19:47 / 10.01.2023
30941

Qishki transferlar. Felish Angliyaga kelmoqda, «An-Nasr» tarkibni yana kuchaytirmoqchi

So‘nggi kunlardagi transfer yangiliklari va mish-mishlar.

Foto: Getty Images

Felish «Atletiko»dan «Chelsi»ga kelmoqda

«Atletiko» hujumchisi Joau Felish faoliyatini Angliya Premer-ligasida davom ettiradi. Insayder Fabritsio Romanoning yozishicha, «Chelsi» va «Atletiko» rahbariyati ijara shartnomasi bo‘yicha to‘liq kelishuvga erishgan. London klubi 23 yoshli portugaliyalik futbolchining yarim yillik ijarasi uchun Madrid klubi hisob raqamiga 11 million yevro o‘tkazib beradi. 

Jurnalist Beyn Jyeykobsning yozishicha, inglizlar klubi futbolchining ijara muddati davomidagi maoshi va barcha xarajatlarini o‘z zimmasiga oladi. Ma’lum qilinishicha, London klubi kelishuvga mavsum yakunida havbekni sotib olish bo‘yicha band qo‘shmoqchi bo‘lishgan, ammo «Atletiko» bunga ko‘nmagan.

Avvalroq, Felishning yarim yillik maoshi 6 million yevroni tashkil etishi haqida xabar qilingandi. 

2022/23 yilgi mavsumda Felish «Atletiko» safida 19 o‘yinda besh gol urdi va uch golga uzatma berdi. Joaoning madridliklar klubi bilan shartnomasi 2026 yil yoziga qadar tuzilgan. Transfermarkt uning transferini 50 million yevroga baholagan.

Buskets «Barselona»ni tark etadi

«Barselona» prezidenti Joan Laporta jamoa yarimhimoyachisi Serxio Buskets MLS klubiga o‘tishi mumkinligini aytdi.

«Unda faoliyatini Ispaniyadan tashqarida, AQShda davom ettirish bo‘yicha taklif bor. Agar barchasi yaxshi ketsa, biz u mavsum oxiriga qadar jamoada qolishini istaymiz, yozda esa yana gaplashib olamiz», — deya Laportaning so‘zlarini keltirgan Cadena SER.

ESPN xabariga ko‘ra, Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubi ham Busketsga taklif tayyorlamoqda. Arablar ispaniyalik futbolchiga yiliga 13 million yevro maosh to‘lashga tayyor. Klub ushbu maosh bilan Busketsning «Inter Mayami» emas, Saudiya Arabistoni klubini tanlashiga umid bildirmoqda. 

34 yoshli yarimhimoyachining «Barselona» bilan shartnomasi muddati 2022/23 yillar mavsumi oxirigacha tuzilgan. Joriy mavsumda Buskets barcha turnirlar doirasida 18 o‘yinda maydonga tushdi va bir golli uzatma muallifi bo‘ldi. Transfermarkt uning transferini besh million yevroga baholagan.

«Barselona»ga tayanch yarimhimoyachisi kerak

Kataloniyaliklar Serxio Busketsga o‘rinbosar qidirishga kirishib ketgan. Telefoot xabariga ko‘ra, «Barselona» va shaxsan Xavi Fransiyaning «Anjye» klubi havbeki, jahon chempionati kashfiyotlaridan biri bo‘lgan Azzedin Unaiga jiddiy qiziqish bildirmoqda.

Sport.es xabariga ko‘ra, «Barsa» «Vulverhempton»ning portugaliyalik yarimhimoyachisi Ruben Neveshning transferi masalasini hal qilishga yaqin. U jamoaga yozda qo‘shiladi.

Maguayr «MYu»da qoladi

Himoyachi Harri Maguayr «Manchester Yunayted»dan «Aston Villa»ga o‘tishi haqidagi xabar tasdiqlanmadi. Insayder Fabritsio Romanoning yozishicha, klublar o‘rtasida ushbu 29 yoshli futbolchi transferi borasida hech qanday muzokaralar o‘tkazilmagan. Maguayr «MYu» safida 2019 yil yozidan buyon to‘p surib kelmoqda. Uning klub bilan shartnomasi 2025 yil yoziga qadar tuzilgan. Transfermarkt Maguayrning transfer qiymatini 30 million yevroga baholaydi.

