Jahon | 10:55
1197
3 daqiqa o‘qiladi

BMT husiychilar va Saudiya o‘rtasidagi keskinlikdan xavotir bildirdi

Yamandagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiychilar harakati Saudiya Arabistonidagi Abha xalqaro aeroportiga raketa va dronlar yordamida hujum uyushtirganini ma’lum qildi. Ar-Riyod esa janubiy hududga yo‘naltirilgan raketalar havo mudofaa tizimlari tomonidan yo‘q qilinganini bildirdi.

Foto: Osamah Abdulrahman/AP Photo/dpa/picture alliance

Associated Press va Reuters agentliklari xabariga ko‘ra, Yamandagi «Ansor Alloh» harakatiga mansub husiychilar Abha xalqaro aeroportini nishonga olgani haqida bayonot berdi. Hujum raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari orqali amalga oshirilgani aytilmoqda.

Hozircha hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmagan.

Husiychilar qurolli kuchlari vakili Yahyo Saria Telegram orqali e’lon qilgan videomurojaatida aviakompaniyalarni Saudiya Arabistoni havo hududidan foydalanmaslikka chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, bu ogohlantirishlar Sana xalqaro aeroportiga nisbatan joriy etilgan blokada bekor qilinmaguncha amal qiladi.

Saudiya raketalar ushlanganini ma’lum qildi

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi harbiy koalitsiya vakili ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida husiychilar tomonidan mamlakatning janubiy qismiga uchirilgan raketalar havoda muvaffaqiyatli yo‘q qilinganini bildirdi.

Bu husiychilar tomonidan 2022 yil mart oyida norasmiy sulh kuchga kirganidan beri Saudiya Arabistoniga qilingan birinchi hujum sifatida baholanmoqda.

BMT xavotir bildirdi

Mazkur voqea munosabati bilan chaqirilgan BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishida mintaqada mojaroning yanada kengayishi mumkinligi yuzasidan jiddiy xavotirlar bildirildi.

BMT bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha yordamchisi Holid Xiariyning aytishicha, Yaman ham, butun mintaqa ham yana bir qurolli keskinlik to‘lqiniga dosh bera olmaydi.

U barcha tomonlarni BMT vositachiligidagi muzokaralarda konstruktiv ishtirok etishga chaqirdi.

Yamanda ham havo zarbalari davom etmoqda

Shuningdek, Yaman Mudofaa vazirligi 13 iyul kuni mamlakat qurolli kuchlari husiychilar nazoratidagi Sano xalqaro aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagiga zarba berganini ma’lum qildi. Vazirlik bu hujum Eron samolyotining qo‘nishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida amalga oshirilganini bildirgan.

Husiychilar joriy yil mart oyida AQSh va Isroil boshlagan harbiy harakatlar fonida Eron tomonida turib Isroilga qarshi raketa hujumlarini ham qayta tiklagan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid