizasiz tizim joriy etilgani katta yengillik ekanini ta’kidlashi barobarida ushbu imkoniyatlarni Saudiya Arabistonida keng targ‘ib etish yaxshi natija berishini bildirdi.  

Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev haj va umra ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish borasidagi o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Muzokaralarda Madina shahridagi payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam siyratlariga oid innovatsion muzey kabi Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasida ham mazkur buyuk muhaddis hayoti va ijodiga bag‘ishlangan muzey barpo etish ishlari jadal davom ettirilayotgani ma’lum qilindi.

Saudiya tomoni ushbu muzeyning ochilish marosimiga borish niyatida ekanini bildirdi.

Mavzuga oid