«Marsel» Malinovskiy bilan shartnoma imzolaydi

«Atalanta» bosh murabbiyi Jan Pero Gasperini Ruslan Malinovskiy «Marsel»ga o‘tishga yaqin ekanini tasdiqladi. «Futbolchi va «Marsel» o‘rtasida muzokaralar jarayoni bo‘lib o‘tmoqda, men kelishuv qachon imzolanishidan xabardor emasman. U jamoa uchun muhim futbolchi edi, jamoada ko‘p o‘yinlar o‘tkazdi, ammo uning o‘rnini endi Ademola Lukman egalladi. Agar Malinovskiy klubni tark etsa, biz boshqa futbolchi olishni rejalashtirmayapmiz», — deya Gasperinining so‘zlarini keltirgan Football Italia.

Ruslan Malinovskiy «Atalanta»ga 2019 yilda qo‘shilgandi. U o‘tgan vaqt ichida «Atalanta» safida barcha turnirlar doirasida 41 uchrashuvda maydonga tushib, 10 gol urgan va 7 golga uzatma bergan. Transfermarkt uni 18 million yevroga baholagan.

Firmino «Liverpul»dan ketishi mumkin

Sky Sport Deutschland xabariga ko‘ra, «Liverpul» hujumchisi Roberto Firmino faoliyatini Saudiya Arabistoni chempionatida davom ettirishi mumkin. Manba xabariga ko‘ra, braziliyalik futbolchida Osiyoning bir qancha klublaridan takliflar bor. Ular qatorida yaqinda Krishtianu Ronaldu bilan shartnoma imzolagan «An-Nasr» nomi ham keltirilmoqda.

Firminoning «Liverpul» bilan amaldagi shartnomasi 2023 yil yoziga qadar tuzilgan. 31 yoshli braziliyalik joriy mavsumda inglizlar klubi safida barcha turnirlar doirasida 21 o‘yinda maydonga tushdi va to‘qqiz gol urib, to‘rt golli uzatmaga mualliflik qildi.

Azar «Real»dan ketishi mumkin

Footmercato ma’lumotiga ko‘ra, Saudiyaning «An-Nasr» klubi bosh murabbiyi Rudi Garsiya jamoaga «Real» hujumchisi Eden Azarni taklif etmoqchi.

Garsiya ehtimoliy transfer borasida Azar bilan gaplashib olgan. Qayd etish kerakki, Garsiya va Azar avvaldan o‘zaro tanish — belgiyalik futbolchi aynan shu murabbiy qo‘li ostida «Lill»da yulduzga aylangan va keyinroq «Chelsi»ga o‘tgan. Joriy mavsumda 31 yoshli vinger «Real» safida atigi olti o‘yinda ishtirok etdi, bu o‘yinlarda bir gol urib, bir golga uzatma berdi. Ispan klubining Azar bilan shartnomasi 2024 yil yoziga qadar mo‘ljallangan.

«An-Nasr» Roys transferi ustida ishlamoqda

Daily Mail ma’lumotiga ko‘ra, «An-Nasr» tarkibini «Borussiya» Dortmund klubi yarimhimoyachisi Marko Roys bilan to‘ldirishdan umid qilmoqda. So‘nggi 11 yil mobaynida dortmundliklar klubida o‘ynab kelayotgan 33 yoshli nemis futbolchisining amaldagi shartnomasi shu yil yozida yakunlanadi. 2022/23 yillar mavsumida u «asalarilar» jamoasi uchun barcha turnirlar doirasida 12 o‘yin o‘tkazib, uch gol urdi va to‘rt golga uzatma berdi. Transfermarkt uning transferini to‘qqiz million yevroga baholaydi.

«Torino» Shomurodovni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi

Italiya nashrlari yozishicha, A Seriyaning 16-turi doirasida kechgan «Torino» — «Verona» (1:1) uchrashuvidan keyin, turinliklar klubi «Roma»ning o‘zbekistonlik hujumchisi Eldor Shomurodov uchun kurashda favoritga aylangan. «Verona»ga qarshi o‘yinda qayd etilgan durang natija (bu o‘yinda oldingi chiziqdagi forvard rolini xorvatiyalik yarimhimoyachi Nikola Vlashich u qadar muvaffaqiyatli bajara olmadi) tufayli «Torino» rahbariyati yangi forvardsiz mavsumni muvaffaqiyatli yakunlay olmasligiga amin bo‘lgan.

