O‘zbekiston | 16:02 / 09.01.2023
8778
5 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”: 10dan ortiq yo‘nalishda Transformatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda

Foto: O‘zbekneftgaz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida neft-gaz sohasida transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish orqali tabiiy gaz ta’minotida ijtimoiy himoya kafolatlari belgilangan holda bozor mexanizmlarini tatbiq etish vazifasi belgilangan. Jumladan, “O‘zbekneftgaz” AJning tashkiliy-huquqiy tuzilmasini dunyoning yetakchi neft-gaz kompaniyalari standartlariga muvofiqlashtirish, bunda jamiyat tasarrufidagi korxonalarda kooperatsiya va autsorsing xizmatlarini joriy etish nazarda tutilgan.

Ushbu topshiriqlarning ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘i bilan aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar belgilandi. Chora-tadbirlar doirasida aksiyadorlik jamiyatini tarkibiy qayta tashkil etish, operatsion samaradorlikni oshirish, korporativ boshqaruvni takomillashtirish, aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) vazifalari bajarildi.

Kompaniyada amalga oshirilayotgan islohotlarni tizimli ravishda muvofiqlashtirish maqsadida 2020 yilda Transformatsiya va operatsion samaradorlik departamenti tashkil etildi. Yetakchi konsalting tashkilotlari bilan ko‘plab foydali hamkorliklar yo‘lga qo‘yildi. Bu kompaniyaning joriy biznes-jarayonlarining yetukligini neft-gaz sanoati yetakchilari ko‘rsatkichlari bilan solishtirish, keyingi transformatsiyalarning asosiy yo‘nalishlarini belgilash va izchil takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ro‘yxatini shakllantirish imkonini berdi.

Natijada, jalb qilingan konsultantlar tomonidan ishonchli, uzluksiz va samarali ishlashni ta’minlash maqsadida yangi yondashuvlar va zamonaviy usullar taklif qilindi.

Jumladan:

• Buyuk Britaniyaning “Ernst and Young” konsalting kompaniyasi taklifiga ko‘ra, uskunalardagi nosozliklarni kamaytirish va ta’mirlash xarajatlarini qisqartirish uchun Ishonchlilikni boshqarish xizmatlari tashkil etildi;

• Fransiyaning “Rothschild & So.” kompaniyasi bilan hamkorlikda “O‘zbekneftgaz” AJ aksiyalarini birlamchi ommaviy joylashtirishga (IPO) tayyorgarlik ko‘rish loyihasi amalga oshirilmoqda;

• “IKS Holding” IT kompaniyasi bilan birgalikda Jamiyat biznes-jarayonlarini raqamlashtirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Shuningdek, “ESB”, “CMMS”, “CIMS” va “LMS” kabi tizimlarini joriy etish maqsadida texnik shartlar shakllantirildi;

• Buyuk Britaniyaning “PricewaterhouseCoopers” konsalting kompaniyasi “O‘zbekneftgaz” AJ korporativ boshqaruv tizimini diagnostika qildi va tizimni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqdi; 

• AQShning “The Boston Consulting Group” konsalting kompaniyasi “O‘zbekneftgaz” AJning o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi loyihasini ishlab chiqdi va taqdim etdi;

• “White&Case” xalqaro yuridik kompaniyasi IPOga chiqish doirasida Jamiyat duch kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatar va muammolarni aniqlash va har qanday boshqa huquqiy masalalar bo‘yicha huquqiy ekspertiza – “due diligence” o‘tkazdi;

• Buyuk Britaniyaning “Ernst & Young Advisory” auditor kompaniyasi “O‘zbekneftgaz” AJning buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotlar sohasini diagnostika qildi va jarayonlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqdi;

• Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (IFRS)ga muvofiq 2021 yil uchun hamda 2022 yil birinchi yarim yillik hisobotlari tuzildi va xalqaro auditorlik kompaniyalarini jalb qilgan holda mustaqil tashqi auditdan o‘tkazilib, e’lon qilindi;

• “ Fitch Ratings ” va “ S&P Global Ratings ” reyting agentliklari tomonidan berilgan (“BB-” darajasidagi) uzoq muddatli xalqaro kredit reytinglari yangilandi;

• “O‘zbekneftgaz” AJ markaziy apparati xodimlarining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlarini baholash (KPI) tizimi pilot ravishda joriy qilinib, sinovdan o‘tkazildi.

Boshlangan 2023 yilda ham belgilangan reja asosida, aniq natijalarga yo‘naltirilgan holda Transformatsiya loyihalarini amalga oshirish ishlari davom ettiriladi.

Ma’lumot uchun, “O‘zbekneftgaz” AJ – 50 dan ortiq ixtisoslashtirilgan tashkilotlar, jumladan, 13ta qo‘shma korxona, 10ta uglevodorodlarni qazib olish va qayta ishlash korxonalari, shuningdek, bir qator noishlab chiqarish va ilmiy-texnikaviy bloklarni birlashtirgan zamonaviy ko‘p bosqichli vertikal integratsiyalashgan korxonadir.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati 

Mavzuga oid