«Torino» avval ham Shomurodovning xizmatlariga qiziqish bildirgandi, futbolchining o‘zi asosiy tarkibda o‘ynamayotgani tufayli «Roma»dan ketishni istamoqda, turinliklar klubi ham faollashishga qaror qilgan. Gap sotib olish huquqi bilan ijaraga olish haqida bormoqda, kelishuv doirasida serbiyalik yarimhimoyachi Sasha Lukich «Roma»ga berilishi mumkin.

Avvalroq 27 yoshli o‘zbekistonlikka Italiyaning «Fiorentina» va «Sampdoriya» klublari ham qiziqayotgani xabar qilingandi. Transfermarkt forvardning transferini yetti million yevroga baholagan.

Dzanolo «Roma»dan ketishi mumkin

La Gazzetta dello Sport ma’lumotiga ko‘ra, «Roma» yarimhimoyachisi Nikolo Dzanolo Yevropaning bir qancha top-klublari qiziqishlari doirasida turibdi. «Borussiya», «Atletiko» va «Milan» kabi klublar ushbu 23 yoshli futbolchini transfer qilishni istamoqda. Agar Nikolo «bo‘rilar» bilan yangi shartnoma bo‘yicha kelishuvga erisha olmasa, u mavsum yakunlariga ko‘ra klubini o‘zgartirishi mumkin. 2022/23 yilgi mavsumda Dzanolo rimliklar klubi safida 14 o‘yinda ikki gol urdi va uch golga uzatma berdi. Ushbu italiyalik futbolchining «Roma» bilan amaldagi shartnomasi 2024 yil iyuniga qadar tuzilgan.

Mourino Braziliya terma jamoasini boshqarishdan bosh tortdi

Sport.es ma’lumotiga ko‘ra, «Roma» bosh murabbiyi Joze Mourino Braziliya terma jamoasini boshqarishga rozilik bermagan.

59 yoshli mutaxassis rimliklar klubida qolib, bir necha sovrinlar qo‘lga kiritishni maqsad qilgan.

Braziliya termasi Tite ketgach, bosh murabbiysiz qolgan. 61 yoshli mutaxassis Qatardagi jahon chempionati chorakfinalida Xorvatiyadan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin (1:1, penaltilar seriyasida 2:4) lavozimini tark etishini ma’lum qilgandi. U jamoada 2016 yildan buyon ishlab kelayotgandi.

Shkrinyar va Vegorst «MYu» qiziqishlari doirasida

Media Foot ma’lumotiga ko‘ra, «Inter» himoyachisi Milan Shkrinyar «Manchester Yunayted» klubi qiziqishlari doirasiga tushgan. 1 yanvar kunidan 27 yoshli slovakiyalik Italiyada bo‘lmagan istalgan klub bilan muzokara boshlash huquqiga ega. «Inter» Shkrinyarga yangi shartnoma bo‘yicha yiliga olti million yevro (bonuslardan tashqari) to‘lashga tayyor. Klub bu taklifni boshqa oshirmoqchi emas va futbolchining javobini kutmoqda. Transfermarkt slovakiyalik futbolchining transferini 60 million yevroga baholagan.

Parallel ravishda «MYu» Turkiya chempionatida to‘p surayotgan niderlandiyalik forvard Vaut Vegorst bilan ham aloqa bog‘lagan. Foot Mercato nashriga ko‘ra, «Yunayted» ijara variantini ko‘rib chiqmoqda. Muammo shundaki, transfer huquqi «Byornli»ga tegishli bo‘lgan Vegorst hozirda ijarada o‘ynamoqda, jamoa chempionshipga tushib ketgach, u «Beshiktosh»ga ijaraga berilgandi.

«Beshiktosh» klubiga yaqin manba sanalmish turk jurnalisti Gyokhan Dinchning yozishicha, Istanbul klubi Manchester jamoasi bilan kelishuvga erisha olmasa, niderlandiyalik forvard ijara kelishuvini bekor qilish uchun talab etiladigan tovon pulini o‘z yonidan to‘lashga tayyor. 

«Beshiktosh» Vergorstni 10 million yevroga sotib olish sharti bilan «Bernli»dan ijaraga olgandi. Hujumchiga «MYu» qiziqa boshlagach, turk klubi Vaut bilan ijara kelishuvini bekor qilish uchun taxminan 10 million yevro tovon puli olishni istamoqda. «Yunayted» esa yarim yillik ijara haqi uchun buncha mablag‘ sarflamoqchi emas.

Top